Openbudjet. Shaffof tizim. Qora dog‘lar
Openbudjet. Shaffof tizim. Qora dog‘lar
Yoxud maktablarning mazkur kurashdagi real imkoniyatlari qanday?
Openbudjet. Bu so‘z tilimizda qo‘llanilayotganganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo eng ko‘p ishlatilayotgan so‘zlardan biriga aylandi. Bu so‘zning tilimizga kirib kelishi esa mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayotning yanada demokratlashuvi jarayonining natijasida yuz berdi. O‘tgan yili birinchi bor amalga oshirilgan mazkur loyiha, boshida ko‘pchilikning e’tiborini tortmagan bo‘lsa-da, natijalar qiziqishning keskin oshishiga olib keldi. Avvaliga bu loyihaga uncha ishonmagan, pisand qilmagan insonlar, tashkilotlar bu yilgi openbudjet jarayonining boshlanishini intiqlik bilan kutishdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Ha, haqiqatan ham intiqlik bilan kutishdi va obdon tayyorgarlik ko‘rishdi. Chunki o‘tgan yili g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahallalar, tashkilotlar, maktablar openbudjet mablag‘lari hisobidan ancha-muncha ishlarni amalga oshirishganining guvohi bo‘lishdi. Va ta’bir joiz bo‘lsa, qatnashmaganliklari uchun afsuslanishdi...
Sababi, ajratiladigan kattagina mablag‘, ko‘pgina “ishlar”ni amalga oshirishga bemalol yetadi. Ya’ni, rejadagi ishlarni amalga oshirishga ham, “yo‘lini qilishga” ham... Bu fikrlarim ko‘pchillikka o‘ta qo‘pol va asossiz bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo shu kecha-kunduzda yuz berayotgan ayrim holatlar, turli shubha va gumonlar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.
Shaffof tizim
Aytish mumkinki, openbudjet loyihasi nihoyatda shaffof elektron tizim shaklida tashkil etilgan. Tizimga kirgan, ovoz bergan kishilar qaysi loyihaga qancha ovoz berilganligi, qaysi loyihaga qancha mablag‘ ajratilganligi, umuman loyihaga oid barcha ma’lumotlardan kecha-yu kunduz barcha xabardor bo‘lishi imkoni bor.
Openbudjet loyihasi tevaragida yuz berayotgan hodisalar, tizimning shaffofligi, ma’lumotlarning ochiqligini o‘zim yashaydigan Oltinsoy tumani misolida tahlil qilib chiqishga harakat qilaman. Avvalambor, loyiha ko‘lami haqida mushtariylar aniqroq tasavvur qilishi uchun 2021-yili va 2022-yildagi ikkita loyihani solishtirib o‘tsam. Bildirilgan tashabbuslar 2021-yili 41125 ta, 2022-yilda esa 69700 ta, tasdiqlangan tashabbuslar mos ravishda 22966 ta va 40277 ta. Qiziqishning keskin oshishiga yana bir misol: 2021-yili bildirilgan loyihalar uchun jami 1149499 ta ovoz berilgan bo‘lsa, 2022-yilda, ovoz berish tugashidan o‘n kun oldin, 2022-yil 21-mart erta tongigacha berilgan ovozlar soni 4327751 taga yetdi. Ovoz berish jarayoni tugashiga o‘n kun bo‘lishiga qaramasdan, ovoz berishda qatnashganlar soni bulturgidan to‘rt baravar ko‘p.
Ayni vaqtda ajratiladigan mablag‘ ham sezilarli darajada oshgan. 2021-yili 530 milliard 500 million so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2022-yilda esa 1 trillion 115 milliard 830 million so‘mga yetdi.
Endi tahlilni Oltinsoy tumani misolida davom ettirsak. 2022-yili Oltinsoy tumanida 360 ta loyiha tasdiqlangan bo‘lib, 5 milliard 574 million 75 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur loyihalar qiymati 82 milliard 792 million so‘mni tashkil etadi. Ya’ni qanday qiymatli loyiha yutishiga qarab, 6–8 loyiha mablag‘ olish imkoniyatiga ega. 350 dan oshiq loyiha esa boshdanoq mag‘lubiyatga mahkum. Bir so‘z bilan aytganda, kurash juda qizg‘in kechishi ravshan va raqobat kutilganidanda keskinlik kasb etmoqda. Raqam va faktlarga e’tibor qaratsak.
O‘tgan yili g‘olib bo‘lgan loyihalar mingtadan sal ko‘proq ovoz to‘plashgan bo‘lsa, bu yil ayrim loyihalar birinchi kuniyoq bu dovonni zabt etishdi. 2022-yil 21-mart erta tongga qadar 116 loyiha uchun 96529 ta ovoz berildi. Oldinda esa hali 10 kun bor. Ovozlar soni yana anchagina oshishi mumkin. Taajjublanarlisi esa 244 ta taklifga hali birorta ovoz berilmagan. Ovozlar grafasida nol raqamining turishi, taklif kiritgan insonlarning vijdoniga havola bo‘lsa-da, shaffof tizimga qora dog‘ bo‘lib turibdi. O‘zi kiritgan taklif uchun loaqal o‘zining ovoz bermasligini tushunishga qancha harakat qilmayin aqlim ojizlik qildi. Menimcha bu insonning o‘ziga, jamiyatga va davlatga hamda davlat idoralariga nisbatan hurmatsizligi bo‘lsa kerak. Tizimda esa bundan boshqa qora dog‘lar yetarlicha.
Qora dog‘lar
Maqsad naqadar ulug‘, tizim naqadar shaffof bo‘lmasin, inson omilidan batamom xoli bo‘lgan tizim yaratish baribir qiyin. Inson omili aralashishi esa, qora dog‘lar paydo bo‘lishiga olib keladi. Loyihalarni ko‘zdan kechirar ekansiz, ko‘ngilga shubha va gumon soladigan jihatlar namoyon bo‘ladi. Buni yo‘l ta’miri va maktablarga oid loyihalarni qiyoslash orqali aniqlashtirishga harakat qilaman. Tizim shu qadar shaffofki, loyiha uchun taklif qilingan va ajratilgan mablag‘ bir joyda berilgan, shundoq ko‘zga tashlanib turadi. Maktablarga oid aksariyat takliflarni, berilgan taklifdagi mablag‘ miqdorida moliyalashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, mahallalarning ichki yo‘llarini ta’mirlashga oid takliflarda esa so‘ralgan mablag‘dan oshiqcha miqdorda moliyalashtirish rejalashtirilgan. So‘zlarimning isboti, men maktabimiz uchun 800 million so‘mlik taklif kiritgan edim. Ammo teng miqdorga kamaytirilib, ajratiladigan mablag‘ 400 million so‘mga tushirilgan. Ba’zi mahallalarning ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun 900 million so‘m so‘ralgan bo‘lsa, maksimal, ya’ni bir milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Yo‘llar esa ajratilgan mablag‘larni imi-jimida “yo‘lini qilish”, ya’ni noqonuniy o‘zlashtirishning qulay vositasi ekanligi barchaga ayon. Bundan tashqari, aynan yo‘l ta’miriga oid takliflar tevaragida shubhali harakatlar yuz bermoqda. Maxsus guruhlar tuzilib, ommaviy ravishda ovoz to‘plash, aloqa kompaniyalarining dilerlarini mahallaga olib kelib, mahalla ahli nomiga minglab yangi sim-kartalar ochib, ular orqali ovoz berib, so‘ngra esa sim-kartalarni sindirib tashlash kabi holatlar avj oldi.
Maktablar esa bu kurashda, ayrim katta mikrohududga ega nufuzli maktablarni hisobga olmaganda, ko‘pincha chetga chiqishga majbur bo‘lishdi. Jumladan, biz ham mag‘lubiyatni erta tan oldik.
Kurashdan chiqdik
Hatto “Blekaut”da ham maktabimizda tok o‘chmagan edi. Ammo ovoz to‘plash jarayonida yuqorilab borar ekanmiz, sokin kunda, na shamol, na yog‘ingarchilik bo‘lgan oddiy bir kunda salkam bir sutka davomida maktabimizda tok bo‘lmadi. Va biz uchinchi o‘rindan yettinchi o‘ringa tushib ketdik. Ko‘pchilik “Ovoz berishga tokning nima aloqasi bor?”, deb hayron bo‘lishi mumkin. Aloqasi bor. Chunki bizning hududda internet tezligi juda past bo‘lib, maktab kompyuteri orqali ovoz berishni tashkil qilayotgan edik.
Dastlabki kunlarda server qotib qolib, kunduzi ovoz berishning imkoni bo‘lmadi. Maktabimizning yosh o‘qituvchilari kechalari navbatchilik tashkil qilishib, 2-3-o‘rinni saqlab qolish uchun matonat bilan kurash olib borishdi. O‘quvchilarimiz ham bu kurashda yutib chiqishimiz uchun astoydil harakat qildi. Qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlarining maktabimizga ovoz berishga roziligini olib, telefon raqamini olib kelishar, hatto o‘qituvchilardan-da faolroq harakat qilishardi.
Chunki o‘quvchilar mazkur loyiha maktabimizni zamonaviy maktabga aylantirish imkonini berishini tushunib yetishgan va katta ishtiyoq bilan intilishayotgan edi. Afsuski, nasib qilmagan ekan. Biz, ya’ni maktabimiz jamoasi maslahatlashib kurashni to‘xtatishga qaror qildik. Garchand “qizil chiziq”dan balandda bo‘lsak-da, yutqazishimiz aniq bo‘lib qolgan edi. Izimizdan ta’qib qilib kelayotgan loyihalarning 2 mingtadan sim-karta sotib olib qo‘yishganini eshitgach, shuningdek, toifa attestatsiyasi sanalari aniq bo‘lgach, direktorimiz o‘qituvchilarni yig‘ib, kurashni to‘xtatishni taklif qildi. O‘qituvchi va o‘quvchilar dam olish kunlari, bayram va ta’tilda ham ovoz to‘plashda davom etmoqchi edik. Bamaslahat kurashni to‘xtatishga kelishdik. To‘g‘ri, ayrim yosh o‘qituvchilar va o‘quvchilar xafa bo‘lishdi. Ammo nachora...
Maktablarning imkoniyati
Ayrim maktablarning ishtirokini aytmaganda, ko‘pchillik maktablar, tuman XTB mazkur jarayonda juda passiv ishtirok etishdi. Misollar keltirsam, biz 3294 ovoz to‘plab, mablag‘ ajratiladigan holatda turgan vaqtimizda kurashni to‘xtatgan bo‘lsak, o‘z loyihalari uchun Oltinsoy tuman XTB 3 ta, Oltinsoy pedagogika kolleji 115 ta, 27-maktab 125 ta, 18-, 49-maktablar 2 tadan, 24-, 31-, 35-maktablar 1 tadan ovoz olishdi. Birorta ovoz olmagan loyihalar esa anchagina. Xo‘sh, bu raqamlar openbudjet dasturida maktablarning ishtiroki befoyda ekanini ko‘rsatmoqdami? Bir tomondan olib qaralganda, rostan maktablarning g‘olib bo‘lishi deyarli imkonsiz. Ammo ikkinchi tomondan olib qaralganda, mazkur dastur maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyat. Maktablar yetarli ovoz to‘play olmas ekan, ular uchun mablag‘ ajratilmasligi aniq. Xo‘sh, unda maktablarga qanday qilb mablag‘ ajratish mumkin?
Buning uchun openbudjet dasturiga ajratiladigan mablag‘ning teng yarmi ta’lim tashkilotlari uchun yo‘naltirilishi kerak. Zero, eng foydali sarmoya, bu ta’limga sarflangan sarmoya ekanligini doim yodda tutishimiz zarur.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi