O‘qituvchini rag‘batlantirish mezoni tadbirbozlikka asoslanmasin!
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 823-son qaroriga muvofiq o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlariga qarab bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalarni belgilash mezonlari yuzasidan ayrim mulohazalarimni bildirmoqchiman.
Baholash mezoni 9 banddan (2- va 3-band mazmunan bir bo‘lib, yuqori va boshlang‘ich sinf uchun ajratilgan) iborat. Bandlarni mazmuniga ko‘ra 4 qismga ajratish mumkin. Birinchisi, bevosita ta’lim mazmuniga tegishli, 1-, 4-bandga jami 25 ball ajratilgan. Ikkinchisi, ya’ni tadbirlarni tashkil qilishga tegishli 2- , 3-, 8-bandlarga jami 45 ball ajratilgan. Uchinchisi, ish staji, malaka oshirganligi va sinf rahbari faoliyatiga tegishli, 5-, 6-, 7-bandlarga jami 25 ball ajratilgan. To‘rtinchisi, o‘quvchilar va Kuzatuv kengash a’zolari fikri bilan baholash mezoniga tegishli, 9-bandga jami 10 ball ajratilgan.
O‘qituvchi faoliyatining asosiy mazmun-mohiyati,
uning faoliyatining sifat ko‘rsatkichi 1-banddagi mezon o‘qituvchi dars o‘tayotgan sinflardagi o‘quvchilarning choraklik o‘rtacha baholari o‘zlashtirishning sifat (“ 4” va “ 5” baho) ko‘rsatkichi asosida baholanadi. Bu mezon bo‘yicha “Sifat ko‘rsatkichi umumiy o‘quvchilar sonining 86 foizi va undan yuqori, shu jumladan, murakkab fanlar (ona tili, rus tili, chet tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya) yo‘nalishlarida 81 foizdan yuqorini tashkil etganda” 5 ball qo‘yiladi.
Endi e’tiboringizga tanlov va boshqa tadbirlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ishtirokidagi mezonni — “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlardagi ishtiroki natijalari asosida baholanadi” deyilgan 3-bandni keltiramiz. Maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan o‘quvchilari uchun to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 55–70 foizgacha 10 ball, 71–85 foizgacha 20 ball, 86–100 ballgacha 30 ball qo‘yilishi belgilangan.
O‘qituvchining bir o‘quv yilida 30–40 nafar o‘quvchisi bo‘lgan sinfda o‘rtacha sifat ko‘rsatkichi 86 foizdan oshirishga erishsa 5 ball, tadbirda o‘quvchisi (qancha o‘quvchi soni qatnashishi belgilanmagan) 86 foizdan yuqori ball to‘plasa 30 ball beriladi.
O‘qituvchilarni rag‘batlantirishning bu mezonlari qanday oqibatlarga olib keladi? Birinchi navbatda maktablarda tadbirbozlik rivojlanishiga, ta’lim sifatining yanada pasayib ketishiga olib keladi. O‘qituvchi sinfida o‘quvchilar bilimini oshirishga, sifat ko‘rsatkichini yaxshilashga harakat qilishdan ko‘ra, o‘quvchilarini maktab miqyosidagi tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok
etishiga e’tibor berishni boshlaydi. Sinfda o‘quvchilarning o‘rtacha sifat ko‘rsatkichi pasaysa, ballni tadbirlar orqali to‘ldirishga harakat qilinadi. Dars uchun vaqt ajratmasdan, tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishga vaqt ajratiladi. Tadbirlarni tayyorlaydigan mutaxassislarni qo‘shimcha mablag‘ hisobiga (ota-onalar mablag‘i hisobidan) o‘quvchilarni tayyorlashga jalb qilishga harakat boshlanadi. Uchinchi Renessansga tadbirbozlik bilan erishib bo‘lmaydi. Maktab boshqaruvidagi amaldagi tartiblar ham o‘zgaradi. Yaxshi o‘qituvchi
bilimi, kasbiy mahorati bilan emas, tashkilotchilik qobiliyati bilan baholanishiga olib keladi. Xavotirlar hozircha shunday...
Umumta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlariga qarab bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalarni belgilash mezonlarini qat’iy qayta ko‘rib chiqish lozim deb o‘ylayman. Siz nima deysiz?
Oysara USANOVA,
Filologiya fanlariga ixtisoslashgan
davlat umumta’lim maktabining boshlang‘ich
sinf o‘qituvchisi