O‘qituvchi, muallim, domla…
Bu darajalarga yetishish mehnat talab qilsin!
Boshlang‘ich ta’lim har bir inson hayotidagi muhim bosqich. U ta’lim jarayonlarining poydevori. Shunday ekan, maktabning boshlang‘ich ta’lim bo‘g‘iniga katta e’tibor berish, undagi mavjud kamchiliklarga qo‘l siltamaslik darkor. Hurmatli hamkasblar, siz bilan boshlang‘ich sinf va unga rahbarlik qilish borasidagi fikr va takliflarimni o‘rtoqlashmoqchiman.
1. Fikrimcha, alifbe darsi haftasiga yetarli miqdorda taqsimlanmagan. Aytaylik, 4 soatdan 15 hafta o‘tilsa, jami 60 soat alifbe saboqlarini o‘rganishga ajratiladi. Bir soat darsimiz 45 daqiqa ekanligini ham e’tibordan qochirmaylik. Bu bog‘chaga bormagan minglab bolalar ham maktabga qadam qo‘yiboq ikki sutkada o‘qishni o‘rgansin degani. Sinfdagi 30 nafar o‘quvchiga alifbeni 45 soatda o‘rgatish talabi qo‘yilgan bo‘lsa, 45:30=1,5 soatga teng bo‘lib, o‘qituvchining har bir o‘quvchi bilan ishlashiga 1,5 soatdan vaqt to‘g‘ri kelar ekan.
2. Ayni damda haftasiga 5 kunlik o‘qish joriy qilingan. Ya’ni o‘quv kuni 163 kun, ta’til esa 202 kun. Bu o‘quvchining bilim olishi uchun yetarli emas. 1-sinfga kelgan o‘quvchiga alifbe, ona tili, matematika, chet tili, tabiat, tarbiya, tasviriy san’at, musiqa, texnologiya, jismoniy tarbiya fanlarini o‘zlashtirish, 2-sinfdan esa rus tilini ham o‘zlashtirish talablari qo‘yilgan. Lekin qishloq sharoitida 5 kun maktabga kelib, shanba va yakshanba kunlari uy ishlari bilan band bo‘lib, ota-onasining xo‘jalik ishchisi va chorva-mollari qarovchisi bo‘ladigan o‘quvchiga yengillik bo‘lishi uchun ta’til kunlaridan ko‘ra o‘qish kunlarini uzaytirish kerak.
Agar haftasiga 6 kun o‘qish bo‘lsa, 217 kun o‘qish, 148 kun ta’til bo‘ladi. 6 kunlik o‘qish o‘quvchilarning bilim olishi uchun samaraliroq deb bilaman.
O‘qituvchi faoliyatini baholash va rag‘batlantirish ham juda zarur.
Faoliyatining har bir bosqichida o‘qituvchilarga pedagogik nom berish va shunga muvofiq rag‘batlantirib borish joriy qilinsa, ular ham o‘zgarish va keyingi bosqichlarga yetishishga
harakat qiladi:
1. Mutaxassis oliy o‘quv yurtini tamomlab maktabda “O‘qituvchi” bo‘lib ish boshlaydi. U oddiy o‘qituvchi sifatida 5 yil ishlab beradi.
2. So‘ngra faoliyati davomida o‘zini ko‘rsata olsa, maktab rahbariyati tomonidan ishi o‘rganib chiqilib, 5–10 yil ichida “MUALLIM” deb nom berilib, direktor jamg‘armasi hisobidan 5 foiz ustamaga ega bo‘ladi.
3. 10–15 yillik samarali mehnati tuman XTB tomonidan o‘rganib chiqilib, “DOMLA” deb nom beriladi va 10 foizlik ustamaga tavsiya etiladi.
4. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish davomida 15–25 yil samarali mehnat qilgan o‘qituvchiga “USTOZ MUALLIM” nomi va 15–20 foizlik ustama beriladi.
Mazkur darajalarga erishgan o‘qituvchilarga barcha o‘z unvoni bo‘yicha murojaat qilsa (o‘qituvchi, muallim, domla, ustoz muallim), bu pedagogning mehnatiga yarasha hurmatga sazovor bo‘lishini ham ko‘rsatardi.
Ushbu nomlarga sazovor bo‘lolmagan o‘qituvchi 40 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lsa ham, oddiy o‘qituvchi bo‘lib qolaveradi. Nomga sazovor o‘qituvchi faoliyatida pasayish, xulq-atvori yomonlashishi kabi holatlar yuz bersa, daraja olib tashlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Boyto‘ra RUSTAMOV,
Chiroqchi tumanidagi 17-maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi