Menga baxt tutgan diyor
Onam Oysara Temirova “Hurmat belgisi” ordeni sohibi, til va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgan. O‘qituvchilikning qanchalik mashaqqatli, savobli ish ekanligini onajonim timsolida ko‘rib o‘sdim. Onam va ustozlarimga nisbatan uyg‘ongan havas meni 1987-yili Rus tili va adabiyoti pedagogika institutiga yetakladi. Niyatlarim ijobat bo‘lib, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Omadimni qarangki, bu yerda ham vijdon amriga bo‘ysunib, halol ishlaydigan ustozlarga duch keldim. Imkoniyatdan foydalanib, ulardan chuqur bilim olishga harakat qildim.
1991-yili 4-kursga o‘tganimda Vatan mustaqilligi e’lon qilindi. Uning sharofati bilan sentabr oyidan to dekabr oyigacha cho‘ziladigan paxta yig‘im-terimidan ozod bo‘ldik. Bu biz talabalar uchun mustaqilligimizning birinchi tuhfasi edi.
Oliy dargohni tugallab ona yurtim Surxondaryoga qaytdim. Pedagogik faoliyatimni o‘zim o‘qigan Qiziriq tumanidagi 1-maktabda boshladim. Atrofimda ustozlarim, onajonim menga tirgak bo‘lishdi, chunki sinfxonaga kirib o‘quvchilar bilan yuzma-yuz kelgandagina, bu naqadar zahmatli va mas’uliyatli mavqe ekanligini his qildim. Hattoki, bu kasbni tanlab to‘g‘ri qildimmi degan hadik paydo bo‘ldi. Lekin orqaga yo‘l yo‘qligini, davlatim oldidagi burchimni bajarish kerak ekanligini his qildim. Vijdon amriga quloq tutib, o‘z kasbimga mas’uliyat bilan yondashishni birinchi o‘ringa qo‘yib ish boshladim. 1994-yildan Termiz tumanidagi 6-maktabda ishlay boshladim. Bu maskanda ham mahoratli ustozlardan ish o‘rgandim, tajriba orttirdim.
Fanimni o‘quvchilarga chuqur yetkazib berish uchun o‘z ustimda tinmay ishladim va ikki yil ichida avval birinchi toifali, keyin oliy toifali bo‘ldim. Bu esa maktab jamoasi orasida hurmatga sazovor bo‘lishimga, rahbarlarimizning menga nisbatan ishonchi oshishiga va dars soatlarim ko‘payib, maoshim ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Eng muhimi, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi. Bu natijalardan ilhomlanib, bilimimni mustahkamlashda davom etdim. 2020-yil kuzda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida “ZO‘R” (“KLASS”) loyihasida ishtirok etib, til bilish darajasining C-1 sertifikatiga ega bo‘ldim. Mustaqilligimizning yana bir inoyatini o‘g‘lim Sirojiddin Turdiyev taqdiriga bog‘layman. U bir necha marta yengil atletikaning yugurish turi bo‘yicha O‘zbekiston, o‘smirlar orasida O‘rta Osiyo chempioni bo‘lgani uchun Prezident qaroriga asosan OTMga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilindi. Hozir Termiz davlat universitetining jismoniy madaniyat yo‘nalishining 3-kurs talabasi.
Bu vatanda men baxtli bolalikni, jo‘shqin yoshlikni o‘tkazdim. Mustaqilligimiz davrida samarali mehnat qilib obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldim, shu yurtda baxtimni, oilamni topdim, turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda farzandlarimizni yurtga sodiq fuqaro etib tarbiyalashga harakat qilmoqdamiz. Endi ayting-chi, shuncha imkoniyat va sharoitni yaratib bergan vatanni sevmay bo‘ladimi? Uning olamga mashhur qadimiy, salobatli obidalari, jahonga tanilgan buyuk ajdodlarim bilan g‘ururlansam, Yangi O‘zbekistondagi bunyodkorliklar, yoshlarimizning hamma sohada erishayotgan yutuqlari, ajdodlarimizga munosib avlod ekanligi menda iftixor hissini uyg‘otadi. VATANIM — menga baxt tutgan go‘sha!
Mohigul DO‘STMURODOVA,
Termiz tumanidagi
12-IDUMning rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi