NAVRO‘Z KELDI YURTIMGA…
Navro‘z — yangilanish, yangi kun demak. Unda muhtasham qadriyatlarimiz, milliy an’analarimiz o‘z ifodasini topadi. U tinchlik, totuvlik, farovonlik ayyomi. Bayram yosh-u qarining birdek quvonchi, aziz shodiyonasidir.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 198-maktabda Navro‘z bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Unda Yashnobod tumani xalq ta’limi bo‘limi sho‘ba mudiri K.Hazratova, Katta Yangiobod MFY Xotin-qizlar faoli S. Mirsamikova, Ichki ishlar boshqarmasi ansambli artisti, mayor G.Makkulova, yoshlar yetakchilari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi. Tadbirni tantanavor ohanglar ostida milliy gvardiya bosh orkestr jamoasi boshlab berdi.
Sayl davomida maktab direktori N. Xolmuhammedova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ayyom bilan tabrikladi. Qizlar tayyorlagan ko‘k somsa, sumalak, osh, manti, chuchvara, halim kabi milliy taomlar mehmonlarni lol qoldirdi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan bayramona kuy-qo‘shiqlar barchaning ko‘ngliga xush yoqdi.
Ko‘nglida bahor tarovatini chinakamiga his etgan mehmonlar tashkillashtirilgan Navro‘z saylidan xursand bo‘ldi. Har bir o‘qituvchi va o‘quvchiga minnatdorlik bildirildi.
Azim AXTAMOV