O‘quvchilarni til to‘garaklariga qiziqtirish jarayoni
O‘quvchilarni til to‘garaklariga qiziqtirish jarayoni
Insonning ilmga bo‘lgan chanqoqligini qondiruvchi birinchi ziyo chashmasi bu, albatta, maktablardir. Maktabda o‘quvchi shaxs sifatida shakllana boshlaydi. Undagi barcha iqtidor va qobiliyatlar barq urib, o‘zini namoyon qiladi. Shu bois ham biz ustozlardan nafaqat darslarni, balki to‘garaklarni ham katta e’tibor va mas’uliyat bilan tashkil etish talab etiladi.
Keyingi yillarda ta’limni isloh qilish bo‘yicha ko‘pgina qaror va qonunlar qabul qilindi. Ularda o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilish vazifalari ham yetarlicha o‘z ifodasini topmoqda. O‘quvchilarni to‘garak ishlari orqali kasb-hunarga yo‘naltirish tizimining takomillashtirishning yangi konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu esa o‘z navbatida bolaning shakllanayotgan davri, maktab chog‘larida turli kasblar bilan tanishtirib borish va bolaning qiziqishlari asosida kasbga yo‘naltirishni taqazo etadi. Bizning ona tili to‘garagimizda o‘quvchilarda suxandonlik, notiqlik, aktyorlik, jurnalistika kasblariga qiziqishi bor bolalarga o‘zlari yoqtirgan soha bo‘yicha qobilyatlarini tarbiyalab borish imkoni beqiyosdir. E’tiborga molik jihati shundaki, ona tili va adabiyot to‘garaklarida bolaning qiziqishlaridan tashqari uning ruhiyati yetuklik sari intiladi va vatanparvarlik, insonparvarlik ruhida tarbiyalanadi.
Yuqori sinf o‘quvchilari fanlar doirasida tashkil qilingan to‘garaklarga ixtiyoriy tarzda ishtirok etadilar. Qaysi to‘garakda ko‘proq o‘quvchi ishtirok etishni istasa, shu to‘garak tashkiliy jihatdan mukammal va qiziqarli hisoblanadi. Sababi bola bir-biridan ko‘rgan va eshitgan narsasiga, albatta, qiziqish bildirmay qolmaydi. Shu bois bugun sizga ona tili va adabiyot to‘garaklariga qanday qilib o‘quvchilarning qiziqishlari oshishiga erishish jarayoni bilan o‘rtoqlashamiz.
Har bir o‘qituvchi o‘z fani doirasida tashkil etayotgan to‘garagada ko‘plab a’lochi o‘quvchilar bilan bir qatorda o‘zlashtirishi biroz orqada qolayotgan o‘quvchilar bilan ham birdek ish olib borishga majbur. Sababi biz to‘garaklarni ikki turga ajratib o‘z navbatida biroz xatoga yo‘l qo‘ydikmi, deb o‘ylab qolaman. 1993–1995-yillar chamasi ta’lim sohasida yangilik sifatida a’lochilar, o‘rtacha o‘zlashtiruvchilar va past o‘zlashtiruvchilar sinflari tashkil qilingan. Bu ish o‘zini oqlamagani ta’lim tarixida ko‘rga hassa kabi namoyon bo‘lib turibdi. O‘quvchi zoti borki, hech qachon o‘zi rivojlanib qolmaydi. Uning rivojlanishiga o‘qituvchining mahorati hamkor qilmasligi mumkin. Axir tasavvur qiling bir xonaga bo‘sh o‘zlashtiruvchilarni yig‘ib olib zamonaviy usulda to‘garak tashkil qildik, deylik. Guruhimizdagi barcha bolalarda bo‘shliqlar ko‘pligi bois bir-biriga shu tariqa ta’sir ko‘rsatadi. Agar shu guruhimizda aytaylik, 20 foiz bola iqtidorli bo‘lsa, iqtidorli bolalarning iqtidori, ijod mahsuli o‘z -o‘zidan bo‘sh o‘zlashtiruvchilarda havas uyg‘otadi va bolada intilish, ijod qilishga ishtiyoq namoyon bo‘la boshlaydi. Hamma rivojlanishlarning otasi raqobatdir. Raqobat bor joyda, albatta, rivojlanish ham bo‘ladi. Shunday ekan men saralanmagan guruhlarda ishlashni afzal ko‘raman. Hazratim Mir Alisher Navoiy ham “Nekin o‘z qoshingda erur noravo, Ulusqa oni ko‘rma also ravo”, deb bejiz aytmaganlar. Biz bo‘sh o‘zlashtiruvchilarni bir guruh qilib, ular bilan bosqichm- bosqich ish olib borgan holda sifat – samaradorlikni oshishiga umid qilamiz. Lekin mana ikki yildirki tajribamdan ma’lum, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar uchun tashkil etilgan to‘garagimda faqat turg‘unlikni ko‘ryapman. Qancha zamonaviy ta’lim usullaridan foydalanmay baribir bolalarda on qadar yuksalish sezilmaydi. Avvallari esa aralash guruhlarda ishlash juda qiziq edi. Nima uchun deysizmi, o‘qituvchiga bo‘sh o‘zlashtirayotgan o‘quvchisini kundan kunga yuksalib borishini ko‘rishdandan ortiqroq baxt bormi o‘zi?
A’lochi o‘quvchiga deylik vatan haqida kichik matn tuzdirdik. Bu matnni, albatta, ko‘ngildagidek matn bo‘lishiga shubha yo‘q. Sababi uning muallifi iqtidorli, a’lochi o‘quvchi. Bu matnni eshitib o‘tirgan shu xonadagi bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchida ham o‘z-o‘zidan havas va raqobat tuyg‘ulari jo‘sh uradi va u avvalgi matndan ham sermazmun matn tuzishga intiladi. Shu tariqa bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni iqtidorli o‘quvchilar bilan birga guruhlash joiz deb bilaman. Mana yana bir misol. Zamona zayli bilan onlayn darslar tashkil qilindi. Bu darslarni tashkil qilib, minglab o‘quvchini saboqlardan bahramand qilish qaysidir ma’noda oson bo‘lgani yo‘q. Lekin, albatta, o‘qituvchi bilan jonli muloqotning o‘rnini hech narsa bosa olmasligi qaysidir ma’noda namoyon bo‘ldi. Bu jarayonllarda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarda biroz ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim. Telegram tarmog‘ida sinf doirasida tashkil qilingan guruhlarga barcha fan vazifalari rasmk o‘rinishida o‘quvchilar tomonidan tashlandi va o‘qituvchilar har bir o‘quvchining vazifasini dars bo‘lgan kuni tekshirib baholab berishlari kerak edi. Iqtidorli o‘quvchilar vazifa tashlaganidan so‘ng bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘chirib olishni odat qildilar. Ustozlar tomonidan e’tirozga uchragan bu urinishlari biroz o‘tmay ijobiy tus oldi. Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar vazifalarni ayni ko‘chirib olmay o‘z fikrlari bilan boyitishni, ishga ijodiy yondoshishni o‘rgandilar. Bu esa o‘z navbatida o‘quvchida ijodiy fikrllashga turtki bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda yozma nutqning o‘sishi, tafakkurning kengayishiga zamin yaratildi, deb o‘ylayman. Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlarga jonkuyar ustozlarimizning maqtovlari moya bo‘ldi, deb o‘ylayman. Nafaqat sinfdoshi balki shu sinfda o‘qiydigan har bir bolaning ota –onasi kirib tanishib chiqishi mumkin bo‘lgan guruhda maqtovlarga sazovor bo‘lishni kim istamaydi, deysiz. Kun kelib, vaziyat yaxshilanib, yana hayotizga tushganida ham mana shu telegram tarmog‘i orqali tashkil qilingan guruhlar faoliyatini saqlab qolgan holda, barcha fan o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarning olgan baholari, darsda o‘zini tutishidan tortib bilim olish darajasi yuksalayotgani yoki pasayayotgani haqida ota –onalarga ma’lumotlar yetkazib turilsa o‘ylaymanki, past o‘zlashtiruvchio‘quvchilar guruhiga barham bergan bo‘lar edik.
O‘z tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, yuqori sinf o‘quvchilarini to‘garaklarga jalb qilishda, albatta, ularning yosh jihatlarini inobatga olganimiz maqsadga muvofiq. Sababi 5–7-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari bir-biriga monand bo‘lsa, 8–11-sinf o‘quvchilarini ko‘proq oliy o‘quv yurtlariga kirish qiziqtiradi. Shu bois ularni testlarga qiziqarli tarzda yo‘naltirgan ma’qulroq.
Keling, avval 5–7-sinf o‘quvchilarini ona tili to‘garak mag‘ulotlariga qiziqtirish usullarini ko‘rib chiqamiz. Eng avval yillik rejada zamonaviy texnologiyalardan mohirona foydalanishni yo‘lga qo‘yish va bu usullar haqida o‘quvchilarni biroz xabardor qilgan ma’qul. Bu yoshdagi o‘quvchilar uchun musobaqa darslarini tez-tez tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Albatta, har bir musobaqa darslaridan so‘ng o‘ziga yarasha rag‘batlantirish usullaridan foydalanish zarur. Masalan, to‘garak uchun alohida kundalik tashkil qilib, shu kundalikka to‘garakda qo‘lgakiritilgan baholarni muntazam qo‘yib borish rag‘batlantirishning eng yaxshi usullaridan biri hisoblanadi. Har chorak yakunida to‘garak a’zolari o‘rtasida 5 baholarni sanab, kimning 5 bahosi ko‘p bo‘lsa o‘sha o‘quvchiga tashakkurnoma taqdim etish esa yil davomida to‘garak a’zolarining uzluksiz to‘garakda ishtirok etishlarini ta’minlab beradi. Yil oxirida 4ta tashakkurnoma yig‘gan o‘quvchining ota-onasiga to‘garak rahbari tomonidan tashakkurnoma yo‘llash va o‘quvchiga faxriy yorliq bilan bir qatorda badiiy adabiyot ya’ni kitob hadya etilishi o‘ylaymanki barcha o‘quvchilar uchun qiziqarlidir. Gap kitobda emas, gap kitobni kim qo‘lga kirita olishida, desak bolalar yanada faollashadilar. Sababi kitob olish bugungi kun o‘quvchilari uchun muammo emas. Qaysi asarni o‘qishni istasa, albatta, ota-onasi olib beradi. Ammo guruhda hammadan epchil, chaqqon va zukkoligini isbotlash o‘quvchilarda ko‘proq qiziqish uyg‘otadi.
Yil boshida to‘garak doirasida musobaqa darslaridan “Kim ko‘p so‘z ayta oladi”, “Alfabit so‘zlar zanjiri”, “Kim ma’nodosh so‘zlardan unumli foydalana oladi?”, “Shakldosh so‘zlar zanjiri”, “Zid ma’noli so‘zlar makoni”, “Kim qo‘shma so‘zlardan unumli foydalana oladi?”, “Juft so‘zlar jonlanganda”, “Sintaktikertak yozamiz”, “Tinish belgilari oilasida” kichik matn tuzish musobaqasi, “Gap akaning oilasi” kichik hikoya tuzish musobaqasi, “Gap bo‘laklari birlashganda”, “So‘z turkumlari sulolasiga murojaat”, “Quvnoq qo‘shimchalar” kabi bir qator musobaqa mashg‘ulotlari to‘garak a’zolarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Ayniqsa o‘quv yili oxirida yoki har chorakda bir marotaba “Qoidalar marafoni”ni tashkil qilish va unda har safar shartlarning o‘zgarib borishi o‘quvchilarni ipsiz to‘garakka bog‘lab qo‘yishiga o‘z tajribamda ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Endi har birmusobaqa mashg‘ulotlariga alohida to‘xtalib o‘tamiz. “Kim ko‘p so‘z ayta oladi?” musobaqasida to‘garak o‘quvchilariga tarqatmalar orqali turli to‘plamlar nomi tanlab olish imkoniyati orqali taqdim etiladi. Har bir o‘quvchi tanlab olgan to‘plamiga oid so‘zlarni to‘xtab qolmasdan aytishi kerak bo‘ladi. Kim to‘xtab qolsa o‘yindanchiqadi. Qolganlar esa yana to‘plamlardan birini tanlab olib, yana so‘z aytishda davom etadilar. Musobaqa shu tariqa davom etadi. Mashg‘ulot oxirida qaysi o‘quvchi ko‘proq to‘plamlarga oid so‘zlarni topgan bo‘lsa munosib rag‘batlantiriladi.
“Alifbo so‘zlar zanjiri” musobaqa darsida o‘quvchilar o‘tirgan joylarida alifbo tartibida so‘zlar aytib ketaveradilar. Kim so‘z topa olmasa, musobaqa maydonini tark etadi. Qolganlar so‘z aytishda davom etadilar. Bu jarayon juda uzoq davom etishi mumkin. Agar mashg‘ulot uchun ajratilgan vaqt nihoyasiga yetadigan bo‘lsa to‘garak rahbari tomonidan musobaqaga yakun yasaladi va so‘z aytishda davom etayotgan o‘quvchilarning bari g‘olib deb e’lon qilinadi.
“Kim ma’nodosh so‘zlardan unumli foydalana oladi” musobaqa darsi avvalida to‘garak rahbari ma’nodosh so‘zlar haqida xabar berib o‘tadi. So‘ng birgalikda ma’nodosh so‘zlarga misollar aytiladi. To‘garak a’zolari 3 yoki 4 guruhga bo‘lib olinadi va bir so‘zning ma’nodoshlari bilan nomlanadilar. Guruhlarni nomlash, albatta, o‘quvchilar ishtirokida amalga oshiriladi. So‘ng har bir guruh tanlab olingan sarlavha asosida kichik matn, hikoya yoki ertak tuzishlari va unda ma’nodosh so‘zlardan unumli foydalana olishlari zarur. Guruhlar, albatta, ma’nodosh so‘zlarni qo‘llay olish mahoratlari asosida baholanadilar. Mashg‘ulot so‘ngida har bir guruh ishi tahlil qilib olinadi va guruhlar baholanadi.
“Shakldosh so‘zlar zanjiri” musobaqa mashg‘uloti ham “Alifbo so‘zlar zanjiri” musobaqa mashg‘ulotlari singari tashkil qilinadi. Faqat endi alifbo harflari bilan boshlanadigan so‘zlar o‘rniga shakldosh so‘zlar aytiladi. Bu jarayonda ham kim so‘z topa olmasa musobaqa maydonini tark etadi. Qolganlar so‘z aytishda davom etadilar. Bu jarayon juda uzoq davom etishi mumkinligini hisobga olgan holda to‘garak rahbari tomonidan musobaqaga yakun yasaladi va so‘z aytishda davom etayotgan o‘quvchilarning bari g‘olib debe’lon qilinadi.
“Zid ma’noli so‘zlar makoni” musobaqa mashg‘uloti boshqamashg‘ulotlardan farqli o‘laroq tarqatmalivositalarga tayanadi. To‘garakxonasi “Zid ma’noli so‘zlar makoni” deb olinadi. Turli taraflarga zid ma’noli so‘zlar yozilgan tarqatmalar yashirib qo‘yiladi. To‘garak rahbari mashg‘ulotni ertak tarzida boshlab beradi. To‘garak a’zolari birma- bir zid ma’noli so‘zlar yozilgan tarqatmalarni topadilar va ertakni kelgan joyidan o‘zlari topgan zid ma’noli so‘zlarni mazmunan moslab qo‘llagan holda davom ettirishlari kerak bo‘ladi. Bu juda qiziqarli jarayon. Kim zid ma’noli so‘zni mazmunan moslab gap tuza olmasa o‘yindan chiqadi. Mashg‘ulot shu tariqa davom etadi. Gʻoliblar, albatta, rag‘batlantiriladi.
“Kim qo‘shma so‘zlardan unumli foydalana oladi?” musobaqa mashg‘uloti ham turli ko‘rinishda tashkil qilinishi mumkin. Masalan, ertak, hikoya yoki matn tuzish shaklida tashkil qilish maqsadga muvofiq. Bunda to‘garak a’zolarini guruhlarga bo‘lib olish ham, yakka tartibda bellashtirish ham mumkin. Bellashuv avvalida, albatta, to‘garak rahbari tomonidan qo‘shma so‘zlar va ularning imlosi haqidagi ma’lumotlar eslatib o‘tiladi.
“Juft so‘zlar jonlanganda” musobaqa mashg‘ulotida to‘garak a’zolari juft so‘zlar va ularning imlosi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lganidan so‘ng, kelishilgan holda ikkita-ikkitadan juftlashib juft so‘zlarni hosil qilib oladilar. So‘ng o‘zlari haqida ma’lumotlar beradi. Masalan, katta-kichik juft so‘zini olaylik. Ushbu juft so‘zni tashkil qilgan ikki to‘garak a’zosi o‘rtaga chiqib biz katta-kichikmiz. Biz barcha degan ma’noni bildiramiz. Bizdan nutqda juda ko‘p foydalanadilar. Majlisga nima bo‘lar ekan deb katta-kichik asta-sekin kirib kela boshladi. Bu gapda biz boshliqlar ham, oddiy ishchilar ham degan ma’noni bildirib kelyapmiz… musobaqa shu tariqa barcha juft so‘zlarning tasnifi orqali davom etadi. Mashg‘ulot so‘ngida qaysi juft so‘zlari chiroyli nutq so‘zlagan bo‘lsalar g‘olib deb topiladi.
“Sintaktik ertak yozamiz” musobaqa mashg‘ulotida sintaksis haqida ma’lumotga ega bo‘lgan o‘quvchilar o‘zlari teng kishilik guruhlarga bo‘linib olgan holda ertak yozadilar. Ertakda, albatta, sintaksis bo‘limining tarkibi hisoblangan atamalar ertak qahramonlar jamoasini tashkil etishlari lozim. Kimning ertagi qiziqarli va sermazmun chiqsa o‘sha guruh g‘olib.
“Tinish belgilari oilasida” kichik matn tuzish musobaqasida tinish belgilari oilasiga sayohat uyushtiriladi. Bunda to‘garak a’zolari ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh tinish belgilari oilasi a’zolari bo‘lsa, ikkinchi guruh sayyohlar guruhi hisoblanadi. Ular tinish belgilari oilasiga mehmonga brogan holda kichik sayohat tashkil qiladi. Sayohat davomida sayyohlar savollar bilan murojaat qilishlari, tinish belgilari oilasi a’zolari esa javob berish orqali o‘zlarini namoyon qilishlari jiozdir. Bu mashg‘ulotda to‘garak a’zolarining nutqiy qobilyatlari alohida e’tiborga olinadi.
“Gap akaning oilasi” kichik hikoya tuzish musobaqasida to‘garak rahbari gap va uning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari haqida ma’lumot berib o‘tadi. So‘ng gap aka va uning farzandlari ya’ni ifoda maqsadiga ko‘ra turlari tanlab olinadi. Hikoya gap akaning oilasi tarkibiga kirmagan to‘garak a’zolari tomonidan mazmunan bog‘langan gaplar orqali davom ettiriladi. Mashg‘ulot so‘ngida to‘garak a’zolari mashg‘ulot yuzasidan o‘z fikr–mulohazalarini bildirib o‘tishlari mashg‘ulotni yanada qiziqarli yakun topishiga munosib hissa qo‘sha oladi.
Bunday usullarni internet tarmoqlari yoki kitoblarni qidirib, izlab yurishning hojati yo‘q. Har kim istasa shu kabi interfaol usullarni bayon etilishi zarur bo‘lgan mavzuga moslab yarata oladi. Shunday ekan har bir to‘garak rahbari izlanishdan to‘xtamasligi lozim.
Yana shuni aytib o‘tishni joiz deb bildimki, to‘garaklada mavzuga oid ko‘rgazmalar va tarqatmalar yasash musobaqa mashg‘ulotlarini tashkil qilish ham nur ustiga a’lo nur. Bola qiziquvchan yoshda qo‘l mehnati orqali qiziqarli narsalarni yasashga odatlansa, kelajakda o‘zi istagan yo‘nalishda mahoratini oshirish qobilyati shakllanib boradi.
Ona tili to‘garaklarini shu kabi qiziqarli lavhalarga boyita olsak, nafaqat to‘garaklarimiz sifatini oshirishga balki, o‘quvchilar orasida darsdan tashqari tashkil qilinadigan to‘garaklarimizga hurmat hissini jo‘sh urishiga erishamiz, eng katta yutug‘imiz farzandlarimiz qalbida ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni so‘nmas tilsimga aylanishiga, o‘z tiliga sodiq insonlarni tarbiyalashga muvaffaq bo‘lamiz.
Feruza OCHILDIYEVA ,
Uzun tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi