Murabbiylik martabasi
Murabbiylik martabasi
Bugungi tezkor hayotdan bir daqiqa ham ortda qolmaslik, ertangi kun tashvishi bilan yashayotgan har bir inson uchun odatdagi tamoyilga aylandi. Buni zamondosh o‘qituvchilarimiz ish faoliyatida, izlanishlari va intilishlarida yana ham yaqqol his etasiz. “1-oktyabr o‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning biz muallimlarga bildirgan ishonchlari mashaqqatli yumushlarimizni amalga oshirishimizda bizga katta kuch bag‘ishladi”, – deydi Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 6-umumta'lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Karim Mirzaev. Birgina joriy yilning o‘zida umumta'lim tizimida ro‘y bergan yangilanishlar hammani hayratlantirmoqda. Yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta'lim maskanlari soni ortmoqda. Zamonaviy, bugungi kun talabiga mos darsliklar yaratish ishlari olib borilmoqda. Ta'lim tizimida ijtimoiy fanlarni o‘qitish tartibi va tamoyillari konsepsiyasini ishlab chiqilishi zaruratga aylanayapti. Prezidentimiz barcha bosqich ta'lim murabbiylarini esa “Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni ” deya atadi. Boisi voyaga yetayotgan, ta'lim olish jarayonidagi o‘g‘il-qizlarimiz avvalo, yangi Renessansning chinakam yaratuvchilari hamdir. Ularning qanchalik barkamol va baxtli, ma'naviy va ma'rifiy yetuklikka erishishlariga biz ma'sulmiz.
Maktabimizda 574 nafar o‘quvchiga 57 murabbiy dars beradi. Amaliy, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar metodik birlashmalari tomonidan o‘qituvchilarga doimiy tarzda yordam berilmoqda. Maktabimiz mehnat ta'limi o‘qituvchisi Sayyora Mirzaeva viloyat miqyosidagi “Mahoratli pedagog” ko‘rik tanlovida sharafli ikkinchi o‘rinni egalladi. Maktabimizda mehnat ta'limi fanlarini o‘qitishda murabbiylarimiz o‘ziga xos tajriba ham yaratishgan.
“Bekat”dagi ulkan ma'naviyat maskani
Bekat qishlog‘idagi 6-umumta'lim maktabi 1972-yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Mamlaktimizning turli nuqtalaridan Sirdaryo cho‘llarini o‘zlashtirishga safarbar qilingan aholi vakillari bu yerda umrguzaronlik qilib, ushbu qishloqni barpo etishgan. Bu maskanda uzoq yillar davomida bir necha avlod vakillari ilm va tarbiya olib voyaga yetiganlar. Shu boisdan dargohda uch avlod vakillari uchrashuvi doimiy tarzda an'anaga aylangan. Ular orasida umrini ta'lim mashaqqatlariga bag‘ishlagan o‘qituvchilar, behalovat qishloq xo‘jaligi xodimlari, temir yo‘llar tizimi ishchilaridan tortib, agronom hosilotigacha bor. Bu yerlarning qishi Sirdaryo iqlimiga xos sovuq kelsa, yozi esa cho‘llar tarovatini faslga moslab qizdirib turadi. Bahori yashillika burkansa, kuz oylari Bekobod shamollaridan bir zum begona bo‘lmaydi.
Umumta'lim maktabining o‘quvchilari Sardor Mamatqulov, Dildor Pirimqulova, Muxlisa Mirzaevalar bu yil GulDUning tasviriy san'at bo‘limi talabalari bo‘lishdi. Viloyat Bozorova ,Oybek Qarshiboevlar esa Toshkentdagi dizayn va rassomchilik institutini tugallashdi. Maktab o‘quvchisi Lochinbek Zokirov esa bir necha yil burun Yaponiya hukumati tomonidan e'lon qilingan “Bu yashil zamin kimniki?” nomli tanlovda ishtirok etib, 9 ming dan ortiq qatnashchi orasida 48 nafar g‘oliblar qatoridan munosib o‘rin egalladi.
Bundan bir yilcha muqaddam maktab o‘quvchilarni tomonidan yaratilgan turli janrlardagi rangtasvir asarlari jamlangan xonani ko‘zdan kechirib, juda hayratlangan edim. Ularda tabiat tasvirlari, avtoprotret, natyurmort, behalovat, nimanidir yaratishga, ezgulikka esh zamondoshlarimizning qiyofalari aks etgan.
Davrimiz – tezkor. Hamma davrda ham kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarni voyaga yetkazishda murabbiy zimmasidagi burch zalvorli bo‘lgan. Shu bois, bugungi murabbiyni yangi Renessans poydevoriga g‘isht qo‘yayotgan siymo sifatida his etamiz. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon esa bu mashaqqatni teran sezib turganday:
Kiprik bilan kitobdan durlar tergan ustozlar,
Tafakkuri sha'm kabi yonib turgan ustozlar.
O‘zbekistonning yangi kelajagin yaratar
Buyuk allomalarga ta'lim bergan ustozlar.
O‘ljaboy QARSHI Y EV