O‘quvchilarni to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatish zarur
O‘quvchilarni to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatish zarur
Maktablarda o‘quvchilarning to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etish, bola organizmi uchun foydali, sifatli va vitaminlarga boy oziq-ovqatlarni sotishni yo‘lga qo‘yish muhim masala.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘quvchi miyasi to‘plangan energiyaning 25 foizini dars jarayonida ishlatar ekan. Shuning uchun 7—10 yoshli bolalar kuniga 2000 kilokaloriyaga ega yegulik tanovul qilishi zarur. Bu ko‘rsatkich 11—12 yoshda 2400—2600, 16 yoshda 3000 kilokaloriyani tashkil etadi. Sosiska, gamburger, qovurilgan kartoshka va shokoladli shirinliklar o‘quvchi sog‘lig‘i uchun zararli hisoblanadi. Chunki yarimtayyor mahsulotlarning hazm bo‘lishi juda qiyin kechadi. Oqibatda, o‘quvchi dars jarayonida bezovta bo‘ladi, mavzuni qabul qilish imkoniyati pasayadi. Bolaning a’lo baholarga o‘qishida suyuq taomlar, meva va sabzavotlar, go‘sht va sut mahsulotlarining ahamiyati katta.
Bugungi kunga kelib mamlakatimiz umumta’lim maktablarining ko‘pchiligida zamonaviy oshxonalar, bufetlar ochilgan. Maktab oshxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda o‘quvchining ovqat rasionini shakllantirishda muhim sanalgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilgan seminarlarda aynan maktab oshxonalari faoliyatini tartibga solishda ta’lim muassasalari rahbariyatining rolini oshirish, bu jarayonga ota-onalarni kengroq jalb etish masalalariga e’tibor qaratilmoqda. Sifatli va ekologik toza mahsulotlar, vitaminga boy taomlar tayyorlanishini yo‘lga qo‘yishda har bir maktab direktori o‘zini mas’ul deb bilishi shart.
Maktab oshxonalarida o‘quvchilarga taklif etilayotgan yeguliklarning sifatini nazorat qiluvchi maxsus komissiya tomonidan ma’qullangan issiq ovqat, turli sharbatlar, pishiriqlarning asosiy oziq moddalar — oqsil, yog‘, uglevod, turli vitaminlar, minerallarga boy bo‘lishiga oshxona xodimlari javobgardir. O‘z navbatida muassasa oshxonasida sotilishi taqiqlangan mahsulot va taomlar ham mavjud. Jumladan, gamburger, chizburger, xot-dog, sosiska va kolbasa mahsulotlari, qovurilgan kartoshka(chips), gazlangan salqin ichimliklar shular jumlasidandir. Kremli qandolat mahsulotlari, o‘tkir ta’mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinovka qilingan sabzavot va mevalar, tetiklashtiruvchi va quvvatni oshiruvchi ichimliklar savdosi ham man etilgan .
Yana bir muhim masala umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan keng targ‘ibot ishlarini olib borish, sog‘liqni saqlash muassasalari bilan birgalikda o‘quvchilar, pedagog xodimlar, ota-onalar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish qoidalariga amal qilish yuzasidan muntazam ravishda davra suhbatlari, hududiy seminarlar o‘tkazish zarur.
Gulnoza HASANOVA,
JDPI “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi
Sitora ABDUNAZAROVA,
Institutning 1-bosqich talabasi