Men ham ijodkor bo‘lmoqchiman
Men ham ijodkor bo‘lmoqchiman
Bo‘sh vaqt topdim deguncha, qo‘limga kitob olib, atoqli shoir, yozuvchilarning asarlarini mutolaa qilaman. O‘qish jarayonida menda ham tevarak-atrofda yuz berayotgan voqealarni badiiy ifodalash, obrazlar yaratish istagi paydo bo‘ldi. To‘rt qator she`r, kichik hikoya, qatra, etyudlar yoza boshladim. Maktabimizda faoliyat olib borayotgan “Iste`dod” to‘garagi rahbari Umida opa Egamberdiyevaga yozganlarimni ko‘rsatdim. Ustozim dastlabki mashqlarimni ko‘rib, tahrir qildi, tuzatishlar kiritdi. Voqealarni qanday tasvirlash, qahramonlarni gavdalantirish yo‘l-yo‘riqlarini mashg‘ulotlar davomida o‘rgana boshladim. Maktabda ijodkor o‘quvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular qatorida mening ham mashqlarim kompyuter jamlanmasida kitob holida “Hayrat”, “Orzular ostonasida” nomlari bilan yaratildi. Mo‘jaz kitobcham meni ijodkorlik sari yanada ruhlantirdi. Men yanada ko‘proq o‘qishim, tinmay mashq qilishim kerakligini tushundim.
Ijod maktablari haqida, u yerda o‘qiyotgan ijodkor yoshlar haqida eshitgandim. Ustozimiz rahbarligida Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi, Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktablariga safarlar uyshtirdik. Maktablardagi sharoitlar, o‘quvchilarning ijod borasida bilimdonligi, muzeylar bilan tanishish asnosida menda ham shu maktablarning birida o‘qish istagi paydo bo‘ldi. Ijod maktablariga 7-sinfdan qabul qilinar ekan. Tez orada yozgi ta‘tili boshlanadi. 6-sinfni tamomlayman, demak, menda maktabda o‘qish imkoniyati bor. Kelgusida ijod maktabida o’qimoqni, ijodkor bo‘lmoqni niyat qil dim.
Izzatbek ADHAMJONOV,
Buloqboshi tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi