Milliy o‘quv dasturi: tahlillar va takliflar yoxud yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildikmi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” qabul qilindi. Bu mamlakatimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladi.
Respublikamiz uzluksiz ta’lim tizimida umumiy o‘rta ta’lim asosiy tayanch bosqich bo‘lib, bu bosqichda o‘zbek tilidan o‘quvchilarga kundalik ijtimoiy hayotda davlat tilida og‘zaki va yozma muloqot olib bora olishlariga qaratilgan tayanch bilimlar beriladi va o‘qitishning kommunikativ-nutqiy tamoyili asosida o‘quvchilarda o‘zbek tili bo‘yicha egallangan bilim va ko‘nikmalarni muloqot faoliyati jarayonida qo‘llash malakasi shakllantiriladi. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda tahsil oluvchi turli millat vakillariga esa o‘zbek tilini o‘qitish bilan bir qatorda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, zamonaviy va mumtoz adabiyoti namunalari bilan tanishtirib boriladi. Shu maqsadda ushbu maktablarda adabiy o‘qish darslari uchun qo‘shimcha soatlar ajratilgani ham nihoyatda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Bugungi kunda ta’limning eng asosiy tayanch bo‘g‘ini hisoblanuvchi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqilayotgani va “Milliy o‘quv dasturi” deb nomlanishining o‘zi bizga katta umidlar baxsh etmoqda. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasini tubdan isloh qilish, ayniqsa mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millatlar va elatlarga o‘zbek tilini intensiv o‘rgatishni ta’minlaydigan zamonaviy darsliklar yaratish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa o‘qituvchi obro‘sini ko‘tarishga qaratilgan sa’y-harakatlar va hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan juda xursandmiz. Biroq tan olish kerakki, ta’lim samaradorligi ko‘p jihatdan o‘quv-uslubiy dasturlar va darsliklar saviyasiga ham bog‘liq. Xususan, respublikamizda
keyingi yillarda til savodxonligi va nutq madaniyatining keskin pasayib ketganligi, nafaqat og‘zaki, hatto yozma nutqda ham o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilinmayotganligi, husnixatga umuman e’tibor qaratilmayotganligi, o‘quv dasturlaridan insho, bayon, diktant kabi yozma ish turlarining deyarli chiqib ketganligi, darsliklarda faqat tayyor matn ustida ishlash va matn yaratish topshiriqlari berilayotganligining mevasi emasmi?! Yakuniy nazorat ishlarining test shakliga o‘tkazilishi o‘quvchilarni ijodiy fikrlash, bog‘lanishli nutq tuzish, savodli va chiroyli yozish ko‘nikma-malakalarini egallashga bo‘lgan intilishlarini umuman yo‘qqa chiqardi. Bugungi kunda umumta’lim maktablari bitiruvchilariga qaraganda, ularning 50-60 yoshli buvi-buvalari savodliroq va chiroyliroq yozadilar.
Shu bois, yangilanayotgan o‘quv dasturlariga katta umid bilan qaralmoqda. Milliy o‘quv dasturlari saytlarga qo‘yilishi bilan uning mazmuni va uslubiy yo‘nalishi bilan tanishib chiqishga harakat qildik.
“Oqtosh” sanatoriysida dam olayotgan bir guruh maorif xodimlari, til va adabiyot o‘qituvchilari va o‘z farzandlarining yaxshi ta’lim olishi tarafdori bo‘lgan ota-onalar shu masala ustida suhbatlashib qolishdi. Oromgohning salqin ayvonchasida o‘zaro fikrlashishdan boshlangan davra suhbati tobora kengayib, aytish joiz bo‘lsa, ilmiy-amaliy seminar tusini oldi. Tasodifiy uchrashib qolgan ushbu jamoa tarkibida 40 yildan ortiq pedagogik tajribaga ega bo‘lgan maorif xodimlari, o‘zbek tili o‘qituvchilari, olimlar, o‘z farzandining taqdiriga befarq bo‘lmagan ota-onalar, o‘quvchilar bor edi. Ular bir maqsad uchun birlashib, ikki kun davomida ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun “O‘zbek tili” fanidan tuzilgan Milliy o‘quv dasturini o‘rgandilar va bandma-band tahlil qildilar.
Suhbatning avvali ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar va o‘rta maxsus ta’lim bo‘g‘inlarida davlat tilining o‘qitilishi, amaldagi “O‘zbek tili” dasturlari va darsliklaridagi mavjud kamchiliklar, ularni yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalardan boshlandi. Farzandlarini rus maktabida o‘qitayotgan ota-onalar shu maktablar uchun yozilgan darsliklardagi matnlarda kam qo‘llanadigan so‘zlarning ko‘p uchrashi, bolalar yoshiga mos she’rlarning kamligi, qo‘yilgan topshiriqlarning murakkabligi kabi kamchiliklarni sanay ketdilar. Suhbatimizga quloq tutib turgan bir guruh yoshlar esa maktabda o‘qib yurgan vaqtlarida o‘zbek tili fani ular uchun eng oson fan hisoblanganligi, faqat qoidalarni o‘zlashtirishda biroz qiyinchilik sezishganligini, o‘zbek tili o‘qituvchisi ko‘p vaqtini shu sinfda o‘qiydigan boshqa millat vakillari bilan (ular atigi 4 ta ekan) alohida shug‘ullanishga sarflaganligi tufayli ular yangi bilimlar ololmaganliklarini aytishdi. Biroq, Uchtepa tumanidagi 107-maktabning sobiq o‘quvchisi Diyora Shotursunovaning fikricha, asosiy qiyinchilik kollejga kirgandan so‘ng boshlanibdi va u buni shunday izohladi:
— Men o‘zbek tilining o‘z tuzilishi, orfoepik va orfografik me’yorlari bor ekanligini kollejga kirganimdan so‘ng bildim va ularni o‘zlashtirish uchun rosa qiynaldim. Agar maktabda bu fanni o‘quvchilarning tilni bilish darajasiga qarab tabaqalashtirib o‘qitishganda, shuncha vaqtimni besamar o‘tkazmagan va ayni kunlarda bunchalik qiynalmagan bo‘lardim.
Ushbu fikr-mulohazalar yig‘ilganlarni yangi dasturda bu kamchiliklar qanday yechim topdi, bolalarimiz oson va qulay yo‘l bilan o‘zbek tilini egallashlari uchun qanday o‘zgarishlar joriy etildi, degan savollar girdobiga tortdi va yangi dastur loyihasini sinchiklab o‘rganishni boshlashdi. Endi esa dastur mazmuni bilan tanishganlar fikri bilan tanishing:
Ma’rifat ABDURAHIMOVA, Yangiyo‘l shahridagi nafaqadagi pedagog:
— 42 yillik ish tajribamga tayanib ayta olamanki, dastur bunday tuzilmaydi. Unda na soatda, na mavzularda aniqlik bor. O‘zbek tili – bu alohida fan. Boshqa fanlar kabi uning ham o‘z tuzilishi, me’yorlari bor. Bu dasturni o‘qigan kishi o‘zbek tili haqida mutlaqo tasavvurga ega bo‘lmaydi. Hamma narsa aralash-quralash berib tashlangan. Keyingi mavzuning avvalgi mavzu bilan qanday bog‘liqligi bor, nima asosda shu ketma-ketlikda berilgan, qaysi ma’lumot yangi berilyapti, qaysinisi takror berilyapti, mutlaqo tushunarsiz. 2-, 3-sinflarga berilgan mavzu aynan shu shaklda 7-, 8- hatto 10-sinflarda ham berilyapti. Qanday qilib bu holatda bolalarning bilimini kengaytirish mumkin?
Bu yerda maktab bitiruvchilarining gaplarini eshitib turib, o‘zim rahbarlik qilgan maktabda ham rus guruhlarida turli millat vakillari o‘qishlari, ular orasida turkiy tilli millatlar va o‘zbek millati vakillari ko‘p bo‘lishi yodimga tushdi. Endi o‘ylab qarasam, o‘zbek tili darslarini o‘quvchilarning til tajribasiga ko‘ra turkiyzabon va rusiyzabon guruhlarga ajratib, har biri uchun mos tarzda tashkil etish kerak ekan.
Feruza KARIMOVA, Uchtepa tumanidagi “Orom” bog‘cha-maktabi metodbirlashmasi raisi, 27 yillik pedagogik stajga ega o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— O‘zbek tilidan Milliy o‘quv dasturi nutqiy mavzular galereyasidan
iborat bo‘libdi, xolos. Dasturda har bir mavzuda qanday nutqiy mavzu o‘tilishi va unda qaysi grammatik vositani qo‘llashga oid ma’lumot berilishi kerak. Shundan kelib chiqib, har bir mavzuda leksik va grammatik minimum berilishi kerak. Avvalgi dasturda har holda nutqiy mavzu ham, grammatik mavzu ham ma’lum bir uzviylikda, osondan qiyinga qarab boradigan bosqichli ketma-ketlikda berilgan, har bir mavzuda berilgan leksik-grammatik material adabiy o‘qish materiallari vositasida mustahkamlanib borilishi aniq ko‘rsatilgan edi. Maktabda metod birlashma yig‘ilishlarida rus guruhlarida dars beruvchi o‘zbek tili o‘qituvchilari darsliklarda berilgan matnlar va she’rlarda qiyin so‘zlar, o‘tilmagan grammatik konstruksiyalar ko‘p uchrashi, ularni o‘quvchilarga tarjima qilib tushuntirishda qiyinchiliklar mavjudligi, matn yaratish topshirig‘i quyi sinflar uchun juda og‘irligi haqida e’tirozli fikrlarni bildirar edilar. O‘zbek tili darslariga o‘quvchining yoshiga mos tarzda diktantning lug‘at diktanti, saylanma diktant, ijodiy diktant kabi turlarini, bayon yozishni kiritish kerakligini qayta-qayta uqtirar edilar.
Yangi dasturga grammatika umuman kiritilmaganligi meni hayratda qoldiryapti. O‘quvchi grammatik shakllar va vositalarni o‘zlashtirmasa, so‘zlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bog‘layotganini qayerdan biladi? Ajablanarlisi, dasturda, hatto o‘zbek tilida so‘zlarni bog‘lashning asosiy vositasi bo‘lgan kelishiklar haqida umuman ma’lumot berilmagan. Tushum kelishigining qo‘shimchasi -ni dasturga kiritilmagan, o‘quvchi qachon -ni, qachon –ning qo‘shimchasini qo‘llashni bilishi va xatosiz yozishi uchun ularni farqlashga doir ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. -ga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasining -ka, -qa variantlari bor, ularni nutqda to‘g‘ri qo‘llashning o‘z orfoepik va orfografik me’yorlari mavjud. Dasturda bu variantlar ham mutlaqo berilmagan. Ularni murakkab deb dasturga kiritishmagani bilan nutqdan chiqib ketmaydi-ku?
Har bir fanning o‘z tuzilishi, shunga mos mavzulari bo‘ladi. Grammatika tilning tuzilishini, tilni nutqda qo‘llash vositalarini o‘rgatadi. Shunday ekan, til o‘qitishda, albatta, uning grammatikasini ham berish shart. Faqat uni murakkab nazariy tarzda emas, oson tushuniladigan usulda berish kerak. Albatta, grammatik vositalar muayyan izchillikda berilishi ham kerak. Umuman, tuzuvchilar ushbu Milliy o‘quv dasturini “Milliy dastur” deganda nimani nazarda tutishgan? Uning nimasi milliy? “Milliy” deb atalgan ushbu dasturda o‘zbek tilining, hatto milliy strukturasi ham aks etmagan. Dastur matnida doktor (shifokor o‘rniga), xobbi (qiziqish o‘rniga), fantastika, mnemotexnika, kriptografiya, numizmatika kabi ko‘plab chet tili so‘zlarining, faktologik matn kabi tushunarsiz atamalarning qo‘llanganini qanday izohlash mumkin? Nazarimda, tuzuvchilar o‘zbek tili emas, chet tili bo‘yicha mutaxassis va ular chet tillari targ‘ibotchilari. Dastur chet tillar, asosan, ingliz tili qolipidan olib tuzilgan, to‘g‘rirog‘i, chet tili dasturlaridan ko‘chirib olingan. Buni ona tilimizga nisbatan xoinlik deb hisoblayman.
Maqsuda MUHAMEDOVA, nafaqadagi pedagog:
— Biz maktabda o‘qigan vaqtimizda rus tili grammatikasini yaxshi o‘qitishgan edi. Endi o‘ylasam, juda to‘g‘ri qilishgan ekan, chunki haligacha rus
tilida savodli yozamiz va gapiramiz.
Yangi dasturni tuzuvchilar fanlararo aloqa degan tushunchaning mazmun-mohiyatini yaxshi tushunmagan ko‘rinadilar. Kimyo fani bilan fanlararo aloqa kimyoning mavzularini, fizika yoki matematika bilan fanlararo aloqa ushbu fanlar mavzularini til darsida o‘tish degani emas-ku? Dasturdagi “Kislorod 02” , “1+1=3”, “360 gradus” kabi mavzularni til darsida o‘tilishi o‘qituvchilar tomonidan qanday qabul qilinarkin? Bu mantiqsizlik emasmi?
Bizningcha, dasturni mutlaqo tajribasiz, ta’lim sohasida kam yil ishlaganlar tuzishgan, to‘g‘rirog‘i, dastur chet tili dasturlaridan no‘noq tarjima qilingan.
Mashhura SULTONOVA, Uchtepa tumanidagi 38-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi:
— Har bir fanni o‘qitishning asosiy tamoyili osondan qiyinga, oddiydan murakkabga tomon borish hisoblanadi, biroq o‘zbek tili fanidan tuzilgan ushbu Milliy dasturda bu tamoyilga mutlaqo rioya qilinmaganligi meni ajablantirdi. Har bir sinf dasturi 3 bo‘limga bo‘lib berilgan, biroq bu 4 chorak bo‘yicha taqsimotga to‘g‘ri kelmaydi. Har bir bo‘limda mavzularning ichki bo‘linishi bir mavzu uchun kamida 8-10 soat ajratilishiga olib kelganki, grammatikasi, adabiy o‘qishi bo‘lmasa, o‘qituvchi bitta nutqiy mavzu bo‘yicha 8-10 soat nimani o‘tadi? Boz ustiga, yangi mavzudagi ko‘p ma’lumotlar pastki sinflarda qayta-qayta berilgan.
Nilufar MIRSOATOVA, Yangiyo‘l shahridagi 45-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi:
— 29 yildan beri ta’lim rus tilida olib boriladigan boshang‘ich sinflarda dars beraman. Bir narsaga juda ajablanaman: nega respublikamizning davlat tili 2-sinfdan o‘qitilishi kerak? Chet tillarini o‘qitishni 1-sinfdan qilishning imkoni bo‘ldi-ku? Nega buni o‘zbek tiliga nisbatan qo‘llash mumkin emas. Taajjublantiradigan yana bir narsa, nega bizning darsliklarimiz chet tili fanlaridagi kabi emas? Tajriba o‘rganish maqsadida chet tili darslarini ko‘p kuzataman. Biz ham o‘zbek tili fanini 1-sinfdan o‘yin tarzida, qo‘shiqlar bilan tashkil qilishimiz mumkin-ku? O‘zbek tili darsliklariga bolalarbop she’rlar, mavzularga mos qo‘shiqlar kiritilsa, darslarimiz jonli, qiziqarli bo‘lsa bolalarning o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishi ortgan bo‘lar edi.
Darsliklarda maqollar juda ko‘p berilgan. Maqol aslida mazmuni jihatdan nihoyatda murakkab, uning tag ma’nosini tushunish boshqa millat
vakillari uchun ancha qiyin, uni har doim ham tarjima qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun boshlang‘ich sinflar darsliklariga maqollardan ko‘ra, ertaklarni ko‘proq kiritish kerak.
Rus guruhlarida turli millatlar vakillari ta’lim olishgani uchun, mening nazarimda, o‘zbek tili darslarini o‘quvchilarning qaysi tilni bilishi, ya’ni til tajribasi asosida (masalan, rusiyzabon va turkiyzabon kabi) guruhlarga ajratib tashkil qilish kerak. Darsliklar o‘quv materiallariga boy bo‘lsa, o‘qituvchi guruhga moslarini tanlab dars berishi oson bo‘ladi. Buning uchun o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar kerak bo‘ladi. Biroq o‘zbek tili o‘qituvchilari uchun yaratilgan o‘qituvchi kitoblari shu darajada oz chop etiladiki, hatto maktabga bir dona yo yetib keladi yoki u ham yo‘q. Metodik qo‘llanmalar har bir o‘qituvchining qo‘liga yetib borishi va o‘qituvchini izlanishga, ijodkorlikka undaydigan asosiy ish kitobiga aylanishi kerak.
Bizni o‘ylantirib qo‘ygan ushbu savollarga javob topish uchun 50 yildan beri o‘zbek tili ta’limi sohasida fidokorlik bilan mehnat qilib kelayotgan pedagogika fanlari doktori, professor Xadicha MUXITDINOVAga yuzlandik:
— O‘quv dasturi ta’lim qaysi yo‘nalishda ketishini belgilab beradigan, muayyan fan mazmunini ta’lim bosqichlari, umumta’lim sinflar kesimida uzviylik va uzluksizlikda taqsimlangan tarzda yoritilishini belgilab beradigan me’yoriy hujjat sanaladi. Shundan kelib chiqib, umumiy o‘rta ta’lim bo‘g‘ini hisoblanuvchi ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun o‘zbek tili fani bo‘yicha tuziladigan o‘quv dasturi mazmun-mohiyati bilan o‘zidan avvalgi maktabgacha ta’limning davomi bo‘lishi va ayni vaqtda o‘zidan keyingi ta’lim bosqichlari uchun tayanch bo‘lishi kerak. Bugungi kungacha o‘zbek tili fanidan tuzilgan o‘quv dasturlarida ta’limning kommunikativ-nutqiy yo‘nalishiga mos ravishda kompetensiyaviy yondashuv asosida yildan yilga takomillashtirib kelindi. Ta’lim bosqichlari uchun mavzularni taqsimlashda takrorlar, qaytariqlar bo‘lmasligiga, bilimlarning osondan murakkabga qarab qanday o‘stirib borishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda uzluksiz ta’lim tizimida o‘tkazilgan muhim islohotlar, xususan, bu maktabgacha ta’limni uzluksiz ta’limning birlamchi bo‘g‘iniga aylantirilgani va bolalarga ta’lim
berishni bog‘cha yoshidan boshlab yo‘lga qo‘yilgani, albatta, o‘quv dasturlarini yana qayta ko‘rib chiqishni va tubdan yangilashni taqozo etadi. Ta’limni bolalarga kichik yoshidan boshlash juda katta samara beradi va buni buyuk ajdodlarimiz misolida ko‘rishimiz mumkin. Ushbu nihoyatda to‘g‘ri qaror tufayli bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga tillarni ilk bosqichdan o‘qitish boshlab yuborildi, rus guruhlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus “Ilk qadam” dasturi ham tuzildi. Uzviylik va uzluksizlik talablariga ko‘ra ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini 1-sinfdan boshlab o‘qitilishini yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Biroq bugungi kunda chet tillarini o‘rgatish 1-sinfdan boshlangani holda, respublikamizning davlat tilini 2-sinfdan boshlashning o‘zi jiddiy xato bo‘lsa, ikkinchi tomondan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tili maxsus dastur asosida o‘rgatilsa-da, o‘zbek tilini o‘qitishni 2-sinfdan boshlash uzluksizlik va uzviylik tamoyillariga mutlaqo ziddir. Milliy o‘quv dasturi, avvalo, ushbu islohotni amalga oshirishi kerak.
Bu o‘rinda shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, maktab ta’limida chet tillarini o‘qitish 1-sinfdan, ammo yozish amali esa 2-sinfdan boshlanadi. Natijada 2-sinfda lotin yozuvining 2 xil varianti (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va ingliz tili alifbosi) o‘rgatiladi. Lotin yozuvining 2 xil shakli uchun yarim yil vaqt berilishi, ya’ni ingliz va o‘zbek orfografik qoidalarni bir vaqtda o‘rganish natijasida o‘quvchilar ushbu me’yoriy qoidalarni aralashtirib qo‘llashga, bu esa yozma savodxonlikning keskin pasayib ketishiga, husnixatga mutlaqo e’tibor bermaslikka olib kelmoqda. Biz o‘zbek tilini o‘qitishda 1-sinfning 1-yarmida faqat og‘zaki nutq ustida ishlash bilan boshlashni, ya’ni o‘quvchilarda avval to‘g‘ri talaffuz me’yorlarini shakllantirish va lug‘at boyligini o‘stirishni; 1-sinfning 2-yarmidan boshlab esa yozuvni o‘rgatishni boshlashni taklif etamiz. Natijada, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar o‘quvchilariga har bir yozuv ko‘nikmasini puxta egallab olishlari uchun yarim yildan vaqt beriladi.
Milliy o‘quv dasturida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan ikkinchi asosiy masala, ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tili fani mamlakatimizda yashovchi turli millatlar vakillariga xorijiy til sifatida emas, til muhitida o‘qitiladi. O‘quvchilarning ko‘pchiligi turkiyzabon, ko‘pchiligi o‘zbek. Shu jihatdan dastur tuzuvchilari tanlagan yondashuv — o‘zbek tilini xorijiy til sifatida chet tili kabi o‘qitish ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun aslo mos emas. Dastur o‘quvchilarda nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilishi kerak va beriladigan fanga oid ma’lumotlar takror va qaytariqlarsiz osondan qiyinga tomon uzviylik va uzluksizlikda o‘stirib borilishi kerak. Afsuski, tavsiya qilinayotgan Milliy o‘quv dasturida uzviylik va uzluksizlikka mutlaqo e’tibor qaratilmagan, unda o‘zbek tilida savodli gapirish va yozish malakasini shakllantirish uchun zarur bo‘ladigan vositalar o‘quvchilar yoshiga mos holda uzviylik va uzluksizlikda berilmaganligi oqibatida takror va qaytariqlar ko‘payib ketgan, ko‘plab kerakli ma’lumotlar tushib qolgan, dastur o‘quvchi berilayotgan vositalarni tushunib qo‘llashi va o‘z xatosini o‘zi tuzata olishiga yo‘naltirilmagan. Aslida, hozirgi kunda bajarishimiz kerak bo‘lgan asosiy ishimiz ta’lim metodini yangilash, o‘zbek tilidan beriladigan nutqiy va lingvistik materiallarni bir-biriga singdirgan holda oson yo‘l bilan o‘rgatishning zamonaviy metodikasini ishlab chiqish edi.
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitishda ham nutqiy, ham grammatik materiallar uzviyligi ta’minlanishi shart. Bunda adabiy o‘qish materiallarining amaliy ahamiyati nihoyatda katta bo‘lib, ular orqali o‘quvchilar ham til vositalarining nutqda qo‘llanishini o‘rganadi, ham o‘z lug‘at boyligini oshirib boradi, ayni vaqtda o‘zbek adabiyoti namunalari va taniqli namoyondalari bilan tanishib boradi. DTS talablarida ham o‘zga tillar vakillarini o‘zbek adabiyotining nodir namunalari bilan tanishtirib borish orqali ularda milliy qadriyatlarimizga hurmat hissini uyg‘otish, ona tilimizga qiziqishini oshirib borish belgilab qo‘yilgan. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda 80-90 foizga yaqin o‘quvchilarning o‘zbeklar ekanligi e’tiborga olinsa, bu farzandlarimizni milliy qadriyatlarimizni bilmay ulg‘ayishlarining oldini olishga juda katta yordam beradi. Biroq Milliy o‘quv dasturiga adabiy o‘qish materiallari mutlaqo kiritilmagani o‘quvchilarni o‘zbek adabiy tili nodir namunalari bilan tizimli ravishda tanishtirilmasligiga va ushbu qadriyatlar singdirilmasligiga olib keladi.
Aytilgan mulohazalar, o‘zbek tili fanidan Milliy o‘quv dasturi hali ancha ishlanishi, keng jamoatchilik tomonidan yanada ko‘proq tahlil qilinishi, bildirilgan barcha talab va takliflar e’tiborga olingan holda pishiq-puxta tuzilishi zarurligini ko‘rsatmoqda. Farzandlarimiz taqdiri, millatimiz kelajagi, ona tilimizning qadri va nufuzi uchun har birimiz mas’ul ekanligimizni unutmang.
Zilola MADATOVA tayyorladi.