O‘qituvchining kitobxon formulyari, afsuski, bo‘m-bo‘sh!

O‘qituvchining kitobxon formulyari, afsuski, bo‘m-bo‘sh!
Har gal kutubxona haqida so‘z ketganida quyidagi rivoyat yodimga kelaveradi. Buyuk tabib Ibn Sino podsho Ibn Mansurni davolab, sog‘ligini tiklaydi. Podsho xursand bo‘lganidan unga davlatining ma’lum qismini bermoqchi bo‘ladi. Ammo Ibn Sino buning o‘rniga saroy kutubxonasidan foydalanishga ijozat so‘raydi. Darhaqiqat, kutubxona qanday zaruriy, aziz dargoh.
“Maktab kutubxonachisi mavqeyi qachon oshadi?” maqolasida muallif har bir maktabda uchraydigan muammolarni qalamga olgan.
Tashqaridan qaragan kishi kutubxonachining vazifasi yengil, faqat kitob o‘qib o‘tiradi, deb o‘ylaydi. Aslida esa, o‘zim ko‘p guvoh bo‘lganman, kutubxonachiga katta mas’uliyat yuklanadi. U o‘qituvchi, o‘quvchi, ota-onalar bilan doimiy va bevosita aloqada bo‘lib turadi. Ayniqsa, sentabr-oktabr oylarida kutubxonachining bosh qashlashga ham vaqti bo‘lmaydi. Bir qarasangiz ijara darsliklarini sanab o‘tirgani, bir qarasangiz bankka pul topshirishga ketayotganini ko‘rasiz.
– Maktabimizdan bu yil jami 51 mln 180 ming 600 so‘m to‘lov amalga oshirildi, – deydi kutubxona mudiramiz Maxsudaxon Po‘latova. – Albatta, bu oz summa emas. Pulni yig‘ib, bankka topshirib olishning o‘zi mashaqqat. Bundan tashqari, yuqoridan tekshiruv bor, deyishsa bormi, bechora kutubxonachi o‘qituvchilarga yalinishga tushadi. “O‘qigan badiiy adabiyotingizni ro‘yxatga tushirib qo‘yinglar(mabodo o‘qigan bo‘lsa)”, deb o‘qituvchilar uchun kitobxon formulyari yuritiladi, lekin ichi bo‘sh... Bunga nima deysiz? O‘qituvchining kutubxonaga kirib badiiy adabiyot olib o‘qish uchun vaqti yo‘q. Natijada, kutubxonachi yuragi ezilib, kitobxon formulyarini “osmondan olib” to‘ldirib qo‘yadi.
Maqolada ko‘rsatilgan muammolarning ayrimlari bizda ijobiy hal etilgan. Kutubxonamizda ikki nafar xodim faoliyat yuritadi.
– Haqiqatan ham, avvallari maoshim juda kam edi. Yangi o‘quv yilidan ko‘tarildi. Vazirlar Mahkamasining 831-qarori asosida ustama ham olyapman. Kutubxonamizda badiiy kitoblar kam, buning ustiga o‘qituvchilarimiz kirishmaydi. Qani endi badiiy kitoblar ko‘p bo‘lsa, o‘qituvchilarimiz qo‘llarida kitob bo‘lsa, – deya kuyinadi kutubxonachimiz Maxsuda opa.
Ajabo, biz o‘qituvchilar kitob o‘qish uchun kutubxonaga kirmasak, qanday qilib o‘quvchimizni ma’naviyatga, mutolaaga boshlaymiz? Maktab kutubxonalarida mutolaa muhitini shakllantirishga o‘qituvchilar ham bevosita aloqador. Bo‘sh qolsak internetga, ijtimoiy tarmoqqa o‘zni uramiz. Hatto gazeta va jurnallarga ham qiziqmay qo‘ydik. Obuna mavsumi boshlandi. O‘z istagimiz bilan sevimli nashrlarimizga obuna bo‘laylik, kutubxona ham bizning sevimli maskanimizga aylansin!
Rahbaroy MELIBOYEVA,
Uchko‘prik tumanidagi
5-maktab o‘qituvchisi