Maktabimizni yashil maskanga aylantiramiz!
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 210-umumta’lim maktabida “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida “Maktabimizni yashil maskanga aylantiramiz!” aksiyasi o‘tkazildi.
– Ushbu tadbir yurtimizda e’lon qilingan umummilliy loyiha asosida daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” doirasida amalga oshirildi, – deydi 210-maktab direktori Shoira Pattohova. – Shuningdek, ta’lim muassasasida “O‘zbekiston – yashil makon” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi. Ushbu xayrli ishlar xalqimizga xos azaliy qadriyat bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar ongi va qalbiga bunyodkorlik fazilatlarini singdirishga xizmat qiladi. Maktabda “Mening birinchi niholim” nomi bilan ekilgan yuzdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlariga ramziy ma’noda o‘quvchilarning ism-shariflari yozib qo‘yiladi.
Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, aksiya doirasida “Mening daraxtim” mobil ilova dasturi ishlab chiqilib, 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Obod maktab” mobil ilova dasturini yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.
Yashil maydonlarning ahamiyati inson salomatligi uchun juda muhim ekanini inobatga olgan holda 210-maktab jamoasi barcha o‘quvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu aksiyada faol ishtirok etishga chorlaydi.