Ona tili ta’limida yangi bosqich
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili o‘qitishning asosiy maqsadi turli vaziyatlarda o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda to‘g‘ri va ravon bayon qiladigan, og‘zaki va yozma savodxonlik malakalariga ega bo‘lgan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, o‘zgalar fikrini anglaydigan – muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirish ekanligi ko‘p bora ta’kidlanadi.
Demak, ona tili fanini o‘qitishning asosiy vazifasi o‘quvchini fikrlashga, o‘zgalar fikrini anglash, o‘z fikrini og‘zaki hamda yozma shaklda savodli bayon qila olishga qaratilgan nutqiy kompetensiyani shakllantirish; o‘quvchilarda grammatikaga oid o‘zlashtirilgan bilimlarni (fonetika, leksikologiya, yozuv, talaffuz va imlo me’yorlariga oid tushunchalarni) rivojlantirish; tilning keng imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda to‘g‘ri va ravon bayon eta olishni rivojlantirishga qaratilgan lingvistik kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltiriladi. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda, bugungi kunda ona tili ta’limining mazmuni o‘zgarmoqda. Biz yillar davomida ona tili ta’limi orqali o‘quvchilarga grammatik qonun-qoidalarni, nazariy bilimlarni o‘rgatib keldik. Endilikda grammatika bilan bir qatorda o‘quvchilardagi nutqiy kompetensiyani, ya’ni tinglab tushunish, gapirish, o‘qish, yozish kabi amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘proq e’tibor berishimiz lozim. Bu maqsadga erishishda ona tilining nutqiy kompetensiya elementlari(tinglab tushunish, gapirish, o‘qish, yozish)ni har bir darsda amaliy qo‘llash va o‘quvchida bunga nisbatan ko‘nikma shakllantirish darkor. Ana shu fikrlarning isboti sifatida umumta’lim muassasalarining 10-11-sinflari uchun 2020-yilda nashrdan chiqqan “Ona tili” darsliklarining 2-qismini keltirish mumkin. Avvalo, mazkur darsliklar hozirgi zamon bola psixologiyasiga mos ravishda tuzilgan: mashqlardan qonuniyat yaratilishiga e’tibor qaratilgan. O‘quvchi matn bilan tanishgach, o‘z fikr-mulohazalari asosida xulosaga olib kelingan va nazariy matn berilgan. Mavzularni kundalik hayotga yaqinlashtirish barobarida muomala madaniyati, odob-axloq me’yorlari, milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi o‘zbekona dunyoqarash bilan uyg‘un matnlar berilgan. Masalan, 10-sinf darsligidagi “Hikoyat” (1.1-topshiriq),
“Devon orzusida” (10.1-mashq), “Mahmud G‘aznaviy va Ayoz” “(11.1-mashq) matnlari; 11-sinf darsligidagi “Fasohat gulshani” (1.1-mashq), “Ijodkorning baxti” (11.3-mashq) matnlari asosida berilgan topshiriqlarni
bajarish davomida o‘quvchilarda hayotiy ko‘nikmalar hosil qilinadi.
Ma’lumki, sinfdagi barcha o‘quvchilar ham ona tili ta’limiga birdek qiziqmasligi haqiqat: kimdir biologiyaga, kimdir matematikaga, yana kimdir texnikaga qiziqishi mumkin. Darslikda fanlararo integratsiya tamoyiliga amal qilinib, “Stenografiya tarixidan”, “Ruhiy muammolar davosi”, “UNESCO”, “Xaridorni kutib olish ham san’at” kabi matnlar berilgan. Natijada o‘quvchilarni ona tili ta’limiga birdek qamrab olish imkoniyati yaratilgan. Bolalarni dunyo
ilm-fani va texnika yutuqlari bilan tanishtirish testlar va topshiriqlarni bajarish orqali ham davom ettirilgan. Masalan, 10-sinf darsligidagi 8.3-mashqda shunday topshiriq berilgan:
Quyida berilgan so‘zlardan mosini nuqtalar o‘rniga qo‘yib chiqing.
AYYORONA IXTIRO
Amerikalik… elektrotexnik Tomas Edison muntazam ravishda nimalarnidir ixtiro qilib yurishi bilan mashhur edi. Bir kuni uning dalahovlisida mehmon bo‘lgan do‘stlaridan biri hovliga kiraverishdagi kichkina …ning ochilishi qiyin bo‘lganligidan nolidi.
– Uni ochish uchun bor kuchimni …imga to‘g‘ri keldi, – dedi u.
– Tushunarli, – dedi Edison, – lekin kuchingiz bekor ketgani yo‘q. Siz o‘sha eshikni ochish bilan …dagi suv idishga o‘ttiz … suv ko‘tardingiz.
(buyuk, taniqli, darvoza, eshik, ishlatish, sarflash, kuch, quvvat, chelak, tom, litr, tonna).
Badiiy asarlar turli xil lug‘atlar bilan ishlash muammosi barcha ona tili va adabiyot ustozlarining og‘riqli nuqtalaridan biri. O‘quvchining nutqini rivojlantirish, so‘z boyligini oshirishda turli xil lug‘atlar bilan ishlash juda muhim. Shuning uchun chop etilgan darsliklarda lug‘atlar bilan ishlashga doir topshiriqlar berilgan, shuningdek, so‘zlarning izohi, ma’nodoshligi, talaffuzdosh so‘zlar sharhi ham nazardan chetda qolmagan. Masalan, 10-sinf darsligidagi “Hikoyat” (5.6-topshiriq), 11-sinf darsligidagi “Ramzlar tili” (4.1-mashq) matnlarida o‘quvchilar ajratigan so‘zlarning majoziy ma’nosini aniqlash davomida inson umrining mazmuni, uni go‘zal amallar bilan bezash lozimligi borasida qimmatli xulosaga
keladilar. Ayniqsa, 11-sinf darsligida matn turlari va uning tahliliga bag‘ishlangan 20-mavzu — “Matn va lug‘at bilan ishlash” darsi ham o‘qituvchi uchun, ham o‘quvchi uchun ijodiy ish jarayoniga aylanadi.
Har bir mavzu uchun berilgan “Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar” ruknida bolani mustaqil ijodiy fikrlashga va og‘zaki nutqini o‘stirishga undaydigan, tafakkurini kengaytirishga xizmat qiladigan, savodxonlik va so‘z odobini shakllantiradigan testlar, savollar va topshiriqli matnlar keltirilgan. 10-sinf darsligining 84-betiga murojaat qilaylik:
1. Berilgan turkiy so‘zlarning boshqa tillarga o‘zlashish sabablari va ularning lug‘aviy ma’nosini o‘qituvchingiz yordamida toping: tovarish, karandash, utyug, Baykal, Yenisey, bekat.
Namuna: tovarish – ikki qismdan iborat turkiycha (tovar + esh) so‘z, qadimda karvonlardagi mol (tovar)ni manzilga yetkazib berishda yo‘ldosh (esh) tushunilgan – safardagi hamroh.
2. Poliglotlik so‘zining ma’nosini aniqlang va uning ahamiyatini tushuntiring.
3. Quyidagi SMS xabarni imlo jihatidan tuzatib yozing! Yozishma madaniyati xususida o‘z munosabatingizni bildiring!
Sava! Tuzumusan iwla qaley bugn oqwga borasami borsen maniyam bor qildrb qoy vawe iwm kop tezro javop yoz
Maktab o‘quvchilarini mustaqil hayotga tayyorlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlariga motivatsiya bo‘lib
xizmat qiladigan “Baxt pulda emas(mi?)”, “O‘rdak emas, burgut bo‘ling”, “O‘zingga uchta haqiqiy do‘st top”, “Nobel mukofoti” (11-sinf) matnlari ilk bor darslikka kiritilgan. Shuningdek, bo‘lajak bitiruvchilar uchun kelgusida kerak bo‘ladigan alohida bir masala – matnni jadval va diagramma shaklida berish yoki ushbu shakllarda berilgan matnlarni o‘qib tushunish mavzusi 10-sinf darsligidan o‘rin olgan.
Umuman olganda, 10-11-sinflar uchun yaratilgan “Ona tili” darsliklari 2-qismi maktab til ta’limida yangi bir bosqichni – yosh avlod fan asoslarini oson, tushunarli va qiziqarli tarzda o‘zlashtirishiga imkon beruvchi jarayonni boshlab berdi, deya olamiz.
Xosiyat SUVONOVA, Shayxontohur tumanidagi 59-IDUM oliy toifali ona tili va adabiyot o‘qituvchisi
Firuza XOLMATOVA, Xatirchi tumanidagi 38-maktab oliy toifali ona tili va adabiyot o‘qituvchisi