Maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish qay darajada?
Maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish qay darajada?
Har bir iqtidor va qobiliyatni yuzaga chiqarish, o‘quvchining intilishlariga munosib yo‘l ko‘rsatishda maktabning ahamiyati benihoya katta. Ilk bor jajji qalbimga katta orzular, yuksak maqsadlar, intilishlar olib kirgan muqaddas maskan – maktabdir.
Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. O‘zbekistonda ta’limga e’tibor yuksak sur’atlar bilan o‘smoqda. Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar, avvalo, ta’limdan: bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Ammo mana shunday ta’lim maskanlarida xorijiy tillarni o‘qitishga qay darajada e’tibor qaratilmoqda? Maktabdagi kuzatuvlarim natijasida shunga amin bo‘ldimki, biz hali ham o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolganmiz, xorijiy tillarni o‘quvchilarga o‘qitishda kamchiliklarimiz bisyor. Misol uchun, rus va ingliz tili boshlang‘ich sinfdan boshlab to maktabni tugatguniga qadar o‘qitiladi, ammo aksariyat o‘quvchilar bu tillarni yaxshi o‘rganmasdan maktabni bitirib ketmoqda. Rus tilida birorta ham she’r yodlamagan o‘quvchilar borligini ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi. Bu tilda so‘zlashni kutmasangiz ham bo‘ladi. Chunki aksariyat chet tili fani o‘qituvchilari faqat o‘zbek tilida gapirib dars o‘tishadi. Mana muammoning ildizi nimaga borib taqaladi. O‘quvchining chet tillarida biror jumla gapira yoki yoza olmasligida ustozlarning ham aybi bor deb o‘ylayman. Bunda ota-onaning ham ko‘magi muhim, albatta.
Mohinur RO‘ZIYEVA,
tarix fani o‘qituvchisi,
yilning eng yaxshi yosh olimasi