O‘qituvchi va o‘quvchilar teatrga bepul kiritilishi kerak!
O‘qituvchi va o‘quvchilar teatrga bepul kiritilishi kerak!
Hafta davomida ikki-uch marotaba teatrga tushishga odatlanganman. Aksariyat hollarda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga borishni afzal bilaman. O‘tgan haftaning shanbasi edi. Muqimiy teatrida dramaturg Nafas Shodmonov va rejissor Doston Haqberdiyning “Baxshi”musiqali dramasining premyerasiga tushdim. Odam siyrak. Shuningdek, tomoshabinlarning aksariyati yoshi kattalar. Yonimda o‘rta yoshli bir ayol. Undan narida chamasi o‘n uch yo o‘n to‘rt yashar maktab o‘quvchisi o‘tiribdi. Spektakl boshlanishiga roppa-rosa 20 minut bor.
Yonimdagi opa:
— Talabamisiz? — deya murojaat qildi.
— Ha, talabaman.
— Teatrga tez-tez tushib turasizmi?
— Ishdan bo‘sh kunlari tushaman. Haftada ikki-uch martagacha, — deyman soatimga tikilib. Jimlik. Oradagi jimlikni buzib, ayol so‘z qotdi:
— Men ham farzandlarimni navbati bilan haftada bir marta teatrga olib tushaman. O‘qituvchiman. Maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beraman, — deya birozgina jimib yana gap boshladi. — Bugun aksariyat yoshlarimiz fikran yalqov bo‘lib qolgan. Buning sababi kitob o‘qimaslikdan. Amaliyotdan ma’lumki, bola yoshligida kitob o‘qishni zerikarli ish deb biladi. Kitob o‘qishga erinsa, teatrga tushib turish kerak. Ko‘rayotgan voqealarini mulohaza qilishga urinadi. O‘zicha xulosa qiladi. Afsuski, unday emas. Ko‘pchilik ota-onalar bolasiga befarq. Har safar ota-onalar majlisida “bolangizni teatrga olib tushing” deyman. Keyin “Qaysi spektaklga tushdingiz?”, deya o‘quvchilarimdan so‘rayman.
Ota-onalar majlisda mulzam bo‘lmasligi uchun ham farzandini teatrga olib tushadigan bo‘ldi. Ahamiyatlisi, to‘rt yil har xil spektakllarni tomosha qilayotgan o‘quvchilarim yuqori sinfda kitob mutolaasiga tutinishi oson kechyapti. Bolaga endi katta bo‘lding, kitob o‘qishing kerak, deyish noto‘g‘ri. Uni yoshligidan kitobxonlikka o‘rgatib borish kerak. Ushbu yo‘lda esa spektakl, devoriy gazetalar chiqarish va bolani zeriktirmaydigan hamda fikrlashga undaydigan tadbirlar qo‘l keladi. Bugun ko‘pchilik yurtdoshimizning ongida “teatr — hordiq chiqarish maskani” degan yanglish tushuncha paydo bo‘lgan. Aslida, teatr dam olib ketadigan joy emas. Aksincha, odamni fikrlashga, yaxshini yomondan ajratishga o‘rgatadigan joy. Ammo ko‘ryapsizki, riyozat chekib yaratilgan asarlarga gurros-gurros tomoshabin kelmayapti. Bu esa fikran yalqov bo‘lganimizdandir. Masala yechimi esa yurtdoshlarimizning zohirida emas, botinida yashirinib yotibdi. Ya’ni maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilariga teatrga tushishga imtiyoz yaratish kerak. Shunda ota-ona ham farzandini og‘rinmay teatrga olib tusharmidi!? Sababi, hammada vaziyat har xil. Ko‘pchilik pulini qizg‘anadi. Shuning uchun, ushbu masalani ko‘rib chiqish lozim, menimcha. Gapning indallosi, o‘tkinchi hoy-u havaslarga berilib, ulug‘vor maqsadlar yodimizdan ko‘tarilmasligi kerak.
O‘qituvchi gapini eshitib xursand bo‘ldim. Yoshligimda otam va onam ham biz, ya’ni besh nafar farzandini navbat-navbat teatrga olib tushar edi. O‘shanda “nega hammamizni birdan olib bormaysiz?” deb so‘rardik. Onamning javobi kechagidek yodimda: “Hammangni birdan olib tushsak, bitta spektaklni ko‘rib kelasilar. Agar beshalangni navbat bilan har xil spektaklga olib tushsak, deyarli beshta spektakl haqida ma’lumotga ega bo‘lasan”. Haqiqatan ham, shunday edi. Otam va onam bilan qaysimiz birga borsak, kela solib spektakl va voqealar haqida fikrimiz bilan o‘rtoqlashardik. Shunda qolgan to‘rtalamiz ham biron spektaklni ko‘rmasak- da u haqida ma’lumotga ega bo‘lganmiz. Beshalamizni birga olib borsa qancha xarajat ketadi? U yog‘i bizga qiziq bo‘lmagan. Ammo bugun ulg‘ayib,hayotni uncha-muncha tushungandan so‘ng anglab yetyapmizki, haftada bir marta bo‘lsa ham teatrga olib tushishgani-yu, uyga qaytganimizdan so‘ng mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashganimizdan juda mamnunmiz. Chunki teatr hayotda qaysi yo‘l to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘riligini ko‘rsatib beryapti. Muhimi fikrlashni, har voqeaga nisbatan mulohaza yuritishni o‘rgatdi va kitobga oshno qildi. Bugun ota-onalarga “Xo‘sh, farzandingizni oxirgi marta qachon teatrga olib tushdingiz?”, deya savol bersak, deyarli ko‘pidan o‘zimiz istagan javobni ololmaymiz. O‘qituvchilarning oyligi orzu qilganimiz qadar baland emasligi hech birimizga sir emas. Shunday ekan o‘qituvchi va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari teatrga tushishiga qandaydir imtiyoz joriyetish kerak. Shu o‘rinda, ushbu masalada nafaqat o‘qituvchilar, balki katta-kichik rahbarlarimiz ham raiyatga ibrat ko‘rsatsa, yomon bo‘lmasdi. Chunki katta arava qayoqqa yursa, kichiklari ham shunga ergashadi. Aqalli oyda bir martagina teatrga vaqt ajratishsa, san’atkorlarga ham ruhiy dalda bo‘lar edi. Shuningdek, so‘zim oxirida yana bir taklifni bermoqchiman. Maktab dasturiga ham sahna san’atiga oid biror-bir predmet kiritish kerak. Uka va singillarimiz ham o‘quvchilik chog‘laridanoq teatrga borish, spektakl tomosha qilish madaniyatini o‘zlashtirsa, yomon bo‘lmasdi. Ammo unutmaylikki, yoshlarni san’atga muhabbat ruhida tarbiyalash bilan ish bitmaydi. Hamma zamonda ham muhimi – ota-onani ma’rifatli etmoq. Chunki tafakkurni o‘zgartirishdan tog‘ni siljitish oson, degan gap bor. Yoshlar qalbiga o‘rnashayotgan yanglish qarashlarni
ildizi bilan sug‘urib tashlash uchun harakat qilmog‘imiz lozim.
Murod RAHMAT