Maktabda ijodiy uchrashuv
MAKTABDA IJODIY UChRAShUV
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan 33 nomdagi 400 dona eng sari kitob hamda “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallarining yangi sonlari, “Ijod nashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan 100 dona kitob Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi 40-maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Kitob ulashish marosimi ijodiy uchrashuvga ulandi. Unda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, adib Abusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i, shoir Toshpo‘lat Tugalov, “Ijod yo‘li” gazetasi muharriri, shoir Mahmarizo Abdurahmonov ishtirok etdi. Uchrashuvni shoir Toshpo‘lat Tugalov o‘zining samimiy so‘zlari bilan boshlab berdi va o‘z she’rlaridan o‘qib, o‘quvchilar olqishini oldi. Tadbir davomida taniqli adib Abusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, bu olis purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan Nakurt qishlog‘i manzaralari, qishloqda yashayotgan samimiy insonlar, go‘zal tabiat va tog‘ so‘qmog‘ining oxirida joylashgan maktab haqida o‘z taassurotlarini bildirdi.
– Nakurt qishlog‘i juda ko‘p olimlar, ijodkorlarga beshik bo‘lgani bilan ham yurtimizga ma’lumu mashhurdir. Birgina qalami o‘tkir shoirimiz, mahoratli jurnalist akamiz Azim Suyun misolida aytadigan bo‘lsak, u kishi butun umr Nakurtni madh etib, bu yerdagi tog‘lar kabi salobat bilan yashab o‘tdi. Azim aka tufayli bu yerda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov singari suyukli shoir va yozuvchilar ishtirokida ko‘p ijodiy kechalar, adabiy suhbatlar o‘tkazilgan. Bu tadbirlarning ayrimlarida biz ham qatnashganmiz. Bugun Azim aka oramizda bo‘lmasa-da, bu adabiy davralar shoirning do‘stlari, shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda.
Uchrashuvda bugungi adabiy jarayonlar, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, jumladan, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida gapirildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ijodkorlarga yaratib berayotgan imkoniyatlar tilga olindi. Maktabning 2-sinf o‘quvchisi Madina Oltinbekova, 6-sinf o‘quvchisi Shohimardon Muradimov, 7-sinf o‘quvchisi Muxlisa Xolmo‘minova, 10-sinf o‘quvchisi Sevinch Qarshiboyeva sahnaga chiqib, yod olgan va o‘zlari yozgan she’rlardan aytib berdi.
Uchrashuv chinakamiga she’riyat anjumaniga aylandi. She’r aytgan o‘quvchilarga Abusaid Ko‘chimov qo‘lxat yozib, yaqinda nashrdan chiqqan yangi kitoblaridan sovg‘a qildi.
Tadbir so‘nggida “Ijod yo‘li” gazetasi muharriri, shoir Mahmarizo Abdurahmonov o‘quvchilarga yangi faoliyat boshlagan gazeta haqida ma’lumot berib, maktabda ijod qilayotgan o‘quvchilarni Samarqanda faoliyat yuritayotgan adabiy to‘garakka taklif qildi. Shundan so‘ng o‘quvchilar ustoz ijodkorlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Ahmad To‘ra,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati mutaxasisi
Maktab direktorining o‘ quv ishlari bo‘yicha o‘ rinbosari