O‘zbekiston tarixi darslari qisqartirilmasligi kerak!
Mustaqillikning qadriga yetish uchun, avvalo, o‘sib kelayotgan barkamol avlodni “Vatanparvarlik vaksinasi” bilan emlash zarur. Buning uchun ularni tarix bilan qurollantirish, vatanimiz o‘tmishida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar, ajdodlarimizning shonli, tahlikali hayot yo‘lini mukammal bilish talab etiladi.
Xo‘sh shunday ekan, nega bugun biz o‘z tariximizning yangi-yangi qirralarini, ochilmagan jihatlarini tadqiq etib tariximizga yangi chizgilar, yangi ma’lumotlar kiritib, o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlari, yaratgan asarlari, ilmiy-tahliliy xulosalari bilan soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan olimlarimizning asarlari, dissertatsiya va ilmiy-amaliy natijalari bilan keng jamoatchilikni, yoshlarni boxabar qilmasligimiz kerak?!
Fikrimizni ochiqroq aytadigan bo‘lsak, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining birinchi bosqich nomutaxassis fakultet talabalariga o‘qitiladigan O‘zbekiston tarixi darslari asossiz qisqartirib tashlandi. Bugun har bir qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, qonunlarning loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, taklif va tavsiyalari inobatga olinayotgan bir paytda bu masala biror tarixchi olimning, sohaning yetuk akademik va professorlari, fan doktorlarining fikri inobatga
olinmasdan qisqartirib tashlanishini nima deb tushunish kerak?
2020-yilda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan oliy ta’lim tizimida o‘qitilayotgan O‘zbekiston tarixi darsining qisqartirilishi haqidagi soha rahbarlari tomonidan ilgari surilgan takliflar tizimda uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan aksariyat pedagoglarni ranjitgan edi. Albatta, har bir fan mutaxassisi o‘zi tanlagan sohani ustuvor deb biladi. Lekin O‘zbekiston tarixi faniga bo‘lgan bunday munosabatni tushunishga qiynalasan kishi.
Bunday munosabatni oliy ta’limda o‘qitilayotgan fanlarni optimallashtirish bahonasi bilan oqlab bo‘lmaydi! Optimallashtirish natijasida nega aynan O‘zbekiston tarixi fani aziyat chekishi kerak? Tarixga bo‘lgan adolatsizlik asoratlarini xalqimiz hali unutgani yo‘q.
To‘g‘ri, bir nechta ijtimoiy-gumanitar fanlarni birlashtirib, ularni optimallashtirish bu juda to‘g‘ri yondashuv. Oliy ta’lim tizimida o‘qitish uchun ikkita fan: “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” va “Falsafa” fanlari qoldirilayotganligi juda ma’quldir. Aslida hozirgacha o‘qitib kelingan “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar”, “Dinshunoslik”, “Fuqarolik jamiyati” kabi fanlardagi asosiy g‘oya va tamoyillar taklif etilayotgan fanlar orqali berilishi mumkin. Biroq taklif etilayotgan fanlarning soatlari hajmi qisqartirilgani, o‘rganilishi majburiy bo‘lgan fanlar emas, talabalar tomonidan tanlanadigan fanlar qatoriga kiritilgani bahsli. Taklif etilayotgan fanlarning har ikkalasi ham majburiy fanlar qatorida qoldirilishi lozim.
2020-2021-o‘quv yilida fanlarning soatlari qisqartirilib, o‘rganilishi ixtiyoriy qilib belgilanganligi noto‘g‘ri yondashuvdir va vazirlik tomonidan taklif qilinayotgan soatlar miqdori bir keskinlikdan ikkinchisiga o‘tishdan boshqa narsa emas.
Qadimgi yunonlar ilk bor uchratgan insoniga “Menga o‘z tarixingni so‘zlab ber, men sening kimligingni aytaman”, deb bejiz murojaat qilishmagan. Biz kimmiz, kimlarning avlodimiz, o‘tmishimiz, tariximiz, kechmishimiz qanday bo‘lgan? Bunday o‘rinli savollarning adog‘i yo‘q! Soddaroq qilib aytsak, milliy qadriyatlarimiz, buyuk allomalarimiz, ulug‘ mutafakkirlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz, yurtimizning mard va jasur qahramonlari, xalq og‘zaki ijodi, baxshichilik, dostonchilik, milliy-ma’naviy, moddiy va nomoddiy madaniy merosimizning barcha-barchasida tariximiz, milliy o‘zligimiz mujassam emasmi?
Haqli savol tug‘iladi! Maktablarda tarix fani o‘qitilsa, oliy ta’limda bu fan nega kerak? Unda, ayting-chi, fizika, matematika, ingliz tili, nemis tili darslari oliy ta’limda takrorlanmaydimi? Xususan, texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘rta maktabda fizika, matematika, ingliz tili, nemis tili fanlaridan o‘rgangan va olgan bilimlari oliy ta’limda ham takrorlanayotganligi, fizika, matematika, ayniqsa, ingliz tili, nemis tili fanlaridan talabalarga boshlang‘ich darajada bilimlar berilayotganligi hammamizga ayon-ku!
Yosh avlod qaysi bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishishidan qat’i nazar, uning dunyoqarashida mustaqillik mafkurasini shakllantirish uchun O‘zbekiston tarixi, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va o‘zbek allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi, milliy-ijtimoiy qarashlarimiz, falsafiy-e’tiqodiy fikrlash tarzimiz qanday rivojlanganini bilishi zarur. O‘zlikni anglash tarixni bilishdan va milliy qadriyatlar tizimiga, milliy e’tiqodga o‘zini mansub, deb hisoblashdan boshlanadi. Isbot talab qilmaydigan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Negaki, o‘z tarixini bilgan kishi jamiyatda va hayotda kechayotgan jarayonlarga o‘zining mustaqil munosabatini bildira oladi. Talaba maktabda tarix fanini o‘qiydi. O‘qish jarayonida undagi shakllangan dunyoqarash o‘quvchilik yoshi nuqtayi nazari bilan o‘lchanadi. Umumta’lim maktablari uchun yaratilgan tarix darsliklari asosan, o‘quvchilarning dunyoqarashiga moslab, soddaroq bayon etish tarzida tuzilgan. Oliy ta’limda O‘zbekiston tarixi fani qisqartirilgan soatlarda bo‘lsa-da, fanga muammoli yondashuv asosida o‘qitib kelinmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlarini aksariyat ilmiy darajali mutaxassislar, ya’ni fan doktorlari, professorlar, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari, dotsentlar olib boradi. Oliy ta’limda yoshlarimizga vatan tarixini o‘qitishda chuqurroq, keyingi yillarda olimlarning fandagi ilmiy tadqiqotlari natijasi o‘laroq qo‘lga kiritgan ilmiy yangiliklari, yutuqlari bilan hamohang bilim berish tarzida yondashilgan. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan talabaning tarixga yana bir bor murojaat qilishi natijasida unda mustaqil xulosalar shakllana borib, uning dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, tarixiy jarayonlar haqida ma’lumotga ega bo‘ladi, unda tarixiy voqeliklarni qiyosiy tahlil qila olish qobiliyati yuzaga keladi.
Afsuski, oliy o‘quv yurtlarida o‘tgan o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston tarixi fani dars soatlari umuman qisqartirilishi bilan birga uning faqat bir qismi, ya’ni O‘zbekistonning eng yangi davri o‘rganilmoqda. Ayrim oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida esa mazkur fanning ikkalasi ham o‘quv rejadan olib tashlangan. Bo‘lajak mutaxassislar mustaqillikning qadriga yetish uchun Vatan tarixini mukammal bilishi shart-ku.
Tarixchi olimlarning yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlari va ularning natijalari bilan yoshlarni tanishtirish kerak. Xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi, hatto xorijiy mamlakatlarda ham katta qiziqish bilan o‘rganilayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Bo‘lajak mutaxassislarning dunyoqarashi va tafakkuri shakllanishida tarix fanini o‘rganish, shubhasiz muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kun nuqtayi nazaridan yondashgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan yuqoridagi asoslarni inobatga olib O‘zbekiston tarixi fanini qayta tiklab, bakalavr yo‘nalishlari namunaviy o‘quv rejalaridagi birinchi blok fanlariga O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani qatoriga O‘zbekiston tarixi fanini kiritish masalasi ijobiy hal etiladi, degan umiddamiz.
Yulduz ERGASHEVA,
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi deputati