“O‘QITUVCHILAR OLIMPIADASI”NING RESPUBLIKA BOSQICHI MUSOBAQALARI BOSHLANDI
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Yakkasaroy tumanidagi 118-umumta’lim maktabida maktab o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi musobaqalari boshlandi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur olimpiada 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab matematika fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, qobiliyat, kasbiy mahoratlarini ro‘yobga chiqarish, ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uch bosqichda o‘tkazilgan bo‘lib, unda jami hisobda 6000 ga yaqin o‘qituvchilar ishtirok etgan.
“O‘qituvchilar olimpiadasi” ko‘p sonli ustozlar va o‘qituvchilarning takliflari asosida 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab matematika fanidan tashqari fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ham tashkil qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilgi olimpiada musobaqalari ham uch bosqichda tashkil qilinadi. Olimpiadaning dastlabki bosqichida ixtiyoriy ravishda jami 30 ming nafarga yaqin ustozlar ishtirok etishdi.
Olimpiadaning Respublika bosqichi joriy yil 6-7-yanvar kunlari poytaxtimizdagi 118-sonli umumta’lim maktabida tashkil qilinmoqda.
Unda barcha fanlar doirasida jami 168 nafar (fizika, kimyo va biologiya fanlaridan 3 nafardan, har bir hududdan 12 nafardan) o‘qituvchilar ishtirok etishi belgilangan.
Olimpiadaning birinchi kunida ishtirokchilarga 5 ta masaladan iborat yozma ish vazifasi beriladi hamda ushbu topshiriqni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Ikkinchi kunida ishtirokchilarga tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik qism va test topshiriqlaridan iborat vazifalar beriladi.
Metodik qismda ishtirokchilardan taqdim etilgan topshiriqlarning misol va masalalarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yechilganligini izohlab, har bir masalani baholashi talab etiladi. Ushbu topshiriqni bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi va natijalar 50 ball bilan baholanadi.
Respublika bosqichi natijalariga ko‘ra, har bir fan bo‘yicha 6 nafardan iborat g‘oliblar aniqlanadi hamda ular turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Barcha fanlar natijalariga ko‘ra hududlar bo‘yicha reyting e’lon qilinadi.
Mazkur olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘qituvchilar bilan kelgusida iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashda hamkorlik o‘rnatiladi.
Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarni Respublika, xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash jarayonlariga jalb qilinadi.
“O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi joriy yilning 7-yanvariga qadar davom etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati
www.uzedu.uz, press@xtv.uz