O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mukofoti Laureati kimlarga nasib etarkin?
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mukofoti Laureati ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Barchaga ma’lum, so‘ngi yillarda pedagoglar, o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, mehnat sharoiti va turmush tarzini yaxshilash borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan bir nechta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Qabul qilingan hujjatlarning mazmuni jamiyatda o‘qituvchilar uchun munosib ijtimoiy-iqtisodiy muhit yaratish, ta’lim sifatini oshirish orqali bilimli, barkamol avlodni tarbiyalash kabi dolzarb vazifalardan iborat.
Kasaba uyushmalari ham Prezidentimiz olg‘a surayotgan tashabbuslarda yelkama-yelka turib, ta’lim tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatlarini inobatga olib, ularni rag‘batlantirish orqali jamiyatda o‘qituvchi, pedagog kasbiga bo‘lgan hurmatni yanada oshirishga harakat qilib kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mukofoti Laureati Respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
2021 - yil 20 - aprel – 20 - may kunlari tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 5 692 nafar o‘qituvchilar ustozfondi.uz elektron platformasi orqali o‘zlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni taqdim etishdi. Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ekspertlar tomonidan nomzodlar orasidan tanlov shartlariga javob beradigan 2 714 nafar o‘qituvchilar saralab olinib, ikkinchi bosqichga yo‘llanma berildi.
Nomzodlar tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlar ekspertlar tomonidan baholanib, jami 2 714 nafar o‘qituvchilar saralab olindi va ular ishtirokida 2021 yil 8 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahridagi tanlangan 14 ta ta’lim muassasalarida tanlovning ikkinchi bosqichi – test sinovlari o‘tkazildi.
Test sinovlari natijalariga ko‘ra, jami 90 nafar o‘qituvchilar tanlovning uchinchi – Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. Respublika bosqichiga yo‘llanma olgan 90 nafar o‘qituvchilarning 64 nafari oliy malaka toifasiga, 26 nafari 1-malaka toifasiga ega. 31 nafari 20 yildan ortiq, 37 nafari 10-20 yil, 22 nafari 10 yilgacha pedagogik ish stajiga ega. Ularning 32 nafari ayollar.
Tanlovning uchinchi (respublika) bosqichida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi va Xalq ta’limi vazirligi shakllantirgan Komissiya tomonidan nomzodlarning kasaba uyushmasi faoliyati va mehnat huquqi yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi, nomzodlarning pedagogik mahorati ular tomonidan o‘tib beriladigan darslari orqali baholash mezoniga muvofiq baholanadi. Tanlov komissiyasi natijalarni umumlashtiradi va fanlar kesimida eng yuqori ballarni qo‘lga kiritgan 3 nafar ishtirokchi, oltita fan bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlar sohiblari — jami 18 nafar g‘oliblar aniqlanadi.
Tanlovning 6 nafar 1-o‘rin sohiblariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mukofoti Laureati ko‘krak nishoni va o‘ttiz million so‘m, 6 nafar 2-o‘rin sohiblariga yigirma million so‘m, 6 nafar 3-o‘rin sohiblariga o‘n million so‘m pul mukofotlari 2021 - yil 11 - noyabr – Kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirda tantanali topshirilishi belgilangan.
Tanlov uzoq yillik samarali faoliyati natijasida iqtidorli va iste’dodli yoshlarni tarbiyalayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, o‘z ustida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishga ko‘maklashish, o‘qituvchilarni kasaba uyushmalari faoliyatidagi o‘rni va rolini, mehnat qonunchiligi va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifoda etishda bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.