Milliy maktabimda milliy taomlar
“ M illiy maktabimda milliy taomlar”
Yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlash hamda o‘quvchilarda do‘stlik, axillik va birdamlik hissini uyg‘otish maqsadida Olmazor tumani dagi 243-maktabning 10,11 - sinflari o‘rtasida “Miliy maktabimda milliy taomlar” nomli osh musobaqasi o‘tkazildi.
Qizlar uylarida tayyorlab kelgan milliy taomlarimiz ‒ somsa, chuchvara va turli shirinliklar bilan dasturxon tuzashdi. Yigitlar esa o‘zlari uchun osilgan 14 ta qozonning birini egallab, mahoratlarini ishga solishdi.
Har bir qozonga 2,3 kilodan damlangan osh 14 xil ta’m va 14 xil ko‘rinish bilan dasturxonga tortildi. Tadbirda tuman hokimligi vakillari ishtirok etib, “Eng quvnoq jamoa”, “Eng faol jamoa” “Eng uyushqoq jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha barcha jamoaning mehnatlarini taqdirlashdi. Eng yaxshi tayyorlangan osh mualliflariga uch o‘rin asosida esdalik sovg‘alar taqdim etildi. Bosh sovrin egalari televizorni qo‘lga kiritishdi.
Maktablarda bunday tadbirlarning o‘tkazilishi o‘quvchilarda bir-biriga ishonch, jamoaviy va ijodiy ruhda ishlash ko‘nikmasini hosil qiladi. Shuningdek, oilaviy hayotga tarbiyalashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Sevinch ERKINOVA,
O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi