O‘qishini koʻchirib bermoqchi boʻlgan talabalar ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi U.Yo. fuqaro M.ning ishonchiga kirib, uning singlisini 3 700 AQSH dollari evaziga institutning boshlangʻich taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyishga kelishib, 2 000 AQSH dollari va 17 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Oltinsoy tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali talabalari N.K. va B.T.lar fuqaro S.ning Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialida taʼlim olayotgan qizining oʻqishini tanishlari yordamida Toshkent tibbiyot akademiyasiga koʻchirib berishiga ishontirib, 4 900 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlanib, tekshiruv davomida N.K. va B.T.lar tomonidan qaytarilgan 4 900 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.