“Nega dars qilmading?” deyishmasinmi?
“Nega dars qilmading?” deyishmasinmi?
Bilimi, shijoati bilan yuqori natijalarga erishayotgan ayrim mashhur insonlar bolaligida ustozidan qattiq dashnom eshitgani, hatto uyga vazifalarni bajarmaganda kaltak yeganini quvonch bilan eslaydi. Agar shunday bo‘lmaganda, bugun ular biror yutuqqa erishmagan bo‘larmidi?..
Avvallari ustozlarning qattiqqo‘lligi, talabchanligi juda qadrlangan. Bugungi katta avlod yoshlikdan sabrli bo‘lish, qiyinchiliklarni yengish, tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarish, xato qilsa jazo borligini ustozlarning talablari orqali o‘rgangan bo‘lsa kerak.
Shunday zamon keldiki, kechagi amallar, qoidalar bugunga to‘g‘ri kelmay qoldi. Odamlar boshqalarning kamchiligini topib oshkor qilishga urinadi, kimningdir omadsizligidan xursand bo‘ladi...
Shunday zamonlar keldiki, tenglik, hamfikrlik, hamdo‘stlik kabi tushunchalar o‘z ahamiyatini yo‘qotib borayotganday. Hammamiz uchun birdek muhim bo‘lgan kelajak avlod ta’lim-tarbiyasida ham shu jihatlar ko‘zga ko‘rinmoqda.
Shunday zamonlar keldiki, o‘z huzuri, tinchligini-da unutib, millat farzandlari uchun kuyib-yonib ishlayotgan o‘qituvchilar qadri toptalmoqda. O‘quvchi vazifalarni vaqtida bajarishi uchun ko‘p urinib, oxiri kichik “jazo” qo‘llashga majbur ustozlarga ta’nalar qilinmoqda, hatto ishdan ozod etilmoqda.
O‘qituvchi bolaga 2 baho qo‘ya olmasa, qattiq gapira olmasa, sinfdan sinfga qoldirishni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Farzandiga to‘rt qator she’rni yod oldira olmagan tajang onalar, bolasining qiziqishlari, hatto nechanchi sinfda o‘qishini bilmaydigan loqayd otalar bunga yo‘l qo‘ymaydigan bo‘ldi.
Qachondan beri ota-onalarning “nufuzi oshib”, ustozlarning harakatini muhokama qiladigan, nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini hal qiladigan bo‘ldi? Bizningcha, ularda mas’uliyat hissi kamayib, o‘zmirlik orta boshlaganidan buyon.
So‘nggi paytlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar haqida turli gap-so‘zlar bolalagan. Sababi, ular uyga vazifasini bajarmay kelgan o‘quvchilarga qo‘llagan “jazo” ayrim ota-onalarni “to‘lqinlantirib” yuborgan. O‘qituvchi sha’ni, obro‘sini oshirishga harakat qilinayotgan bir paytda o‘qituvchining sinf guruhiga yuborgan videolarini tarqatish − ularga nisbatan behurmatlikdan boshqa narsa emas.
Internet tarmoqlarida mavzu bo‘yicha bildirilayotgan fikrlar o‘qituvchilar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi tayin. Qolaversa, ularning ishidan sovishiga ham sabab bo‘ladi. Ayrim ustozlar “45 daqiqalik darsingni o‘t-u, qolganini ota-onaga qo‘yib ber. Bolaning dars qilish-qilmasligi bizdan ham ko‘proq ota-onaning muammosi” deya izoh qoldirgan. Haqiqatan ham, bola o‘qib olim bo‘lsa, o‘qituvchiga rahmatdan boshqa nima keladi? Rohati-yu huzuri ota-onanikida. Shunday ekan, nima uchun o‘qituvchi bu qadar jon kuydirishi kerak? Ota-onalar shular haqida fikr qilishmasmikan? O‘qituvchidan bunday munosabati ham keyingi muammolarni keltirishi aniq.
Bu borada ustozlarning fikrlariga ham e’tibor qarataylik.
Nafisa RAJABOVA, Zarafshon shahri, o‘qituvchi:
− Farzandiga befarq, doim oilaviy nizolarda yashagan ayol “Nega bolamga past baho qo‘yding?” deb janjal qilib kelganida faoliyatim boshlanganiga 3 yil bo‘lgandi. Oqibatda kasalxonaga tushib qolganman, shaxsiy hayotimga ham ta’sir qilgan. Bir ota bolamga ta’tilda badiiy kitob o‘qitishga nima haqqing bor, deganida 2-3 kun o‘zimga kelolmaganman. Mana, qanday ota-onalar bor oramizda.
Xo‘sh, nega ustozning ruhiy holati uchun boshqalar hisob bermaydi? Biz orzu qilayotgan ta’lim tizimini shakllantirishda, avvalo, oilaviy muhitni tuzatish kerak emasmi? Endi tasavvur qiling, ishdan olingan o‘qituvchi uchun bu qanchalik og‘ir hol? Uning ruhiyati, hayotiga zarba-ku! Bunday holatda ustozni shartta ishdan bo‘shatish − vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaydigan mutasaddilarning katta xatosidir. O‘qituvchi o‘quvchilarni farzandiday ko‘rishi kerak, deb ko‘p ta’kidlanadi. Ayting-chi, qaysi ona o‘z bolasining kelajagiga qayg‘urgani uchun jazolangan? Bu jinoyat bo‘lsa, vijdoni bor jamiki ustozlar jinoyatchimi? Repetitorning bola bitta savolni bilmasa, 300 marta o‘tirib-turg‘izganiga quvonib, maktab o‘qituvchisi uyaltirganiga xafa bo‘lgan insonlarni tushunolmayman.
Madina RAHMONOVA, Denov tumanidagi 44-maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi:
− O‘quvchini jazolasam, ota-ona chopib keladi. Bajarmasa qayta-qayta tushuntiring, mening vaqtim bo‘lmadi deydi. Bitta vazifani qayta-qayta beraversa, keyingisi qolib ketadi. She’r yod olmagan o‘quvchiga indamasangiz, boshqa o‘quvchilar e’tiroz bildiradi.
Ustoz qadrini dars o‘tgan biladi. Men o‘quvchilarimni biron marta uyaltirmaganman. Chunki vazifani bajarolmay kelsa, vijdoni qiynalib “ustoz, tushunmadim” deb yig‘lab yuboradi. Hozir ota-onalarning fikrlashi boshqacha. O‘zi bolasini taltaytiradi-da, yuqori sinfga borganda “ustoz, tarbiyalab bering, eplolmayapman” deydi. Matematika darsida ham mavzu tushuntirish kerak, ham karra jadvalni yodlatish kerak. Sal kech qolsak, onalar darrov qo‘ng‘iroq qilib “nima haqqingiz bor bolani olib qolishga?” deydi. Boshqa payti karra jadvalini yodlating deb yalinadi. Ayrim onalar bolasiga hatto daftar uchun pul bermaydi, ustozing berib tursin, buncha daftarni nima qiladi, deyishadi. Shunaqa vaziyatda ham bosiq bo‘lishga harakat qilamiz. Qachonki, o‘qituvchini ota-onalar hurmat qilsa, shunda boshqalar hurmat qila boshlaydi.
Kamol TO‘XTAYEV, o‘qituvchi:
− Mana sizga “andijoncha” uzr so‘rattirishning oqibatlari. Endi ota-onalar o‘qituvchilarga qarata hujumga o‘tishdi. O‘shanda andijonlik hokimni o‘z qarzini uzishi uchun o‘qituvchilar oldida uzr so‘rattirib, popugini pasaytirib, televideniye orqali sharmandasini chiqarishsa, keyingi holatlar yuz bermasdi. Xalqning nazdida biz pedagoglar aybdormiz bugungi kunda. Avvallari esa “Suyagi bizniki, eti sizniki” degan maqolga hamma amal qilardi. Zamon o‘zgarib maqol ham ahamiyatini yo‘qotdi.
Nargiza BEKNAZAROVA, Olot tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi:
− Bolani o‘z holiga tashlab qo‘ysak, natijaga erisholmasligimiz tayin. Oldinlari shunday qattiqqo‘l ustozlar bo‘lardi va ularning darsida o‘qimaydigan bola ham dars tayyorlab kelardi. Hozir esa umuman teskari. O‘qituvchi ta’limda biror metod bilan bilim olishga undamasa, bu qanday ta’lim axir? “Qattiq joyda suv turar” degan maqol bor xalqimiz orasida. Buni ham esdan chiqarib qo‘ymaylik. Maktablarda erkak ustozlarning kamligi shunday paytlarda ko‘proq bilinadi. Erkak o‘qituvchi sinf rahbari bo‘lgani yaxshi, qattiqqo‘l bo‘ladi, ulardan o‘quvchilar hayiqadi. O‘qituvchilarga munosabat o‘zgarmas ekan, bu kasbga intiluvchilar kamayadi. Bora-bora mahoratli pedagog kadrlarga ham ehtiyoj ortadi. Ta’lim rivoji − uzviy tushuncha.
Azzatjon AZIMOVA, Xonqa tumanidagi 40-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
− Onlayn o‘qish davrida guruhimizga bir onadan bir videoxabar kelib qoldi. Unda ona qiziga o‘rgata olmaganidan (1-sinf) shunday jahl bilan qichqirdiki, ovozidan qo‘rqib ketdim. Videoni shu zahoti o‘ziga jo‘natdim-da, guruhdan darrov o‘chirib yubordim. Ona mendan uzr so‘radi, bilmay jo‘natganini aytib xijolat bo‘ldi. Qalay ekan ustozlik desam, eh ustoz, sizlarga ming rahmat deb qoldi. Yoshgina ona yolg‘iz qiziga oddiy narsani o‘rgatolmay joni halak. O‘qituvchi 30 ga yaqin bolaga birdek o‘rgatadi-yu, jahli chiqmasinmi, asabiylashmasinmi? O‘shanda men ham onadan kelgan videoxabarni mana ko‘rib qo‘yinglar, onalar biz qilgan ishni qila olmaydi degan ma’noda tarqatib yuborishim mumkin edi. Lekin unday qilmadim. Ota-onalarning o‘qituvchiga nisbatan bu qadar tuban ish qilishini kechirilmas xato deb bilaman.
O ‘qituvchi :
− Bolaligimizda qo‘ni-qo‘shnilar ham urishib beraverardi, ota-onamiz hech qachon ularga e’tiroz bildirmagan yoki o‘zingning bolangni epla, deyishmagan. Farzandimga yaxshi bo‘lsin deb urushadi deb qo‘yavergan. “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona”, “Bir bolaga qirq uydan tiyuv, bir uydan yig‘uv” deyishardi.
Uch kishini yomon dema, deb o‘rgatishgan:
Birinchisi, ota-onang, chunki uning qoni (hozirda geni) senda oqyapti.
Ikkinchisi, ustozing – ta’lim-tarbiyang o‘shandan.
Uchinchisi, do‘sting, chunki u
sening doimiy hamrohing. Dunyoqarashi, qiziqishlari hamohang odamlar do‘st bo‘lishadi.
Bizga shunday uqtirishgan, haligacha amal qilamiz.
O‘qituvchining yagona vazifasi − bolaga bilim berish. Uning bajarayotgan ishi, dars o‘tish metodlarini tahlil va muhokama qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Axir bugunning texnika asiriga aylanib borayotgan bolalarni “turtib” o‘qitmasa bo‘lmay qoldi.
O‘qituvchini obro‘sizlantirishga harakat qilingan har qanday ishga nisbatan qonuniy jazo ko‘rilmas ekan, ustozlar qadri ortmaydi.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri