Mening Prezidentim” tanlovi g‘oliblari
“Mening Prezidentim” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
G‘olib o‘quvchilar uchun to‘lov shartnomasi mablag‘i to‘lab beriladi!
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovi ”ning respublika bosqichi nihoyasiga yetdi.
Bugun tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov , O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ishtirok etdi.
Avval xabar berganimizdek, 20-noyabr – 4-dekabr kunlari tanlovning 1-bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Unda respublikamizdagi 9 872 ta maktablardan jami 591 ming 927 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi 6-14-dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi va unda 9 894 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlovning hududiy bosqichi 15-20-dekabr kunlari yuqori saviyada tashkil etildi va unda 207 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.
O‘quvchilar tanlov jarayonida “Yangi O‘zbekiston mening nigohimda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar”, “Mening Prezidentim” mavzularida ijodiy salohiyatlarini namoyon etdilar.
“Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichi esa 21-25 dekabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etildi.
Tanlov dasturiga asosan, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan 45 nafar o‘quvchi va 14 nafar kuzatuvchilar tantanali ravishda kutib olindi va “Chinobod Plaza” sanatoriysiga joylashtirildi. Sanatoriyda ishtirokchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi va xavfsizlik choralari ko‘rildi.
22-dekabr kuni tanlov doirasida o‘quvchilarning O‘zbekiston Parlamenti a’zolari va ziyolilar bilan uchrashuvlari, shuningdek, zamonaviy bunyodkorlik maskanlari hamda poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga tashriflari tashkil qilindi.
23-dekabr kuni tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi binosida “Mening Prezidentim” mavzusida ijodiy ish, ya’ni insho yozishdi. Ishtirokchilar orasida o‘zbek tilidan tashqari rus, qoraqalpoq va qozoq tillarida ham insholar yozgan, ya’ni boshqa millatga mansub o‘quvchilari ham uchratdik. Mazkur tanlov natijalarini nufuzli xakamlar xay’ati a’zolari baholadilar.
Baholash natijalariga ko‘ra, tanlovning Respublika bosqichini 1-, 2-, 3-o‘rin hamda 12 nafar nominatsiya sohiblari aniqlandi.
Bugungi taqdirlash marosimida respublika bosqichining barcha (45 nafar) ishtirokchilariga noutbuklar, 12 nafar nominatsiya sohiblariga esa mobil telefonlar topshirildi.
Tanlovning 1-, 2-, 3-o‘rin o‘rin g‘oliblariga 2022-2023 yoki 2023-2024 o‘quv yilida respublikadagi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda, 1-o‘rin sohibiga 4 yillik, 2-o‘rin sohibiga 3 yillik, 3-o‘rin sohibiga 2 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘larini to‘lab berilishi kafolatlangan sertifikatlar topshirildi. Grant asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda 1-o‘rin sohibiga 4 yillik, 2-o‘rin sohibiga 3 yillik, 3-o‘rin sohibiga 2 yillik o‘rtacha to‘lov - shartnoma mablag‘lari miqdorida mukofotlar beriladi.
E’tiborlisi tanlov g‘oliblarining o‘qituvchilari ham munosib rag ‘batlantirildi. Xususan, 1-o‘rin g‘olibining o‘qituvchisiga 30 mln, 2-o‘rin g‘olibining o‘qituvchisiga 20 mln va 3-o‘rin g‘oliblarining o‘qituvchilariga 10 mln so‘mdan pul mukofotlari hamda maktab direktorlariga noutbuklar taqdim etildi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri