“Mening qizlarim o‘qishi kerak!”
“Mening qizlarim o‘qishi kerak!”
deya maqsad qilgan otaning 7 qizi o‘qituvchi bo‘ldi
Yakkabog‘ tumanidagi G‘urjob qishlog‘ida Eshmurodovlar oilasi bor. Qishloqda bu oilani hurmat qilmaydigan, unga havas qilmaydigan kishi yo‘q.
Oila boshlig‘i Mahmasaid ota jamoa xo‘jaligida hisobchi bo‘lib ishlab, halolligi, ilmga chanqoqligi bilan barchaning hurmatiga sazovor inson bo‘lgan. Mahmasaid ota va Soraxol ona sakkiz qiz va ikki o‘g‘il ko‘rishgan.
— Ota-onamiz oddiy va sodda insonlar edi, — deya xotirlaydi Yakkabog‘ tumanidagi 37-maktab o‘qituvchisi Muhabbat Eshmurodova. — Ammo otam hammamizni oliy ma’lumotli qilishni, qizlari o‘qituvchi bo‘lishini orzu qilgan. Buning uchun bizning ta’lim olishimiz bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanardi. Kitoblar o‘qittirar, o‘zi dars qildirar, maktabdagi baholarimizni nazorat qilardi. Otamning orzusi bizning ham orzumizga aylandi. Oilamizdagi har bir qiz muallim bo‘lish ishtiyoqida katta bo‘ldi. Birin-ketin maktabni bitirib, hammamiz o‘qituvchilik kasbini egallash uchun oliy o‘quv yurtlarida tahsil oldik. 7 nafar opa-singil o‘qituvchi bo‘ldik. Oramizda faqat eng katta Guloy ismli opamiz oliy ma’lumot ololmay qoldi. Oilaning kattasi edi-da, uning mas’uliyati ko‘p bo‘lgan. Ammo opam hammamizga bosh. Maslahatgo‘y, duogo‘yimiz.
Pardaxol Eshmurodova o‘qituvchi opa-singillar ichida kattasi. Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlab, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idagi o‘zi tahsil olgan 37-maktabda faoliyat boshladi. Oliy toifali o‘qituvchi Pardaxol opa 32 yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ta’lim berdi.
Pardaxol opadan keyingi farzand Muhabbat Eshmurodova ham oliy toifali o‘qituvchi. Samarqand davlat pedagogika institutining Boshlang‘ich ta’lim va metodikasi fakultetini tamomlab, 35 yil boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritdi. Muhabbat opa 1993-yili “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni va 1995-yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Maxfirat Eshmurodova esa bugungi kunda Yashnobod tumanidagi 255-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ta’lim beradi. 40 yillik ish faoliyati davomida Maxfirat opa o‘z ishiga mas’uliyatli, bilimdon, g‘ayratli pedagog sifatida ko‘plarning nazariga tushdi. Xuddi shu maktabda Maxfirat opaning singlisi Dildor Eshmurodova ham matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelmoqda.
— Hayotda nimagaki erishayotgan bo‘lsak, har biri uchun otamga rahmatlar aytamiz, — deydi Maxfirat opa. — Otam juda qattiqqo‘l bo‘lishiga qaramay, mehribon, uzoqni ko‘ra oladigan, tushungan, o‘qimishli, mehnatkash inson edi. Bizni ham mehnatdan qochmaydigan qilib tarbiyaladi. “Qizlar kelajakda uy-ro‘zg‘or ishlari, farzand tarbiyasi uchun mas’ul. Shu bilan birga har birining jamiyatda o‘z o‘rni, biror kasbi bo‘lishi kerak. Ana shunda hayotga boshqacha ko‘z bilan qaraydi. O‘ziga ishonchi ortadi. Shuning uchun mening qizlarim o‘qiydi”, deb ko‘p gapirardi.
Xolbeka Eshmurodova esa o‘z qishlog‘idagi 37-maktabda fizika fanidan 31 yildan buyon saboq beradi.
— Ota-onamizning bizga ishonchi yanada yaxshi o‘qishga undardi, — deydi bolalik xotiralarini eslarkan Xolbeka opa. — Imtihonlardan yiqilish, past baho olish biz uchun uyat edi. Otamdan qo‘rqqanimizdan ham har bir sinovga zo‘r tayyorgarlik ko‘rardik. Universitetga yuqori ball bilan kirishimga sabab shu edi. Ikki qizim ham onasi va xolalari izidan borib o‘qituvchilik kasbini tanlashdi, hozir oliygohda tahsil olishyapti. Otam, hatto, oilamiz
kelinlarini ham oliy ma’lumotli qilish uchun harakat
qilardi. Kelinimiz ham pedagogika yo‘nalishida sirtdan o‘qib, o‘qituvchi bo‘ldi.
37-IDUMda Xolbeka opaning singillari Marziya va Laylo Eshmurodovalar ham ko‘p yillik tajribali ustoz sanalishadi. Xususan, Marziya Eshmurodova matematika fanidan nafaqat qishloqda, balki qo‘shni tumanlarda dong‘i ketgan o‘qituvchi sanaladi. O‘quvchilari oliy ta’lim muassasasiga kirishda peshqadam. Jumladan, 2020-2021-o‘quv yilida Marziya opa oliy ta’limga kirishga tayyorlagan 35 o‘quvchisidan 34 nafari talaba bo‘ldi. Hatto, o‘quvchilari orasida xalqaro matematika olimpiadasi g‘oliblari ham bor. 2016-yili 7-sinf o‘quvchisi Shohbek Mahmudov Tailand shahrida o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida O‘zbekiston jamoasi 2-o‘rinni egallashiga hissa qo‘shdi. Aynan, Marziya Eshmurodovaning tashabbusi bilan Yakkabog‘ tumanidagi 37-maktab aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabga aylantirildi. Bugungi kunda Marziya Eshmurodova maktabdagi vazifasidan nafaqaga chiqqan bo‘lishiga qaramay, xususiy o‘quv markazi ochib, o‘g‘il-qizlarga repetitorlik kurslari orqali ta’lim bermoqda. Bu ishda o‘g‘li Adham Nosirov ko‘makchilik qilyapti. Adham ham matematika va fizika o‘qituvchisi. U talabaligidan buyon o‘z fanidan o‘quvchilarga qo‘shimcha darslar berib, ko‘plab abituriyentlarning talaba bo‘lishiga yordam bergan. Bu yil O‘zbekiston Milliy universitetini bitirib kelgan yosh mutaxassis bo‘lishiga qaramay, bilimdonligi bilan barchaning e’tiboriga tushgan ustozga aylandi.
Bugun 7 opa-singil Eshmurodovalar Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatidagi minglab yoshlarning sifatli bilim olishlariga hissa qo‘shib, hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlariga yordam berib kelishyapti. Ular tarbiyalagan shogirdlar yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishmoqda.Eshmurodovalarning farzandlari orasida ham ko‘plab o‘qituvchi-muallimlar yetishib chiqdi va kamolga yetishyapti.
7 opa-singil o‘qituvchilarning birortasi ham o‘rtamiyona o‘qituvchi emas. Oliy va 1-toifali, tajribali, maktab va mahalla, ota-onalar tomonidan ardoqlab, e’tirof etib kelinayotgan ustozlar. Darhaqiqat, Mahmasaid otaning orzusi mukammal darajada ushalganidir bu!
“Mening qizlarim o‘qishi kerak” degan oliy hayotiy maqsad marhum otaga minglab rahmatlar keltirmoqda. Xulosa shulki, har bir inson o‘z hayotining oliy maqsadini farzandlar ta’limiga qaratishi zarur.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
O‘quvchi ko‘nglidan
joy olish – baxt
Nasiba Ochilova o‘z kasbi ortidan e’zoz va hurmat topgan ustozlar sirasiga kiradi.
Undan saboq olgan o‘quvchilar muallimning har bir o‘gitini yodda saqlab qolishadi.
Bilimga chanqoq, shijoati baland ustoz bolaligidan ona tili va adabiyot faniga juda qiziqardi, o‘qituvchi bo‘lish orzusi edi. Qarabsizki, orzu-istaklari ijobat bo‘lib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kiradi. 1983-yili oliygohni muvaffaqiyatli tamomlaydi. So‘ng o‘zi tаhsil olgan Kitob tumanidagi 40-maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bera boshladi.
Nasiba opa o‘z ustida tinimsiz ishlaydi, har bir darsga yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llab, alohida tayyorgarlik bilan maktabga keladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak u har bir o‘quvchining qalbidan alohida joy egallaydi.
Maktabga qachonlardir yoshgina mutaxassis bo‘lib ishga kelgan muallim bugun o‘z hurmati, o‘rniga ega mahoratli pedagog bo‘lib shakllandi. Nafaqat o‘quvchilarning, balki o‘nlab o‘qituvchilarning mehr qo‘ygan ustozi. Hozirgi kunda Nasiba opaning shogirdlari u bilan birga yelkama-yelka faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yosh pedagoglar Yulduz Qurbonova, Orzigul Arslonova, Mohichehra Muhammadiyeva, Gullola Umrqulova, Marjona Muhammadiyeva ustozdan doimo metodik yordam va maslahatlar olib, bilim va mahoratlarini oshirib kelishadi.
Farzandi Dildoraxon Muhammadiyeva ham shu maktabda ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga dars berib kelmoqda.
— Onam bilan faxrlanaman, — deydi Dildoraxon. — Unga havas qilib o‘qituvchi bo‘ldim. Bugun ham havasim, onamdek bo‘lishga intilishim zarracha bo‘lsin ozaygan emas. U kabi o‘quvchilarning sevimli muallimiga aylanish, qadr topish eng kata orzum.
So‘zim so‘ngida Erkin Vohidovning ustozlar haqida bitilgan quyidagi misralari yodimga tushdi:
Sohibqiron yotar ustoz poyida,
Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.
Ustoz buyuk degan buyuk qoida,
Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat.
Aflotunga shogird edi Arastu,
Ul shogirdga shogird bo‘ldi Iskandar.
Bu oltin silsila davomi mangu,
O‘zi ustoz bo‘lar ustoz ko‘rganlar.
Sohiba OCHILOVA,
Kitob tumanidagi
40-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi
Eng katta ustozim —
ota-onam!
El orasida “o‘qituvchi farzandi” degan ibora bor. Bu ikki so‘z ma’nosida qanchalar mas’uliyat, iftixor va orzu-istak mujassam ekanini yaxshi his etaman.
Boisi, otam Ma’murxo‘ja Tojiyev Uchko‘prik tu manidagi bir nechta maktabda biologiya, kimyo fanidan o‘quvchilarga bilim va tarbiya berib keldi. Ko‘p yillar 3-maktabda direktor bo‘lib ishladi. Onam Mavludaxon Abdullayeva ham Farg‘ona davlat universitetining biologiya fakultetini tugatib, maktabda o‘qituvchi, so‘ng tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida rahbarlik qilib, o‘quvchilarning iqtidori va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga katta yordam bergan.
Bilamanki, onamga oson bo‘lmagan. O‘sha paytlari qog‘ozbozlik, o‘qituvchi hamma uchun “beminnat yordamchi” bo‘lgan yillarda ayol boshi bilan rahbarlik qilib, ham oilani, ham ishni eplashni fidoyilik degan bo‘lardim. U kishining mehnatlari bir necha bor e’tirof etilgan. Ota-onam Uchko‘prikda xalq ta’limini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan insonlar deb bemalol ayta olaman. Nafaqat ota-
onam, balki amakimlar, ammamlar, xolalarim, tog‘alarim ham o‘qituvchilardir. “Sizlarday bo‘lgim keladi, bobojon, buvijon” deya qizim Nilufar ham bu yil tumandagi 29-maktabni oltin medalga tamomladi. Va ikkilanmay hujjatlarini o‘qituvchilik yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlariga topshirdi. U Qo‘qon davlat pedagogika institutining biologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.
Hozirda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Tumanimizda yangi tashkil etilgan 56-maktabda 3-sinflarga dars beryapman. O‘qituvchilikning halol nonini yeb ulg‘aydim, hozirgi kunda ham farzandlarimni shu kasb orqasidan katta qilyapman, kelajakda qizim ham ajdodlariga munosib avlod bo‘lishiga ishonaman. Aytmoqchimanki, o‘qituvchilik eng sharafli kasb. Bu kasbni tanlaganlar doimo elning ardog‘ida.
Nargizaxon AHMEDOVA,
Uchko‘prik tumanidagi
56-maktab o‘qituvchisi
Chodra hovli
haqida bilasizmi?
Qadimiy va hamisha navqiron deb e’tirof etiluvchi ochiq osmon ostidagi muzey shahar — Xiva obidalarini ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydi. Shunday baland minora-yu madrasalarni qurgan ajdodlarimizning bilim-u tafakkuriga tasannolar aytasiz.
Qadimiy obidalar faqat Ichanqal’adagina emas, balki shahar atrofidagi qishloqlarda ham borligi haqida eshitganmisiz?
Shulardan biri xalq tilida “Sayotxonning ko‘shki” deb ataluvchi Chodra hovli arxitektura yodgorligidir.
Chodra hovli arxitektura yodgorligi Xiva tumanidagi Sayot qishlog‘ida joylashgan. XIX asrga tegishli bo‘lgan Chodra hovli Xiva shahridan 11 kilometr sharqda, Yangiariq tumaniga boraverishda yo‘l bo‘yida. Bu betakror ko‘rinishdagi bino 1871-yili Muhammad Rahimxon Feruz tomonidan yozgi dam olish qarorgohi sifatida qurilgan. Binoning ost qismida ikkita omborxona va otxona bor. Birinchi va ikkinchi qavatlarda yashash xonalari joylashgan. Bunday imoratlar qurilishida asosan paxsa loydan, ayrim hollarda esa yirik xom g‘ishtdan foydalanganlar. To‘rt qavatli Chodra hovli inshooti ham xuddi shu yo‘sinda qurilgan.
Binoning rejadagi o‘lchamlari 16x8 metr, umumiy balandligi 30 metrgacha bo‘lgan. Birinchi qavatdagi paxsaning eni 80 sm, to‘rtinchi qavatdagi sinch devor qalinligi 40 sm. Binoning birinchi qavati omborxona va otxona, 2-3-qavatlari dam olishga mo‘ljallangan xonalardan iborat. Loyli gruntlar quruq va issiq, iqlimli joylarda qurilish ashyosi sifatida qo‘llanilgan. Ajdodlarimiz o‘rta qavatli bino qurilishida zilzilabardoshlilikni ta’minlovchi antiseysmik chora-tadbirlar ishlab chiqqan. Bunda qavat balandligini bino balandligi oshgan sari kamaytirib borishga e’tibor berganlar. Shuning uchun, bino minora shaklida qurilgan. Bino to‘g‘ri burchakli tarzda to‘rt qavatli. Birinchi qavati atrofi berk ikki xonali. Paxsa zinapoya bilan yuqoriga chiqiladi. Ikkinchi qavatda g‘arbga tomonga qaratib ayvon qurilgan. Uchinchi qavatda yotoqxona, janub va g‘arbga qaratib qurilgan ayvon bor. Shimol tomonidan yaxlit devor o‘ralgan. Yuqoriga ko‘tarilish hisobiga qavatlar maydoni va devori qalinligi kamayib borgan. Xonalar ich qismi ganch bilan suvalgan. Binoning yagona bezagi o‘ymakor xarilar hamda ayvon panjaralaridir.
Chodra hovli arxitektura yodgorligini tomosha qilish uchun umumta’lim maktabi o‘quvchilari, xorijiy va mahalliy sayyohlar tez-tez tashrif buyurishadi. Bu inshoot qad rostlaganiga 100 yildan oshgan bo‘lsa-da, hamon salobati va fayz-u tarovati bilan kishilarni o‘ziga maftun qilaveradi.
Ma’mura ABDULLAYEVA,
Xiva tumanidagi
39-maktabning tarix fani o‘qituvchisi