O‘qish darslarida qo‘g‘irchoq teatri
O‘qish darslarida qo‘g‘irchoq teatri
Bolaning savodini chiqarish unga harflarni tanitish bilan boshlansa, tez va ifodali o‘qishni o‘rgatish amaliyotni talab etadi. Ammo hamma o‘quvchi ham xuddi biz kutgandek o‘qiyolmaydi. Yo o‘qishni xohlamaydi. Bunda o‘quvchilarni “Geymifikatsiya”, ya’ni bola e’tiborini noan’anaviy tarzda o‘yin orqali jalb etish mumkin. Aslida bolalar orasida qobiliyatsizi yo‘q.
Bu qobiliyatni yuzaga chiqarishda o‘yin orqali bergan ta’lim-tarbiyamiz bizga katta ko‘mak beradi. Ma’lumki, 1-sinfdan 4-sinfgacha o‘qish darsliklarida o‘zbek va qardosh xalq, chet el ertaklari, o‘zbek va chet el yozuvchilarining asarlaridan parchalar, hikoyalar va sinfdan tashqari o‘qish darslari berilgan. Yuqorida sanalgan barcha mavzular yuzasidan kichik-kichik qo‘g‘irchoq
teatri sahnalashtirish mumkin. Bunda bizdan rollarni o‘quvchilarga bo‘lib berish, kerakli qahramonlar obrazini yaratib berish so‘raladi. Bu qahramonlarni o‘quvchilar o‘zlari yasab ham olishlari mumkin. Bunga katta sarmoya ham shart emas. Faqat mehnat qilish kifoya. O‘quvchilarga “mavzuni o‘qib keling!” degan topshiriqdan ko‘ra “mana shu qahramon sizniki, bu rolni qoyilmaqom qilib o‘ynash uchun qaysi obrazlardan keyin va qayerlarda gapirishingizni o‘rganib keling, bu qahramonning tabiati qanday, o‘zini qanday tutishi
kerak? Shularga ham e’tibor
bering” deyish kifoya. Bunday ishonchga ega bo‘lgan o‘quvchi vazifani qiziqish bilan va sidqidildan bajaradi. Buni o‘zimning ish tajribamda sinaganman.
Bunda sinf o‘quvchilarini guruhlarga ajratib mavzular qahramonlari rollarga bo‘linadi. Masalan, o‘quvchilardan tortinchoqroq qizga qizil shapkacha roli berilsa, u o‘zining barchaning diqqat markazida ekanini his qiladi va yanada faol bo‘lishga intiladi. Dars davomida qaysi guruh sahnalashtirgan teatr qiziqarli va mazmunli, maromiga yetkazib ijro qilingani aniqlanib, g‘olib guruh aniqlanadi. O‘yin orqali o‘quvchilarning faolligi oshishi bilan bir qatorda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning yashirin iqtidori, nutqida nuqsoni bor o‘quvchilarning rolni o‘ynash jarayonida hech qanday nuqsonsiz gapira olishiga bo‘lgan ishonchi ortishi, ularda ko‘p kitob o‘qish natijasida bu nuqsonning yo‘qolishi (chunki, duduqlanib gapiradigan bolalar ko‘p hollarda: she’r aytish, mutolaa qilish, biron tadbirda rol o‘ynash jarayonlarida duduqlanmaydilar), sinfdan tashqari o‘qish darslarida esa, o‘quvchilarni badiiy kitobni o‘zi izlab, ishtiyoq bilan o‘qishga undaydi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida har guruhga har xil mavzu berish kerak. Shunda sinf o‘quvchilari bir emas, balki bir nechta mavzu haqida ma’lumotga ega bo‘ladilar. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun shu tayyorlangan teatrlarni shanba kunlari maktab zalida boshqa o‘quvchilar oldida qo‘yib berish orqali esa, o‘quvchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari ortishi bilan birga boshqa o‘quvchilarning badiiy adabiyot, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqishlari ortishiga hissa qo‘shishimiz aniq.
Geymifikatsiya metodiga yondashgan holda, qo‘g‘irchoq teatri usuli o‘qish darslarida yuqoridagi o‘rinlarda yoki o‘qituvchining ijodiy yondashuviga qarab har xil tarzda qo‘llanilib turilsa, bu fanda nafaqat o‘zlashtirish, balki samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Zebo YUSUPBOYEVA,
Ellikqal’a tumanidagi
12-maktab o‘qituvchisi