O‘quvchingiz ijodkormi?!
Ijodkorlik — bu yangi moddiy va ma’naviy boyliklarni yaratishga yo‘naltirilgan faoliyat turi bo‘lib, biror masalani boshqa tomondan ko‘ra olish va noodatiy tarzda hal qilishdir.
Faoliyat sohalari kabi ijodkorlik turlari ham xilma-xildir. Masalan, ilmiy, texnikaviy, badiiy, musiqiy, adabiy, pedagogik ijodkorlik.
Ijodiy fikrlash – bir qobiliyat bo‘lib, uni ta’lim-tarbiya berish jarayonida kashf qila olish, to‘g‘ri yo‘naltirish va rivojlantirish zarur.
Yosh ijodkor bola – bu ota-ona va ustozlar quvonchi. Kattalar uchun ijodkor bolalar bilan shug‘ullanish alohida mehnat talab qiladi. Ijodkor bolalar ko‘pincha o‘ziga xos individual psixologik xususiyatlarga ega bo‘lib, bu ko‘pincha ta’lim olish jarayonidagi ko‘rsatkichlarga ta’sir qiladi.
Ijodkor bolalar maktabda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?
Asosiy qiyinchilik – bu maktab dasturi ularning talablariga javob bermasligi. Zamonaviy ta’lim an’anaviy ta’lim tizimiga tayanadi: har bir narsa namunaga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Bir xil yondashuv ijodkor o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga ta’sir qiladi. Maktabda beriladigan bilimlarni, bola faqat ijod va yaratuvchilik bilan bo‘lsa-da, o‘zlashtirishi zarur. Ammo har doim ham o‘qituvchilar va ota-onalar har bir o‘quvchiga individual yondashuvni izlash va uning xususiyatlari va qobiliyatidan kelib chiqish uchun vaqt va imkoniyatga ega emaslar. Bunga ta’lim tizimidagi dasturlar yo‘l bermaydi. Natijada, maktabda ijodkor bolalar bilan ishlash yanada murakkablashadi.
Bundan tashqari, katta va kichik ijodiy tadbirlar, ijodiy hisobotlarga maxsus tayyorgarlikni maktab dars jadvali bilan uyg‘unlashtirish qiyin. Har bir ijodiy tayyorgarlik oldidan tegishli ravishda ruxsat olishga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, o‘zlashtirishda uzilishlar paydo bo‘ladi. Qolgan kamchiliklar ham yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi.
Ma’lumki, ijodkor bolalarni qiziqmagan ishiga jalb qilish qiyin. Bolaning o‘quv faniga qiziqishi ortishi, hech bo‘lmaganda boshqa tomondan jarayonga e’tibor qaratishi uchun ko‘proq interaktivlikni joriy etish maqsadga muvofiq.
Misol uchun, tegishli fan haqida ko‘proq ma’lumot olish maqsadida ana shu fanga oid hujjatli filmni tomosha qilish yoki ekskursiya uyushtirish kabi usullar yaxshi samara beradi. Bu bola shablondan uzoqlashishiga yordam beradi, o‘quv fani kengroq va qiziqarli ekanini tushunadi.
Bolaning ruhiyatiga alohida e’tibor bergan holda, axborotni qabul qilishning ustuvor usuli asosida undagi shaxs tiplarni farqlab olib ishlash ham yaxshi samara beradi. Bular vizual, audial va kinestetik turlaridir. O‘quvchining maktabdagi o‘zlashtirishini yaxshilash uchun uning qaysi shaxs tipiga tegishli ekanini bilib olish kerak. Ehtimol, unga ma’ruzani tinglash orqali eslab qolish qulayroqdir. Yoki darslikdagi ma’lumotni o‘qish uning uchun yanada samarali bo‘lishi mumkin. Balki ko‘rgazmali vositalarni yanada “jonlantirish” kerakdir. Nima bo‘lganda ham bolaga qulay bo‘lgan usulda o‘zlashtirish muhimdir.
Shuningdek, ijodkor bolalar uchun ijodiy muhitning yaratilishi zaruriy shartlardan hisoblanadi. Buning uchun o‘quvchilarni respublikamizning barcha viloyatlarida tashkil etilgan ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga jalb qilish – ana shu ijodkor va yaratuvchi o‘quvchilarning qobiliyatlarini kashf etish, rivojlantirish va yuksak iste’dod darajasiga yetkazishda beqiyos ahamiyatga ega.
Mahmudjon AKBAROV,
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi psixologi