Maktablarda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilsa...
Mehnatga yarasha rag‘bat insonni yanada yuqori marralar sari undaydi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya jarayonida bu juda muhim. Yangi o‘quv yili oldidan o‘quvchilar va o‘qituvchilarni rag‘batlantirish borasidagi ba’zi takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Maktablarda hafta, oy, yil bilimdoni tanlovlarini o‘quvchilar va sinflar miqyosida o‘tkazish kerak. Eng bilimdon o‘quvchi qiz va yigitlarning 1-o‘rindan 5-o‘ringacha, eng bilimdon sinflarning esa 1-o‘rindan 3-o‘ringacha bo‘lganlari tanlab olinib, taqdirlanishi lozim.
Bunda o‘quvchilarning haftalik davomati, xulqi, darslarni a’lo baholarga o‘zlashtirgani, bir oyda kamida 2 ta badiiy kitob o‘qigani hisobga olinadi. Hafta(oy, yil)ning bilimdon sinfi ham xuddi shunday aniqlanadi. Faqat bilimdon o‘quvchi bilan bilimdon sinf o‘rtasidagi farq o‘qilgan badiiy kitoblar sonida bo‘ladi. Agar sinfda 30 ta bola o‘qisa, shunda bir oyda sinf bo‘yicha kamida 10 ta badiiy kitob oqish kerak bo‘ladi. Badiiy kitob o‘qishda sinf jamoasi bir kitobni bir sinfdan hamma o‘qib chiqqan bo‘lsa ham hisobga olinadi. Bularni aniqlash uchun maktabdagi direktor o‘rinbosarlari va ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi, maktab psixologi, o‘qituvchilar hamda sinf rahbarlari jalb etiladi.
Shu o‘rinda hamma ishning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘lgani kabi ta’lim olayotgan o‘quvchilar yoki sinflarning ham eng qoloqlari bo‘ladi. Shu sababli hafta(oy,yil)ning eng davomati past, xulqi, bilim olishi qoniqarli o‘quvchilar yoki sinflar reytingi tuzilib, ular bilan ko‘proq mashg‘ulotlar olib borish yo‘lga qo‘yilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
O‘quvchilar qatori ustozlar orasida ham maktab miqyosida “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilishi kerak. Tanlovning shartlari quydagicha bo‘ladi:
— yil davomida o‘qituvchi dars bergan sinf o‘quvchilari uning fani bo‘yicha ijobiy baholansa, darslarida faol ishtirok etsa;
— o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnomada 86 foizdan ko‘p ijobiy baho olsa, mutaxassisligi bo‘yicha maktab komissiyasi taqdim qiladigan test sinovidan kamida 80 ball to‘plasa;
— o‘tgan to‘garak mashg‘ulotlari ijobiy baho bersa, tuman, shahar, tanlovlarida o‘zi yoki o‘quvchisi 65 balldan yuqori ball olsa;
— o‘qituvchi yil davomida sababsiz dars qoldirmagan bo‘lsa, maktabning yil o‘qituvchisiga aylanadi.
G‘olib o‘qituvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi hamda yil davomida maktabning yil ustozlari doskasi shakllantirilib, ularning rasmlari yangi o‘quv yili tugaguncha ilib qo‘yiladi. G‘olib chiqqan o‘qituvchilarga yangi o‘quv yili davomida qo‘shimcha ustama pullari to‘lanadi.
Hurmatli hamkasblar, ushbu tanlovlarni maktabingizda joriy etib ko‘ring. O‘ylaymanki, yomon natija bermaydi.
Ixtiyor TOJIYEV,
Dehqonobod tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi