Oliy ta’lim og‘usini maktablarga sochmang!
Maktablar reytingi bitiruvchilarining oliy ta’limga kirishi bilan belgilanayotganidan xabaringiz bor. Shu ko‘rsatkichga ko‘ra maktablar “qizil”, “sariq”, “yashil”ga bo‘linayotgani va “qizil” maktablarga hududdagi oliy ta’lim pedagog-xodimlari ko‘mak berish uchun biriktirilgani biz maktab o‘qituvchilarini xursand qilgan edi.
May oyining boshlarida dugonam asabiy holda maktabimizda ro‘y bergan bir voqeani aytib berdi. O‘zim o‘n bir yil o‘qigan Qamashi tumanidagi 33-umumta’lim maktabi ham “qizil maktab”lar ro‘yxatiga qo‘shilibdi. Qarshi davlat universitetining bir guruh o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilariga yordam berish maqsadida tashrif buyurishibdi.
Buni qarangki, maktab o‘quvchilarining bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash maqsadida olib borilgan test savollari va diktantlarni o‘qituvchilarga 300 ming evaziga pullashibdi. O‘qituvchilar test savollarini o‘zlari yechib, o‘quvchilarga ko‘chirtirishgan. Mana sizga “adolatli” tekshiruv, “xolisona ko‘mak”. Six ham kuymagan, kabob ham. Oliy ta’lim “fidoyi”lari ham, maktab rahbarlari ham xursand. Eng qizig‘i, shuncha tadbirkorlik bilan yo‘l tutilgan bo‘lsa ham maktab o‘quvchilarining sinov natijalari yaxshi chiqmagan.
So‘zim so‘ngida oliy ta’limning “jonkuyar” ustozlariga shunday murojaat qilmoqchiman: Oliy ta’limning oliy darajadagi ustozlari! Sizning har bir bosgan qadamingiz pul bilan o‘lchanadimi? Yolg‘ondan olib borgan hisobotingiz kelajak avlodning ertasi uchun qanday xizmat qiladi?
Qanday vijdon bilan shu ishga qo‘l urdingiz? Yosh avlodning ertasiga xiyonat qilishdan qo‘rqmadingizmi?
Sizdan bir o‘tinchim, oliy ta’lim og‘usini maktablarga sochmang!
Dilfuza G‘AZNAYEVA,
Sirdaryo tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi