Mening to‘garak faoliyatim
Mening to‘garak faoliyatim
Har bir shaxs o‘zining kasb-kori, jamiyatdagi rolidan kelib chiqqan holda misqoldek bo‘lsa-da Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishi kerak, deb hisoblayman. Shundan kelib chiqib, men ham o‘z kasbiy faoliyatim doirasida yosh avlodning chuqurroq bilimga ega bo‘lishi yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni safarbar etishga harakat qilaman.
Bugungi yosh avlodga bilimlarni mukammal, aniq va hayotga bog‘lagan holda yetkazish har bir pedagog xodimning vazifasidir. O‘quvchilar olgan nazariy bilimlarini hayotda qo‘llay olsalar, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘la olsalar, shu fanga nisbatan qiziqishlari ham boshqacha bo‘ladi. Bunday malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari uchun faqat dars soatlari yetarli bo‘lmasdan, to‘garak mashg‘ulotlari ayni muddao bo‘ladi. Afsuski, bu borada panjara ortidan qaraydigan, to‘garak darslarini to‘g‘ri tashkil etmaydigan, nomigagina quruq hujjatini tayyorlab qo‘yadigan hamkasblarimiz ham uchrab turadi. Bunday hamkasblarimizga qarata, erinmaylik, yosh avlodni ilmli qilish uchun qo‘ldan kelgan harakatni qilaylik, zero, kelajak shu yoshlarning qo‘lidadir, agar ularni bilimli insonlar qilib yetkazsak, bizning orzumizdagi jamiyatni ular qurishadi, binobarin, farzandlarimiz bizdan-da baxtli yashashga loyiqdirlar, degim keladi…
Men o ‘ z to ‘ garak faoliyatimni “Mohir qo ‘ lli geograflar” deb nomladim. Chunki to‘garak mashg‘ulotlarim davomida o‘quvchilar darsliklarda judayam kam vaqt ajratilgan turli geografik maalalarni yechish, xaritalar chizish bilan birga, shu fanga taalluqli bo‘lgan turli ko‘rgazmali qurollar – xalq amaliy san’atlari (patdo’zlik, kashtachilik, bo‘yrachilik) asosida har xil hududlarning xaritalarini tayyorlash, maketlar tayyorlashni o‘rganishadi. Bunday amaliy ishlarni tashkillashtirish orqali o‘quvchilarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash barobarida, ularning taffakkurini yuksaltirishga, ijodkorlik qobiliyatini oshirilishiga, ular ongida mehnatsevarlik ko‘nikmasini singdirilishiga, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlanishiga va aynan o‘sha geografik jarayon yoki obyekt maketini yasash orqali shu bo‘yicha to’liq tasavvurga ega bo‘lishida katta yordam beradi. O‘quvchilar amaliy ishlar orqali kelajakda egallamoqchi bo‘lgan kasblarida geografiya fanining ahamiyati va o‘rnini ham tushunib yetishadi.
To ‘ garak ish rejasidagi mavzular fan darsliklaridagi mavzulardan tashqaridagi ma’lumotlarni qamrab olgan.
Sojida AMANOVA,
G‘ijduvon tumanidagi 3-maktabning
geografiya fani o‘qituvchisi