O‘QITUVCHI KIM? yoxud bir maktabning muvaffaqiyatga erishish sirlari
Bundan o‘n-o‘n besh yil ortga nazar soladigan bo‘lsak, javoblarimiz chuchmal, shuurimizdagi tasavvurlar xiraligini ko‘rardik. Chunki uyma-uy yurib saylov varaqalarini tarqatish, hatto obodonlashtirish ishlari ham o‘qituvchilarsiz o‘tmay qolgandi. Sabab jamiyatimizda o‘qituvchilarga bo‘lgan e’tibor ancha yo‘qolgan, o‘qituvchilik kasbiga nisbatan ham qiziqishlar haminqadar bo‘lib qolgandi. Rivojlangan o‘lkalarda o‘qituvchilikka mashaqqat, qat’iy tayyorgarlik, sinov imtihonlaridan qayta-qayta o‘tish orqali erishilayotgan bir paytda, bizda yaqin-yaqingacha bu kasbga eng so‘nggi najot – ishsizlikdan qutulish yo‘li deb qaralayotgandi.
Quvonarlisi, so‘nggi yillarda ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, chiqarilgan qonun va qarorlar o‘qituvchilarni ham ruhlantirdi, ham ularni o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashishga chorladi.
Bunga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 54-maktab o‘qituvchilari faoliyatini misol keltirishimiz mumkin. 2022-2023-o‘quv yili boshlanishi bilan maktab o‘qituvchilari sinflarda turli fan to‘garaklarini yo‘lga qo‘ydi. Fan oyligi munosabati bilan sentabr oyida boshlang‘ich sinflarda zamonaviy metodlar yordamida qiziqarli darslar o‘tkazilgan bo‘lsa, oktabr oyida esa ona tili va adabiyot fani hamda russiyzabon sinflarda o‘zbek tili fani o‘qituvchilari tomonidan rang-barang ochiq darslar o‘tkazildi.
O‘quvchilarning savodxonligi va tafakkurini o‘stirish, kitob o‘qishga qiziqtirish maktab o‘qituvchilarining muhim vazifasiga aylangan. Fan oyliklari doirasida o‘tkazilgan ilk ochiq dars kitobxonlikka bag‘ishlandi. Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari Iroda Sultonova va Dilnoza Abbosova 7-“D” va 7-“E” sinflar o‘rtasida “Kitob–ma’naviyat xazinasi” mavzusida ochiq darslar o‘tkazishdi. Ayniqsa, 7-“D” sinf o‘quvchilari tomonidan hazrat Navoiy va Husayn Boyqaroning yoshligi sahna ko‘rinishida ajoyib yoritildi.
Ilmga chanqoq o‘quvchimiz Azizbek Hazratqulov tarixda o‘chmas iz qoldirgan mutafakkir, davlat arbobi, turkiy tilni ulug‘lab, uning imkoniyatlarini o‘z ijodida ko‘rsatib ketgan hazrat Navoiyning yoshlikdagi surat-u siyratini, kiyinish uslubi, gapirish ohangi, ilmga chanqoqligi bilan shu qadar chiroyli talqin qildiki, hammani lol qoldirdi.
Nazarimda bu sahna ko‘rinishi, kompyuter o‘yinlari, ijtimoiy tarmoqlardagi oldi-qochdi suhbatlarga mukkasidan ketgan katta-yu kichikka o‘rnak sifatida ularni kitobxonlikka chorlovchi yangicha qadam bo‘ldi.
Shu o‘rinda bir muhim ma’lumotni aytib o‘tish o‘rinli. AQSHdagi hibsxonalarning aksariyati xususiy bo‘lib, yildan-yilga ularning yangilari qurilar ekan. Turli shtatlarda bunday muassasalar soni har xil va ularning soni jinoyatchilik oshishi yoki tushishi ko‘rsatkichiga qarab belgilanarkan. Qamoqxona qurish biznesi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bundan o‘n yil keyin shtatlarda qancha qamoqxona
qurish kerakligini aniqlash uchun juda ajoyib usuldan foydalanishar, ya’ni aholining kitobxonlik darajasini belgilash maqsadida ommaviy so‘rov o‘tkazishar ekan. Mutolaa darajasi past hududlarda qamoqxona sonini ko‘paytirar, ularning bu harakati o‘rinli bo‘lib, belgilagan hududlaridagi yoshlar qancha kam kitob o‘qigan bo‘lsa, besh-o‘n yildan so‘ng aynan shu hududlarda jinoyatchilik oshar ekan.
Buni eslashimdan maqsad, kitobxonlik davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir paytda hamma kasb egalari bir yoqadan bosh chiqarib bu ezgu ishning targ‘iboti bilan shug‘ullanar ekan, bu millat ilm-ma’rifatda, odob-axloqda yana buyuk bobolarimizga tenglashib olishiga umid bog‘laymiz.
Ochiq darsdan so‘ng ko‘p yillik tajribaga ega, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan Feruza Mirzaahmedovaning ochiq darsi ham katta saboq bo‘ldi. Adabiyot fanidan o‘tkazilgan bu ochiq dars bugun darsliklardan yiroqlashib borayotgan yuqori sinf o‘quvchilarini darsliklarni sevib o‘qishga undash yo‘lida katta ko‘prik vazifasini o‘tagan bo‘lsa ajabmas.
O‘z ona tilimizni asrab-avaylaylik deya jar solishimizga qaramasdan hamon tilimizning qadri va qiymati haminqadar bo‘lib kelayotgan ayni kunlarda russiyzabon sinflarda o‘zbek tilini o‘qitish ahvoli qanday degan savollar bizga tinchlik bermay kelayotgan bir paytda russiyzabon sinflarda o‘zbek tilini o‘qitish yuzaki emasligiga o‘zim guvoh bo‘ldim. Xolida Qoraqo‘ziyeva va Barno Tojiboyevaning russiyzabon o‘quvchilarga o‘tgan darslari menga yoqdi. Ayniqsa, Xolida opaning “Bog‘doy – rizq-ro‘zimiz” mavzusini orttirma va birgalik nisbatlarda mashqlar bilan o‘quvchilarga tushunarli o‘tib
berishi, bir darsning o‘zida ham zamonaviy texnologiyalardan, ham ko‘rgazmali qurollardan foydalanib o‘quvchilarni yozish, gapirish va tafakkur qilishga undashi albatta katta mahoratdir. Eng hayajonli daqiqalar ekranda “Sen yetim emassan!” filmidan olingan qora nonning taqsim qilinishi namoyishi bo‘lgan bo‘lsa, tarbiyaga yanayam undaydigan nuqta bugun non uvol qilinib chiqindiga tashlab yuborilayotgan, tokcha va partalar usti-ostida qoldirilayotgan bir paytda o‘tgan urush yillarida nonning qanchalik e’zozlangani, nonga navbatga turishlar ko’rsatilgani, hozirgi kunimizga qiyoslanganda hammaga eng kerakli tarbiya bo‘ldi. To‘qchilik, tinchlik uchun shukr qilishimiz zarurligini eslatuvchi saboq bo‘ldi. Bir donishmandan “Taraqqiyot qachon bo‘ladi?”, deb so‘rashganda, donishmand “qachonki, shogird ustozdan o‘zib ketsa. Shogird qachonki o‘z kasbini sevsa, sohasining fidoyisi bo‘lsagina ustozidan o‘zadi” deya go‘zal javob bergan ekan.
Bundan chorak asr muqaddam AQSHning Merilend shtati universitetining sotsiologiya fakulteti professorlaridan biri bitiruvchi talabalarni ijtimoy tadqiqot uchun Baltimor shahrining chekka hududida joylashgan bir qishloqqa yuboradi. Bo‘lajak sotsiologlar u yerda yashayotgan ikki yuz nafarga yaqin o‘quvchilarning yashash sharoiti, o‘qish salohiyatlarini o‘rganib chiqib, har bir bolaning kelajakda qanday muvaffaqiyatlarga erishishi mumkinligi haqida taxminiy xulosalar yozishi kerak edi. Bir necha hafta davom etgan tadqiqot so‘ngida barcha talabalar deyarli bir xil xulosaga kelishgan: “Bu bolalar kelajakda hech kim bo‘la olishmaydi!”.
Oradan yigirma besh yil o‘tgach, o‘sha talabalardan biri – endilikda shu universitet professorlaridan bo‘lgan Brett Gogun o‘sha tadqiqot xulosasi haqiqatga qanchalik yaqin bo‘lganini aniqlash maqsadida o‘z talabalaridan bir guruhini Baltimorga yubordi. Tadqiqot xulosalaridan yaxshi xabardor bo‘lgan talabalar u yerdan hayron-u lol holda qaytishdi. Aniqlanishicha, qishloqdagi ikki yuz nafar boladan yigirma nafari vafot etgan, qolgan bir yuz sakson bolaning bir yuz yetmish oltit nafari mashhur advokat, oliy toifali shifokor, o‘qituvchi, boy ferma egasi, hatto ayrimlari taniqli ishbilarmon bo‘lib yetishgan edilar.
“Kelajakda hech kim bo‘la olmaydi”, deya xulosa chiqarilgan avlodning bu qadar katta muvaffaqiyatlaridan ta’sirlangan professor endilikda so‘lim shaharchaga aylangan o‘sha qishloqqa borib, u yerdagilar bilan suhbatlashib, bu muvaffaqiyatlar sirini aniqlashga kirishdi. Hamma shu maktabning bir keksa muallimasini ko‘rsatibdi. Bolalar aynan o‘sha muallimadan ta’lim olgan ekan. Professor u o‘qituvchi ayolning kim ekanligiga qiziqib, insonlar hayotini tubdan o‘zgartira oladigan USTOZ
ziyoratiga oshiqdi.
Yuzlarini chuqur ajin bosgan, ammo ko‘zlarida samimiyat, qat’iyat va ona mehri chaqnab turgan, yetmish yoshlar atrofidagi muallimaga professor “O‘quvchilaringiz bu darajaga yetishishlarining qanday sir-sinoati bor?” deganida, muallima oddiygina qilib:
– Men ularni chun dildan yaxshi ko‘rdim! – deb javob qaytaradi.
Angladingizmi, aziz gazetxon, o‘z kasbiga fidoyilik va mehrning mevasi qancha ezguliklarga yo‘l ochadi.
Oktabr oyining ochiq darslar haftaligini kitobga muhabbat bilan boshlab bergan Iroda Sultonova oy so‘ngida ham ochiq darslar haftaligini o‘zining yana bir mahorat darsi bilan yakunlab berdi.
O‘quvchilarning o‘qishga, darslarga, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorlilarni saralash maqsadida sentabr-oktabr oyida tarix fani o‘qituvchisi Sanjar Abdurahimov tomonidan 7-9-10-sinflarda dolzarb o‘qitish usullaridan sanalgan “Zakovat” bilimlar bellashuvi hamda “Blok test” imtihoni o‘tkazildi. Sanjar Abdurahimov sinf rahbari sifatida ham 8-“D” sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Mukammallik sari olg‘a!” deb nomlangan tanlov joriy qildi va bir chorak davomida o‘quvchilarni darslarni o‘zlashtirishga, adob-axloqli, tartib-intizomli bo‘lishga chorlash bilan sinfda a’lochilarni, alohida iqtidorlarni kashf etdi. Chorak so‘ngida bu o‘quvchilar kitob va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan bo‘lsa, o‘qituvchining o‘zi ham maktab rahbarariyati tomonidan alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Bu o‘qituvchi hali yosh va talaba bo‘lishiga qaramasdan sho‘x-shaddod o‘quvchilarning mehrini qozonib, ularni tartib-intizom, o‘qish-izlanishga yo‘llay oldi.
Muxtasar qilib aytganda, maktabda har bir pedagog o‘z ishiga mas’uliyat va sidqidildan munosabatda bo‘lish bilan kasbiga muhabbatini, yurt oldidagi burchini ado etmoqda. Zero, ta’lim-tarbiya ishida mas’uliyat eng muhim omildir.
Sharofat HAZRATZODA,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
54-maktabning ijodiy-madaniy
masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi