“O‘qituvchi fidoyi va tashabbuskor bo‘lmogʻi kerak”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi. Davlatimiz rahbari unda “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda. Maktab ta’limini rivojlantirsak, oliy ta’lim ham, ilm ham kelajakda rivojlanadi...”, degan edilar.
Ushbu mulohazalardan kelib chiqib, poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 207-maktabda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni maktab direktori M. Shodmonova olib bordi. Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalari” bo‘yicha kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi hamda yo‘l xaritasi tuzildi.
— Men o‘ttiz sakkiz yillik pedagogik faoliyatimni o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlaganman, — deydi M. Shodmonova. — Bugungi kun o‘qituvchisi fidoyi, tashabbuskor bo‘lmog‘i kerak. Yangicha fikrlashi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi shart. Har bir o‘quvchi bilan individual ishlashi, ularning bilim salohiyatini rivojlantirishi ustida bosh qotirishi va tinmay izlanishi lozim. Shundagina zamonaviy bilimga ega yoshlar safini kengaytirish mumkin. Buning uchun bizda sharoit bor. Faqat undan oqilona foydalanish darkor. Bo‘lmasa bugun aytilib, qog‘ozlarda qolib ketaveradi.
Maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari M. Jo‘rayeva so‘zga chiqib, istiqbolli rejaga asosan ta’lim muassasasini 26 nafar o‘qituvchisi malaka toifasiga o‘tish uchun yana bir imkoniyat ekanligi haqida gapirdi. Maktab kutubxonachisi N. Yo‘ldosheva ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Kutubxonaga kelolmayotgan o‘quvchi va ota-onalar uchun “Yalang‘och” mahallasidan joy ajratilgani hamda yaqin kunlarda u yerda kutubxona o‘z faoliyatini boshlashi, bu esa o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini kitob mutolaasiga jalb etishga omil ekanini aytib o‘tdi.
Shuningdek, ingliz tili fani o‘qituvchilari M. Mirzayeva hamda H. Azimovalar xorijiy tillarni o‘qitishni kuchaytirish bo‘yicha istiqolli rejalari xususida fikr bildirdilar.
Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida kelgusida bajariligi loizm bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Yig‘ilish ko‘taringki ruhda o‘tdi.