O‘ZBEKISTON TABIAT MUZEYIGA SAYOHAT
Maktabimizda “Yosh qalamkash” to‘garagi tashkil qilingan. Biz to‘garak rahbarimiz boshchiligida tez-tez madaniyat maskanlariga borib turamiz. Yaqinda Chorsu bozoriga yondosh manzilda joylashgan O‘zbekiston tabiat muzeyiga sayohat qildik.
Bu yerda mamlakatimiz fauna olami vakillari – yirtqich hayvonlar, parrandalar, qushlar, sudralib yuruvchilarning qotirilgan ya’ni tulum shaklini ko‘rdik va hayratga tushdik. Meni nima hayratga soldi, bilasizmi? Vitrinalarda saqlanayotgan ikki boshli qo‘zichoq va buzoqcha tashrif buyuruvchilarni ajablantiradi. Har bir vitrinadagi eksponat – yo‘lbars, to‘ng‘iz, burgut kabi yirtqichlar hamda boshqa turdagi hayvon va parrandalarni ko‘rganda go‘yoki ularning o‘ziga duch kelib qolgandek bo‘ldik.
Aytishlaricha, bu maskan 1876-yilning iyul oyida ochilgan ekan. Shundan buyon u uch marta o‘z joyini o‘zgartirgan. Muzey xodimlari u joydan bu joyga ko‘chish natijasida eksponatlar urinib, shikastlanib qolishini taʼkidlashdi.
Muzey mutaxassislari bizga O‘zbekistonning “Qizil kitobi”ni ko‘rsatishdi. Biz ushbu kitobga muzey eksponati sifatida saqlanayotgan noyob turlar kiritilganini bilib oldik. Bunday madaniyat maskanlariga tez-tez kelib turishimiz natijasida tasavvurimiz kengaymoqda.
Avazbek ODILOV,
Yashnobod tumanidagi 230- maktab o‘quvchisi