MAKTABDA KICHIK OLIMPIADA
Kuni kecha maktabimizda direktorimiz Fayzullo Zikirilloyev tashabbusi bilan boshlangʻich sinf oʻquvchilari oʻrtasida matematika, ona tili va oʻqish savodxonligi, tabiiy fanlardan kichik olimpiada boʻlib oʻtdi.
Olimpiadada 1-4-sinflarning eng iqtidorli oʻquvchilaridan 55 nafari ishtirok etdi.
Olimpiada materiallari boshlangʻich sinflar boʻyicha uslubiy birlashma rahbari Shahnoza Umarova tomonidan taqdim etilib, qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlandi. Oʻquvchilar matematikadan - yozma ish, ona tili, oʻqish savodxonligidan - diktant, tabiiy fanlardan - savollarga javob yozdilar.
Olimpiada maxsus tayyorlangan xonalarda shaffoflik bilan tashkil etildi.
Shunisi quvonarliki, ishtirok etgan barcha oʻquvchilar yuqori natjalarni qayd etdi. Ayniqsa, Shabnam Jamolova, Asqar Rashidov, Eʼzozbek Ravshanov, Sabina Feruzova, Charos Akobirova, Marjona Abdurayimova, Afzalbek Jalolov, Shahrinoz Istamova, Vazira Rajabova, Mehrimoh Davlatova, Dilnura Olimjonovalar toʻplanishi kerak boʻlgan 100 baldan 100 balni yigʻib, mutloq gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar.
Kichik olimpiada yakunida maktab direktori Fayzullo Zikirilloyev soʻzga chiqib gʻoliblarni tabrikladi, esdalik sovgʻalari va badiiy kitoblar toʻplamlarini topshirdi.
Dilfuza XALILOVA,
Buxoro viloyati Romitan tumani 6-umumtaʼlim maktabi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi.