O‘quvchilar bilan “BAHOR” salatini o‘rganamiz
O‘quvchilar bilan “BAHOR” salatini o‘rganamiz
Sovuq kunlar tugab, ko‘klamga ham omonlikda yetdik. Bu davrda inson organizmi uchun vitamin va ozuqaviy moddalarga boy bo‘lgan yeguliklarga ehtiyoj sezadi.
Bunday vitamin va mineral moddalar salatlarda ko‘p bo‘lgani sabab ishtahaochar hisoblanadi va taomdan oldin dasturxonga tortiladi.
Shu jihatlarni e’tiborga olgan holda bu gal o‘quvchilar bilan bahoriy salat tayyorlashni o‘rgandik. Qizlarning amaliy mashg‘ulotlarga qiziqishi kuchli va doim faol ishtirok etadi.
Avvalo, o‘quvchilarning sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishi nazorat qilib, sabzavotlarni qanday to‘g‘rash zarurligi o‘rgatildi.
“Bahor” salati uchun kerakli masalliqlar: 3 dona qaynatilgan tuxum, 4 dona rediska, 3 dona bodring, 4 dona cherri pomidori, 1 bog‘ ko‘k piyoz, 1 bog‘ salat bargi, 1 bog‘ shivit, 200 g smetana, tuz (ta’bga ko‘ra). Imkon qadar mahsulotlar barra, yangi uzilgan bo‘lishiga e’tibor berish zarur.
Tayyorlanishi: yuvib tozalangan bodring, rediska va tuxum somoncha shaklida to‘g‘raladi. Ko‘k piyoz 2 sm uzunlikda, shivit esa mayda qilib to‘g‘raladi. Salat bargini qo‘lda maydalash kerak, pomidorni ikkiga bo‘lish kifoya. Tuxum va shivitdan tashqari barcha masalliqlar tuz qo‘shiladi va barchasi kattaroq idishga solib, smetana bilan aralashtiriladi. Tayyor salat likopchaga tog‘day uyib qo‘yiladi, bezatilgach dasturxonga tortiladi.
Amaliy jarayonda qizlar, nafaqat taom tayyorlash balki uni chiroyli tarzda dasturxonga tortish san’ati, shuningdek, oshxonada tozalikka rioya qilish muhimligini o‘rganadi.
Hafiza MURADOVA
Yangihayot
tumanidagi 333-maktabning
texnologiya fani o‘qituvchisi