O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor!
O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor!
BAG‘RIKENGLIK BARChA UChUN ZARUR XISLAT
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani aholisining 90 foizdan ko‘p qismi o‘zbeklar. Shuningdek, bu tumanda turli millat vakillari tinch-inoq yashaydi. Bir-birlari bilan quda-anda bo‘lishadi.
Bu tumanning Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi koreys millatiga mansub Yelena Kim ham o‘zbeklarning bag‘rikengligi, oliyjanobligi, bir-biriga bo‘lgan do‘stona munosabatini o‘z hayoti misolida ko‘rmoqda.
U tuman markazidagi 2-maktabda jismoniy tarbiya fanidan dars beradi. O‘zbek yigitiga turmushga chiqqan. Kulcha yuzlari, bodom qovog‘i uning koreys millatiga mansubligini bildirib tursa-da, sof o‘zbekcha gapirishi, kiyinishi, hamkasblari, yon-atrofidagi kishilar bilan muomalasi Yelenani o‘zbek deyishga majbur qiladi.
-1979 yili Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilganman, - deya so‘z boshladi Yelena Kim. – Dadam Pavel Mun tumandagi 1-maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, onam Varvara Kim 18-maktabda rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlardi. Onam toshkentlik, otam qo‘qonlik. Ular institutda o‘qib yurishganda tanishgan va sevishib turmush qurgan ekanlar. Institut yo‘llanmasi bilan shu yerlarga kelib ishlab qolishgan. Oilada uch nafar farzandmiz. Akam musiqa o‘qituvchisi, opam tibbiyot birlashmasida laborant bo‘lib ishlaydi. Men ota-onamning kasbini tanlab o‘qituvchi bo‘ldim.
Hamma Lenaxon, Lena opa deb chaqiradigan Yelena otasidan juda erta yetim qolgan. Onasi Varvara opaga toshkentlik, qo‘qonlik qarindoshlari “endi bir o‘zing uch bola bilan qiynalib qolasan, kel bizning yonimizga, yordam beramiz” deya bir necha bor chaqirishsa-da, Varvara Kim “bu yerda turmush o‘rtog‘imning qabri bor, bu yerning odamlarining mehri bor, ular meni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi” deb tumanda qolishga, o‘z ishini davom ettirishga qaror qilgan. Farzandlarini yedirib-ichirish, kiyintirish uchun, ularni boshqalardan kam bo‘lmasligi uchun u faqatgina koreyslar tayyorlay oladigan salatlar tayyorlab, bozorga olib chiqib sotar, o‘quvchilarga sidqidildan rus tilini o‘rgatar edi.
Tumanda koreys millatiga mansub ikkita oila istiqomat qilardi xolos.
Yelena tumandagi ta’lim rus tilida olib boriladigan 2-maktabda a’lo baholarga o‘qidi.
-Dadam jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lganligi uchun biz farzandlar ham sportga mehr qo‘ydik. Men boshqa bolalardek bolaligimda ko‘chalarda o‘ynab yurmasdim. Onam bir o‘zi bizni katta qilayotganligi uchun tarbiyamizga qattiq turardi. Doimo yo sport to‘garagiga, yo fan to‘garagiga borishimni talab qilar, o‘zi erinmasdan har bir mashg‘ulot haqida so‘rab olar, ba’zi paytlarda biz bilan birga kelib, mashg‘ulotlarda qanday ishtirok etayotganimizni kuzatib o‘tirardi, - deb eslaydi Yelena.
U shu qishloqda tug‘ilgan, to‘qqiz farzand orasida yettinchi o‘g‘il bo‘lib o‘sib-ulg‘aygan Ayyubxonga ko‘ngil qo‘yadi. Sakkiz o‘g‘ilning yettinchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i unga sevib uylanadi.
-To‘g‘ri, avval turmush qurishimizga qarshilar bo‘lgan, - deydi Yelena. – O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ota-ona, bitta opa, olti aka va bir uka, undan tashqari o‘nlab qarindosh-urug‘larning har biri o‘z fikrini aytsa ham nechta fikr chiqadi. Ularning ba’zilari to‘g‘ri, ba’zilari noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Balki turmush o‘rtog‘im menga uylanguncha oilasida “u qizni olib bermaymiz, bizning millatdan emas ekan, bizning urf-odatlarni bilmaydi, bizning dinimizda emas ekan” degan gaplar bo‘lgandir. Ammo sevgi va muhabbat hammasidan ustun chiqqan.
Yelena to‘yi bo‘layotgan kuni islom diniga kirganini, islom dini qoidalariga rioya etishini aytib o‘tdi.
-To‘g‘risi, avval rossa o‘ylandim. O‘z dinimda qolaversam bo‘lmasmikan, islom dinini qabul qilsam nima yutamanu nimani yutqazaman, deb ikkilandim. Keyin hech qaysi din yomonlikka xizmat qilmasligini, hamma dinlar ham yagona Allohga itoat qilish haqida pand-nasihatlar qilishini o‘ylab islom dinini qabul qildim.
Qahramonimiz o‘zbek oilasida hech qachon qiynalmaganligini, yetti ovsini unga sidqidildan yordam berganligini, qaynonasi yoki qaynotasi yangi kelinligida “osh qiling” desa, ovsinlari Yelenaning o‘rniga osh pishirib, “mana buni Lenaxon pishirdi” deb dasturxon ustiga olib kelishlarini zavq bilan esladi.
Bu haqda Yelenaning o‘zi aytmagan bo‘lsa ham, uni tanigan, bilgan kishilarning aytishicha, Yelena oilaga kelin bo‘lib kelgach, ishdan bo‘sh paytida turmush o‘rtog‘iga tadbirkorlik sirlarini ham o‘rgatgan. Qanday qilib deysizmi?
Ha, u koreys salatlarini tayyorlab, Yangiqo‘rg‘on bozorchasida sotishni yo‘lga qo‘ygan. Hozirgi kunda oilaning asosiy daromadi turli tuzlamalar tayyorlab, sotishdan. Xaridorlar ham Lenaxonning tuzlamalari bormi, deya so‘rab kelishadi.
Yelenaning uch o‘g‘li bor. Ularning to‘ng‘ichi Ahrorxon o‘tgan yili 11-sinfni bitirgan. Hozirgi kunda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ikkinchi o‘g‘il Asror va kenjatoy Azizbek 2-maktab o‘quvchisi.
-Ota-onam qishloqqa ko‘chib kelgan 1970 yillar boshida nonvoylar hozirgidek ko‘p bo‘lmagan, hamma o‘z uyida, tandirda non yopgan. O‘sha paytda qo‘shnilarimiz onamga ham o‘zbek tandirida non yopishni o‘rgatib qo‘ygan ekan. Keyinchalik biz ham tandirda non yopishni o‘rganganmiz. Kelin bo‘lib tushgan paytimda qaynotam meni non yopishni bilmaydi deb o‘ylagan ekanlar. Bir kuni tandirda non yopdim. Shunaqa chiroyli chiqdi. O‘shanda rahmatli qaynotam “Mana mening koreys kelinim tandirda non yopishni biladi” deb masjidga, chollarga to‘rtta non ko‘tarib chiqqan edilar, -deb eslaydi Yelena Kim yuzida tabassum bilan.
Yelenadan o‘qituvchilik faoliyati, o‘quvchilarining yutuqlari haqida ham so‘radim.
-O‘z ishimni, kasbimni yaxshi ko‘raman. Bunga sabab birinchisi ota kasb bo‘lganligi uchun, ikkinchisi sport sog‘liq va ko‘rkamlik garovidir. Men doimo o‘quvchilarimga sog‘lom va jasur bo‘lish kerak, deb ta’kidlashni yaxshi ko‘raman. Qachonki, odamning tanasi sog‘ va chiniqqan bo‘lsa, uning ruhi ham tetik, fikrlash doirasi keng bo‘ladi.
Yelena maktabda stol tennisi to‘garagini tashkil etgan. Uning o‘quvchilari “Umid nihollari” va boshqa musobaqalarda doimo faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallaydi.
Dekabr oyida “Buvayda tumani prokurori kubogi” uchun stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan turnirda 5 “B” sinf o‘quvchisi Mohinabonu Rustamova faxrli 1-o‘rinni egallab, prokuror kubogini qo‘lga kiritdi.
Kamgap, kulib turishi o‘ziga yarashgan Yelena bilan suhbatimiz uzoq davom etdi va yakunda bir xulosaga keldik.
Bag‘rikenglik barcha uchun zarur xislat. Barcha millat va elatlar bir ota-onaning farzandlari.
Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.