O‘qish tezligi past bo‘lsa…
O‘qish tezligi past bo‘lsa…
Boshlang‘ich sinflarda o‘quvchining o‘qish savodxonligiga tez erishishi o‘qituvchidan ko‘p mehnat talab etadi. Ba’zi o‘quvchilar harflarni tezda tanib, bir-biriga qo‘shib o‘qib ketishga qiynalmaydi, ayrimlari esa aksincha. Ota-onalarga 1-sinfdan boshlab uyda farzandingizga o‘tilgan matnni 10 martalab o‘qiting, deb tayinlaymiz.
Ammo bunga ko‘pchilik amal qilmaydi. Ba’zi onalar bilan gaplashganimda “baribir o‘qishni o‘rganadi-da, hammamiz ham boshida shunday qiynalganmiz”, deb deyarli bola bilan uyda shug‘ullanishmaydi. Ammo bu noto‘g‘ri xulosa. Aslida o‘quvchining me’yordagi tezlikda o‘qiy olmasligi erinchoqlik tufaylidir.
O‘quvchi o‘qishni vaqtida yaxshi o‘zlashtirmasligi uning boshqa darslardan ham sinfdoshlariga nisbatan ortda qola boshlashiga sabab bo‘ladi. Tez o‘qiy olmaslik oqibatida doskadagi mashqlarni sekin ko‘chiradi. Topshiriqlarni ham boshqalardan ortda qolib bajaradi. Shu bois tez o‘qish o‘quvchiga har jihatdan zarurdir.
O‘qish tezligi past bo‘lgan o‘quvchilarimga yangi usul o‘ylab topdim. Bu tez orada samara bera boshladi. Har bir darsdan so‘ng darslikdagi o‘tilgan hikoya, she’r matni ustiga qog‘ozcha (turli shakllardagi stikerlar) yopishtirib qo‘yaman. Uyda ota-onalar farzandiga matnni yaxshilab o‘qitib, 1 daqiqada nechta so‘z o‘qiganini qayd etib, imzo qo‘yishadi. Har bir mavzuda shu usulni qo‘llab borarkanman, ota-onalar ham bolalari bilan shaxsan shug‘ullanishga majbur bo‘lishyapti. Natija yaxshilanib borayotgani esa kundan-kunga qog‘ozchalarda o‘qilgan so‘zlar miqdori oshib borayotganidan ayon bo‘ladi. Bu usulni qo‘llar ekansiz, o‘qituvchi sinfda ham o‘quvchining uyda o‘qib kelgan matnini boshqatdan o‘qitib, ota-ona qayd etgan natija bilan solishtirishi darkor.
Shu usulni qo‘llaganimdan buyon ota-onalarning faolligi kuzatila boshladi. O‘quvchilar esa hatto tanaffusda ham bir-birlari bilan “Kim tez o‘qish” o‘yinini o‘ynashyapti.
Iltifot UMAROVA,
Yunusobod tumanidagi
235-maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi