NAVRO'ZNING SHUKUHI DILLARNI ERITAR

Fasllar kelinchagi deya ta'rif etiladigan bahorning dillarga xush yoqadigan epkinlari va mayin sabolarini sevmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Аyniqsa, ko‘klamning tashrifi bilan qushlarning sayrashidan tortib, suvlarning oqishlarida ham o‘zgacha bir jo‘shqinlikni his etish mumkin!
Mana shunday shukuhli damlarda har bir inson qalbida Vatanga muhabbat, yurt ravnaqi yo‘lida fidoiylik bilan mehnat qilishdek oliyjanob tuyg’ulari yanada kuchliroq jo‘sh uradi.
Аyniqsa mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan yangilanishlar, insonlar qalbidagi o‘zgarishlar hech birimizni befarq qoldirmaydi. Xususan, joriy yilning 17-mart kuni Nizomiy nomidagi TDPU akademik litseyida ham qadimiy va navqiron umumxalq Navro‘z bayramiga bag'ishlab "Bahor malikalari" ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda 6 nafar yetakchi qizlar ishtirok etib turli sohalardagi mahoratlarini ko‘rsatdilar. Tantana yuzasidan litseyning ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shamansurova Nigora shunday iliq fikrlarni aytdi:
– “ Shu kunlarda atrofda ajib manzaralar barq urib, tabiat uyg‘onmoqda. Bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik yugurmoqda. Yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Tun bilan kun tenglashadigan kunda nishonlanadigan, xalqimiz uchun sharqona yangi yil — Navro‘z ayyomi munosabati bilan xalqimizni samimiy muborakbod etaman.
Shu kunlarda mahalla-ko‘y doshqozonlar atrofida jamuljam bo‘lib, ayollarimiz, momolarimiz ezgu niyat, zavq va xursandchilik bilan insonga kuch-quvvat beradigan sumalak va halim, ko‘k somsa va go‘ja kabi tansiq taomlarni tayyorlashib, ularni oilasi va do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishayapti.
Bayram munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida obodonchilik hamda bunyodkorlik ishlari keng quloch yozib, shaharu qishloqlarimiz yanada chiroy ochmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlarda Navro‘zning betakror fazilatlari e’tirof etilayotir.
Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan qutlayman. Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘ri kenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otadigan haqiqiy sharqona bayram bo‘lib qolaveradi."
Tadbirda musiqiy chiqishlar, iqtidorli o‘quvchilarning sahna ko‘rinishlari, kelinsalom va milliy raqslari barchaning ko‘nglini xushnud qildi.
D. Nurmuradova, Nizomiy nomidagi TDPU akademik liyseyi ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.