O‘rmonda matematika
Sergeli tumanidagi 237-maktabning matematika fani o‘qituvchisi Dusmatova Lobar ning
“ O‘rmonda matematika” deb nomlangan Matematik kechasi ssenariysi:
1-boshlovchi
Assalom-u alaykum yig‘ilganlarga ,
Eng yaqin do‘stlar-u va dilsozlarga.
Xalqimiz farzandin tarbiyalayotgan
Bilimdon-u dono, ustozlarga.
2-boshlovchi
Assalom davramiz o‘g‘il -qizlari,
Assalom porlagan sho‘x yulduzlari.
Muqaddas zaminda xush kalom
Qo‘limiz ko‘ksimizda Assalom!
1-boshlovchi
Assalom-u alaykum bugungi matematika va informatika fan oyligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan festivalga tashrif buyurgan hurmatli ustozlar, aziz mehmonlar va ilmsevar o‘quvchi tengdoshlar! Xush kelibsiz!
2-boshlovchi
Matematik tadbirda bo‘lingiz shodon
Qiziqarli topshirig‘-u , masalalar armug‘on
Bobomiz Xorazmiy ruhi erur madadkor,
Ilm olmoqlikdan to‘xtamang zinhor.
1-boshlovchi
Aziz tengdoshlar, ukajonlar, qani ayting-chi, matematika fani bizlarga nimalarni o‘rgatar ekan?(5-6-sinf o‘quvchilari matematikaga oid yod olgan she’rlarini ijro etishadi).
2-boshlovchi
Mustaqil diyorimiz bayramlarga boyligi bilan ham fayzlidir. Fasllari orasida qishning o‘zgacha gashti borligi hech birimizga sir emas, ayniqsa fevral oyi turli tadbirlarga boyligi bilan ajralib turadi. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda buyuk shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkaziladi. Aniq fanlar oyligi ham ko‘tarinki ruhda nishonlanadi.
1-boshlovchi
Matematikani faqatgina formula va teoremalardan iborat deb hisoblaganlar qattiq yanglishadilar. Aslida, u ham boshqa sohalar kabi rivojlanishda davom etadi. O‘ziga xos qirralari ochiyapti. Matematikani o‘rganish uchun alohida iqtidor emas, unga nisbatan mehr, qat’iylik va mehnat ham kerk bo‘ladi.
2-boshlovchi
Matematika ikki yarim ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida rivojlanib, taraqqiy etib kelayotgan fandir. Uni “Fanlar podshosi”deb bejiz aytmaganlar. Hech bir sohani matematikasiz, hisob-kitobsiz tasavvur qilish mumkin emas.
1-boshlovchi
Matematika bilan shug‘ullanish mantiqiy fikrlash, to‘g‘ri mulohaza qilish kabi qobiliyatlarni rivojlantiradi. Shuning uchun ham yoshlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini o‘stiruvchi vosita sifatida qadimgi Yunoniston maktablarida o‘qitila boshlagan, VIII asrga kelib ilm-fan taraqqiyotining markazi O‘rta Osiyoda ham keng ildiz otgan.
2-boshlovchi
Matematika haqida ingliz faylasufi Rojer Bekon shunday degan ekan: “Inson paydo bo‘lganidan so‘ng birinchilardan bo‘lib matematika kashf etilgan. Modomiki, biz har bir sohada aniqlikka intilar ekanmiz, matematika ilmning poydevoriga aylanmog‘i lozim!
Endi esa kechamizning asosiy qismiga o‘tsak bo‘ladi.
O‘rmonda matematika
(Tanaffus. O‘quvchilar matematika xonasida o‘tirishar edi .
Bir o ‘quvchi xonaga kirib: “Hozir sizlarda matematika darsimi? Shu fanni juda yomon ko‘raman-da”,deb she’rni boshlaydi).
Matematika bo‘lmasaydi
Hamma mendek bilmasaydi.
Kim chiqargan bu fanni ,
Boshog ‘rig ‘i va g ‘amni?
Tushlarimga kiradi
Soya solib yuradi.
Raqamlari orqamdan
Quvlamoqchi bo‘ladi
Tushlarimda ham
Misollari qiynaydi
Boshlarimni og‘ritib
Savollari qiynaydi.
Shunda partada o‘tirgan o‘quvchilardan biri: “Bu ikkichi bola-ku gapiraveradi”, deydi.
Yana biri esa: “Kelinglar, yaxshisi, matematika kitobimizni olib, dars boshlanguncha tayyorlanib turamiz”, deb aytadi.
Boyagi “ikkichi”o‘quvchi: “E, sizlarga gapirganimdan ko‘ra, mazza qilib telefonda o‘yin o ‘ynayman”, deb xonadan chiqib ketadi.
Dars boshlandi, o‘quvchilar kitoblarini ochib qarashsa, ichi bo‘m-bo‘sh. Keyin hayron bo‘lib bir-birlaridan: “Kitoblarimizdagi sonlar qayerga g ‘oyib bo‘ldi?” deb so‘rashadi.
Shunda bir o’quvchi: “Menimcha , ularni o‘rmon malikasi olib ketgan. Bolalar ularni qaytarishimiz kerak. Lekin ularni qayerdan, qanday qilib topamiz”, deydi.
– “Men bilaman, biz sehrli o‘rmonga borishimiz kerak”, deydi boshqa bir o‘quvchi.
– “Sehrli o‘rmonga boradigan yo‘lni men yaxshi bilaman”, dedi yana bir o‘quvchi.
Shunday qilib o‘quvchilar o‘rmonga yo‘l olishadi.
O‘rmonda o‘quvchilar adashib qoladilar. Yo‘llaridan o‘rmon hayvonlari chiqib qolishadi. Ular raqsga tushayotgan edi
.Raqs tugagach bo‘lgan voqeani aytib berishadi va ulardan yordam so‘rashadi. Jonivorlar: “Biz sizlarga matematikadan savollar beramiz. Agar topsangizlar yo‘l ko‘rsatamiz, topa olmasalaringiz bir umr o‘rmonda qolib ketasizlar”, deyishadi.
Bolalar rozi bo‘lishadi. Hayvonlar savollar beradilar:
1.Proporsiya deb nimaga aytiladi?
2. Tub sonlar nima?
3.Butun sonlar to‘plamiga qanday sonlar kiradi?
4. Aylana deb nimaga aytiladi?
Savollariga javob olganlaridan keyin, ular : “ Yaxshi va aqlli, a’lochi bolalar ekansizlar, biz sizlarga yo‘lni ko‘rsatamiz ”, deyishadi.
O‘rmondagi hayvonlar ijrosida “2x2=4 ”qo‘shig‘i kuylanadi va yo‘lni ko‘rsatishadi.
O‘quvchilar yurib-yurib bir joydan ovoz eshitib qoladilar. O‘sha tomonga qarab yurishadi va u yerda raqamlarni ko‘rishadi.
1-boshlovchi
Bir kun sanoq sonlar
Xuddi tirik insonlar
Kabi suhbat qurishdi
Tizilishib turishdi.
Dastlab bir gapirdi.
2-boshlovchi
So‘ng so‘zlashdilar birma-bir
Besh, olti, yeti hatto
Qo‘shilishdi sakkiz, to’qqiz
Rosa qizidi gurung
Marhamat , o‘zingiz ko‘ring !
Raqamlar raqsga tushadilar (Sardor.Mamadaliyevning “Raqamlar”qo‘shig‘iga qizlar raqsga ijro etadilar).
Shu yerda O‘rmon malikasi: “Kim mening raqamlarim bilan gaplashyapti?“, . baqiradi.
Bolalar : “Siz bizning raqamlarimizni o‘g‘irlab kelibsiz, ularni olib ketgani keldik. Bizga ularni qaytarib bering , axir matematika fanini juda-juda yaxshi ko‘ramiz “, deyishadi
O‘rmon malikasi : “Mening bolalarim ham matematika fanini juda-juda yaxshi ko‘rishadi”, deydi.
– Nega bo‘lmasa matematika fanini yomon ko‘ramiz, dedinglar , bu gaplarni eshitib juda-juda xafa bo‘lib ketdim va kitobdagi barcha raqamlarni o‘rmonimga olib keldim.
– U bola bizlardan emas, bu gaplarni biz aytganimiz yo‘q.
– Shunaqa deng, keling unda sizlar mening bolalarim bilan bellashib ko ‘ ringlar, agar g ‘ olib bo ‘ lsangiz, raqamlarni qaytarib beraman .
Bolalar bu taklifga rozi bo‘ladilar. O‘rmon bolalari va o‘quvchilar bellashishadi.
1-shart: Matematik terminlar;
2-shart: Tezkor savol –javob.
O‘rmon malikasi : Mening bolalarim matematika fanini juda-juda yaxshi ko‘rishishlari bilan birgalikda raqsni ham sevishadi, raqslarini bir ko‘ringlar, keyin bellashuvni davom ettiramiz (7-sinf o‘quvchilari raqsga tushadilar).
3-shart: Sonlar qatnashgan maqollar aytishuvi
3-shart tugagandan so‘ng o‘quvchilar : “Bizning sinfdoshlarimiz ham juda chiroyli raqsga tushishadi, siz ularning raqslarini bir ko‘ring”, deyishadi.
O‘rmon malikasi: “Mayli, oldin men sizlarga bir topshiriq beraman, sizlar topshiriqni bajarguningizcha, biz raqsni mazza qilib tomosha qilamiz”, deydi tabassum bilan.
4-shart: Matematik krossvord
(6-sinf o‘quvchilari raqsga tushadilar).
Shartlarning natijasi e’lon qilinadi. O‘rmon malikasi ularni tabriklab shunday deydi:
“Bolajonlar sizlarning menga ahilligingiz, bilimdon, odobli ekanligiz yoqdi . Mayli, raqamlarni olib keta qolinglar. Matematikani yaxshi o‘zlashtira olmayotgan o‘quvchilarni ham o‘z safingizga olib, yordam beringlar. Matematika fanini puxta o‘rganib kelajakda katta-katta yutuqlarga erishinglar”.
1-boshlovchi
Eslatay Gaussning durdona so‘zin
Hisob-kitob ochmish aqlning ko‘zin
“Matematika fanlarning podshohidir”
Har ish, har sohada ko‘rsatar o‘zin.
2-boshlovchi
Qunt bilan o‘rganib buyuk fanni
Shon-shuhratga o‘rang, Ona Vatanni.
Donolar donosi bo‘lsa agar kim,
Fanga bag‘ishlasa jon birla tanni.
Tadbirimizni 6-sinf qizlari ishtirokidagi sho‘x raqs bilan tugatamiz. E’tiboringiz uchun rahmat!
O‘zbek xalq maqollaridan namunalar:
1. Bir kalla –kalla,
Ikki kalla –tilla
2.Beshning boshi bo‘lguncha,
Oltining oyog‘i bo’l
3. Bir kishi ming kishi uchun,
Ming kishi bir kishi uchun.
4. Birdan ikki yaxshi,
Ikkidan uch yaxshi.
5. Qirq uydan etak to‘lar.
6. Bir qo‘llab eksang
Ikki qo‘llab yig‘asan
7 .Birni birov beradi
Ko‘pni – mehnat.
8.Bir tavakkal buzadi
Ming qayg‘uning qal’asin.
9. Bir shirin so‘z bitkazar,
Ming ko‘ngilning yarasin.
10. Bir yaxshi gap esdan chiqmas,
Bir yomon gap.
11. So‘zdan so‘zning farqi bor,
O‘ttiz ikki narxi bor.
12. To‘qson og‘iz so‘zning to‘qsonta tuguni bor.
13. O‘n og‘iz so‘z ming og‘iz bo‘lar.
14. O‘ttiz tishdan chiqqan so‘z
O‘ttiz uruqqa tarqalar.
15. Ming yovdan bir dushman yomon.
16. Ming so‘ming bo‘lguncha, bir do‘sting bo‘lsin.
17. Besh qo‘rqoqqa bir qarg‘a.
18. Bir yigit –bir elga rizq.
19. Bir kun – tug‘ilmoq,
Bir kun – o‘lmoq
20. To‘qqizida bo‘lmagan aql,
To‘qsonida ham bo‘lmas.
21. Bir yigitga yetmish hunar oz.
22.Yuz tuman oltindan hunar yaxshi.
23.Yuz hunarni chala bilgandan,
Bir hunarni to‘la bil.
24.Yuzga kirsang, yuz yil o’qi
25. Yetti yoshga yetguncha,
Yer to‘qmog‘in yersan.
Yetmish yoshga yetguncha,
El to‘qmog‘in yersan.
26.To‘qqizida qanday – to‘qsonida shunday.
27.Bir kattani bil,
Bir kichikni.
28.Yetmish go‘zallikning bittasi – mehnat.
29. Ikki chin so‘z –bir yolg‘onning yelimi,
Ikki yolg‘on – bir yigitning o‘limi.
30.Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidaydi.
31. Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona.
32. Bir sinalgan tajriba,
Yetti kitobdan afzal.
33.Bir ellik deb,i kki ellikdan ajrama.
34. Ikki kemaning boshini tutgan g‘arq bo‘lar.
35.Yuz bor eshitgandan,
Bir bor ko‘rgan yaxshi.
36. Uch kishi bilgan sirni,
Yuz kishi bilar.
37. Bir kun oshiqqandan
Qirq kun aql qochar.
38.Yetti o‘lchab bir kes.
39. Bir yil tut ekkan kishi
Qirq yil gavhar terar.
40. To‘qsonga borsahg ham tok ek,
Yuzga yetguncha uzumini yeysan.