NEGA!..
Tanaffusda zinadan tushib kelayotgan edim. Orqamdan kimdir turtib yubordi shekilli, oyog‘im toyib ketib boshim bilan devorga qattiq urildim. Yana oyoq ostida qolib ketmay deb shoshib o‘rnimdan turdim. Ozroq ko‘nglim aynidi, boshim aylandi. Ammo e’tibor bermay, navbatdagi darsga kirdim. Uyga ancha lohas bo‘lib qaytdim. Lekin oyimga aytmadim. Biroq kechasi bosh og‘rig‘i kuchaydi, qusdim. Tong otishi bilan dadam meni shifoxonaga olib bordi. Shifokor neyroxirurg:
– Bosh miya chayqalishi, davolanishi kerak, – dedi.
Shifoxonada sakkiz kun yotib, davolandim. Shifokor ruxsati bilan uyga qaytdim. Lekin hali ham boshimda qandaydir shovqin bor edi. Oyimning gaplarini ham, o‘qigan narsalarimni ham eslab qolishga qiynalayotganimni sezdim. Adabiyot ustozimiz Rasul Hamzatovning “Ona tilim” she’rini yodlashni buyurdi. Avvallari ikki-uch kuplet she’rni bir o‘qishdayoq eslab qolardim. Bu gal bunday bo‘lmadi. Uch kun to‘xtovsiz o‘qisam ham yodlay olmadim. Oyim shifokorimga qo‘ng‘iroq qilib bu haqda so‘radi.
– Miya chayqalganda xotira pasayishi tabiiy hol, qo‘rqmanglar. 1-2 oy dorilarni ichib tursa o‘tib ketadi, – dedi shifokor. Onamning daldasi, shifokorning fikridan ichimdagi qo‘rquv pasaydi. Umrimda birinchi marta darsga tayyorlanmasdan kirdim. Ikkinchi soat adabiyot darsi edi. Ustoz ro‘yxat bo‘yicha o‘quvchilarni doskaga chaqira boshladi. Navbat menga kelganda, o‘rnimdan turdim, lekin doskaga chiqmadim.
– Ustoz, kechiring, tayyor emasman, – dedim yerga qarab.
– Tushunmadim, uch kun avval berilgan o‘n qator she’rni yodlay olmadingmi?– dedi ustoz qovog‘ini solib.
– Esingizdami, boshimni devorga urib olib, shifoxonada yotib chiqqanim. Miya chayqalishi xotirani pasaytirar ekan, shifokorning aytishicha, bu holat 1-2 oyda o‘tib ketar ekan.
– Bu gaping bilan menga bir-ikki oy tegmang, demoqchimisan?
– Yo‘q, ustoz!
– Unda bu bahonangni qanday tushunay? Qani, shifokoring menga yozib bergan dalolatnoma?!
– Oyim shifokor bilan telefon orqali gaplashdi.
– Menga o‘sha shifokoringning raqamini berasan, men u bilan gaplashib keyin gapingga ishonaman, tushundingmi?! Hozircha esa “2”! O‘tir!
– Tushundim, – deb joyimga o‘tirdim. O‘tirdim-u yig‘lab yubordim. Axir men sinfning a’lochi o‘quvchilaridan edim-u. Har bir vazifani o‘z vaqtida bajarar edim-ku. Nahotki, meni bahona qilyapti, deb o‘yladi. Menga shu narsa qattiq alam qildi. Nega ustozim betob bo‘lganimni bila turib, ishonmadi, “2” baho qo‘ydi. Shu choqqacha biror marta ham yomon baho olmaganimni bilardi-ku! Yuragimni hamon “Nega? Nega? Nega?” degan savol g‘ijimlardi. Boshimdagi og‘riq ham kuchaydi. Tashqariga chiqib muzday suvda yuzimni yuvdim, suv ichdim. O‘zimga keldim, ammo hali ham quloqlarim ostida ustozning tanbehlari jaranglar, “NEGA? NEGA? NEGA?” degan savol miyamga to‘qmoqday urilardi.
Shu payt kimdir yelkamdan ushladi. Qayrilib qaradim – ustoz!
– Xafa bo‘ldingmi, meni kechir. Boshqalarga o‘rnak bo‘lsin, ustoz hatto a’lochi o‘quvchini ham dars tayyorlamasa, kechirmasligini bilsin, deb shunday qildim! – dedi uzrli ohangda. “Shunday ekan, sal boshqacharoq ohangda, yumshoqroq so‘zlar bilan koyisa ham bo‘lardi-ku”, o‘yladim ichimda. Biroq bu haqda bir og‘iz gapirmay ustozdan uzoqlashdim.
Mening o‘rnimda siz bo‘lsangiz nima qilardingiz, qadrli tengdosh, fikrlaringizni kutaman.
Mubina TOHIRBOYEVA,
Yashnobod tumanidagi
152-maktabning 7-sinf o‘quvchisi