Nega o‘zbek bolalari ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarda o‘qiyapti?
Nega o‘zbek bolalari ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarda o‘qiyapti?
Til bilish yoshlarga katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu bois, o‘quvchi qanday fanlarga qiziqib, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim
olishga kirishgan bo‘lmasin, qo‘shimcha ravishda chet tillarni o‘rganishi kerak. Har qanday bilimli mutaxassisning xorijiy tillarni bilishi
uning darajasini bir pog‘ona ko‘taradi.
Rus tilini bilish o‘quvchilar uchun foydadan xoli emas. Chunki ish izlab tashkilotlarga murojaat qilar ekansiz, ko‘pincha rus tilini bilish yo bilmasligingiz so‘raladi. Bu tilni bilish o‘quvchiga ko‘plab manbalarni o‘qish, o‘rganish imkoniyatini beradi. Shu bois, bugun ko‘plab ta’lim muassasalarida ta’lim rus tilida olib boriladigan sinf va guruhlar tashkil etishga ehtiyoj bor. Ammo aksariyat maktablardagi ta’lim rus tilida olib boriladigan sinflarda 90–95 foiz bolalar o‘zbek millatiga mansub. Chunki ota-onalar farzandining rus sinfda o‘qishini xohlaydi, maqsad – tilni qiyinchiliksiz o‘rgatish. Bunday holat aslini olganda, o‘zbek bolalarining o‘z ona tilida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qiladi, bu esa yaxshi emas.
Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga bir taklifimni bildirmoqchiman. O‘zbek maktablarida 1-sinfdanoq rus tili fanini o‘qitishni joriy qilaylik. Rus tili darslarini sifatli va mazmunli tashkil etishga e’tibor qarataylik. Shuning natijasida o‘quvchilar bu tilni puxta o‘rgansin va o‘zbek bolasi barcha fanlardan ta’limni o‘z ona tilida olsin.
Maktabgacha ta’lim tizimida maktabga tayyorlov guruhi bor. Rus tili mashg‘ulotlari bu guruhlarda ham o‘qitilib boriladi. Bolada rus tili faniga bo‘lgan qiziqish, ko‘nikma hosil bo‘lib borayotgan bir paytda u maktabning 1-sinfiga qabul qilingandan so‘ng, rus tili fani o‘tilmay qo‘yadi. Natijada o‘quvchining maktabgacha ta’limda o‘rgangan rus tilini bilish ko‘nikmasi unutiladi. Ta’limda uzluksizlik muhim rol o‘ynaydi. Shunday ekan, mazkur masala ko‘rib chiqilib, taklifim inobatga olinsa, pedagoglarga ham, ota-ona va o‘quvchilarga ham yordam bo‘lardi.
Gulbahor USMONOVA,
Xo‘jaobod tumanidagi
9-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi