Orzuga ayb yo‘q yoxud yangi o‘quv yili oldidan eski xayollar
Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. O‘qituvchilar uchun esa taraddud — maktab ta’miri, obodonlashtirish, kamchiliklarni to‘ldirish ishlari boshlandi. Shu jarayonda ularning xayollaridan ming xil o‘y-fikrlar kechayotgan bo‘lsa ajabmas. O‘tgan o‘quv yilida yuz bergan voqealar deysizmi, amalga oshgan va oshmay qolgan rejalar, muammolar... darvoqe, o‘tgan yildagi muammolar bu yil bartaraf bo‘larmikin? Katta derazalarni artib, sinfxonaga pardalarni ilar, polga yangi bo‘yoq surtib, devorlarga ohak separkan o‘qituvchi shularni xayolidan kechiradi. Gazetamizning “Ma’rifat” mushtariylari telegram guruhida ham ustozlar mana shu mavzuda dildan suhbat qurishdi. Xo‘sh, siz-chi qadrli gazetxon, yangi o‘quv yilida o‘tgan yillardagi qanday muammolarga yechim topilishini istaysiz?
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Maktablar Kundalik.comga o‘tyapti. Ammo hech kim o‘qituvchi tarmoqqa ulanishi uchun notebook yoki planshet kerakligini va bu vositalar bilan qanday ta’minlanishini aytmaydi. O‘qituvchilarning hammasida ham notebook yo‘q. Kredit to‘layotgan ustozlar ko‘p. Imkoniyati yetmaydigan ustozlar bor. Shunday ekan bu masalaning yechimini topish kerak. Yechimi sifatida esa yana falon foizli kreditni taklif etish kerakmas. Qaniydi o‘z narxida, foizsiz, ammo kredit shaklida to‘lov sharti bilan barcha ustozlar ta’minlansa(aslida bepul ta’minlash shart bo‘lishi kerakmasmi?). Maktablarda Wi-Fi bo‘lgani bilan to‘rtta odam ulansa, ishlamay qoladi. O‘qituvchi o‘z megabaytidan foydalanadi.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— Maktabimizda qo‘shimcha o‘quv binosi va tadbirlar o‘tkazish uchun faollar zali qurilishini istardim. Sababi to‘garak va qo‘shimcha darslar o‘tishimiz uchun sinfxonalar yo‘q. Qachongacha tadbir o‘tkazish uchun ochiq ob-havoli kunlarni kutib o‘tiramiz? O‘quvchilar 1-1,5 soat tik oyoqda tadbir tomosha
qilishadi. Ularning aybi markazdan uzoqda yashaganimi?
O‘qituvchilar uchun faqat qog‘ozda yo‘qolgan qog‘ozbozlikni amalda ham yo‘qolishini istardim.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumanidagi 31-IDUM o‘qituvchisi:
— Maktabimizda 2 smenada dars o‘tiladi. Qo‘shimcha bino qurish uchun joy bor. Har bir boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi darsdan keyin o‘quvchilar bilan shug‘ullanishni xohlaydi. Lekin sharoit yo‘q. Qo‘shimcha bino qurilsa yaxshi bo‘lardi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchisi:
— Metodbirlashma faoliyati qayta isloh bo‘lishi kerak. Shu paytgacha shunchaki qog‘ozda mavjud bo‘lgan, bu tizimning aslida katta maqsad va vazifasi bor. To‘g‘ri, bu yil “ustama belgilansin” degan yaxshi yangilik bo‘ldi. Ammo mening taklifim: ustama emas, ish haqi belgilansin. Haq to‘langan joyda ish bo‘ladi. Talab kuchayadi. Vazifa sidqidildan bajariladi. Oddiy misol, o‘zim metodbirlashma rahbariman, metodbirlashma papkasi uchun qog‘oz to‘plash bo‘yicha ham ishim o‘z o‘rnida. Ammo amaldagi ishimdan o‘zim qoniqmayman. Hammasini qog‘ozda bajarib qo‘yaman. Nega? Chunki mehnat uchun haq kerak. Metodbirlashma faoliyati butunlay qayta ko‘rib chiqilsa, dasturi bo‘lsa, qo‘llanmasi bo‘lsa, so‘ng bu ishlarni bajaruvchiga, dars soatlari yoniga, ish haqi evaziga bir shtat sifatida vazifa belgilansa arziydi.
Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM o‘qituvchisi:
— Kundalik.com masalasi qayta ko‘rib chiqilishini istardim. Chunki ayrim maktablarda internet tezligi yaxshi emas. Darsda esa o‘quvchini baholayman desangiz vaqt o‘tib ketadi. Bundan tashqari, deyarli 90 foiz ota-ona kundalik.comni tushunmaydi. Shunday bo‘lgach farzandining baholarini ham ko‘rmaydi. O‘tgan o‘quv yilida kundalik.comga ota-onalar kirsin, foizlaringiz oshadi, deyishdi. Bir sinfdan nari borsa 10 nafar o‘quvchining ota-onasi kirdi. Bu taxminan, 30–33 foiz degani. Agar bu raqamni maktab, tuman, shahar, respublika darajasida hisoblab ko‘rsak, har uch nafar o‘quvchidan bir nafarining ota-onasi kundalik.comni tushungan bo‘lib chiqadi.
Hech bo‘lmasa boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar baholarini tez-tez ko‘rishlari, faxrlanishlari uchun qogʻoz kundalik qolishi kerak. Bilamizki, bu yosh toifasidagi bolalar o‘ta qiziquvchan, bir-birining yonida maqtanishni yoqtirishadi. Baholar orqali esa raqobat kuchayadi. Bu ota-onalarga ham noqulaylik tugʻdirmaydi.
Shoira BOZOROVA, Romitan tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi o‘quv yili yaxshi o‘quv yili bo‘lishini xohlayman. Eng katta istagim, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga poyoni yo‘q turli jadvallar kelmasa va u o‘z vazifasini bajarib, darslarning sifat va samaradorligini kuzatsa, yosh o‘qituvchilarning malakasini oshirishga ko‘maklashsa, fan oyliklarining yuqori saviyada o‘tkazilishiga boshchilik qilsa, o‘quvchilarning OTMga kirishlari uchun maktabda uzluksiz ish olib borilishini nazorat qilishiga imkon berilsa yaxshi bo‘lardi.
Maktablarning moddiy-texnika bazasini ham ko‘rib chiqish kerak. Qozog‘istonlik hamkasblarimiz kabi dars o‘tadigan kabinetimizda har birimiz uchun, mayli hech bo‘lmaganda har bir metodbirlashmada bittadan elektron doska bo‘lsa mazmunli darslar o‘tardik.
Dilrabo NORQULOVA, Qarshi shahridagi 41-IDUM oʻqituvchisi:
— Keraksiz va faqat statistika uchun qilinadigan jadvallar yo‘qotilsa. Tuman xalq ta’limi bo‘limlari ham quruq topshiriqlar berish bilan cheklanmay, vaqti-vaqti bilan metodik yordamlar ko‘rsatsa, amaliy va nazariy bilimlar bilan o‘rtoqlashsa edi!
Ra’no AVEZOVA, Qorovulbozor tumanidagi 8-IDUM o‘qituvchisi:
— Avvalgidek an’anaviy jurnal yuritishni, har dars oxirida bolalarning bahosini jurnalga qo‘yishni, o‘quvchilarimiz ko‘tarib yurgan qog‘oz kundalikka baho qo‘yishni, har kuni jadvaldagi 5 soat darsimizni hech kim buzmasligini istayman. “Ana kimdir keldi, tayyor turinglar, yana kimdir keladi”, deb eshigimizni hadeb ochib tozalik haqida so‘rab turishlarini istamayman. Shundoq ham o‘qituvchi sinfxonasini ozoda tutadi. Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari dars vaqtida sinfxonalarga kirib, allaqanday ma’lumotlarni so‘rashini istamayman. O‘qituvchi faqat bolani o‘qitsin. Talab shu bo‘lsin! Oliy toifali o‘qituvchiga 5 million, 1-toifali o‘qituvchiga 4 million, 2-toifali o‘qituvchiga 3 million oylik to‘lansa edi! Shundagina natija yaxshi bo‘ladi.
Dilafruz XAMROQULOVA, Marhamat tumanidagi 31-maktab oʻqituvchisi:
— Uyimiz yonginasida Uzdaewwo ishchilari uchun kottejlar bor, sharoiti zoʻr, yaqinida boʻla turib bizda gaz yonmaydi. Nega kottejlarda bor-u, bizda yo‘q. Oʻqituvchilar uchun ham xuddi shunday kottejlar qurilsa boʻlmasmikin-a yoki oʻqituvchilar davlat va jamiyat uchun Uzdaewwo ishchilari kabi foyda keltirmasmikin?!
Sarvinoz SUNNATOVA, G‘ijduvon tumanidagi 47-maktab o‘qituvchisi:
— 11-sinf o‘quvchilarining hujjatlarini oliy o‘quv yurtlariga topshirtirish majburiy vazifaga aylandi. Bundan o‘qituvchilar ko‘proq aziyat chekyapti. Ba’zi bir o‘quvchilar maktab partasidayoq bir hunarni mukammal egallaydi. Bitirib, yana o‘sha oshpazlik, duradgorlik, ustachilik kabi hunarlarini davom ettiradi. Chunki ularning ish joylari, daromad manbalari aniq-da. Shunday ekan, ularni OTMda o‘qishga majburlashga ne hojat?!
Hamza XUDOYBERDIYEV, G‘ijduvon tumanidagi 32-maktab o‘qituvchisi:
— Maktab ulug‘ dargoh, avvalo, maktabning ana shu ulug‘ligini saqlab qolish lozim. Har xil qo‘shimcha kurslar deb maktablarning nufuzi tushmoqda. Xususiy maktab qilish
kerak yoki maktabning o‘zida shu kurslarni tashkil qilish kerak “O‘qituvchi maqomi” to‘g‘risidagi qonunni tezroq amalga oshirish kerak.
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi oʻquv yili boshlanishida oʻqituvchilarda kayfiyat a’lo boʻlishini xohlayman. Avgust oyida dars toʻgʻri taqsimlansa kayfiyat a’lo bo‘ladi.
Oʻqituvchi koʻproq ragʻbatlantirilishini, maktab rahbarlari dars kuzatishini, dars tahlili boʻlishini xohlayman.
Dilfuza G‘AZNAYEVA, Sirdaryo tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi o‘quv yilini hadik bilan kutyapman. Sababi maktab rahbari shuncha qing‘ir ishni qilsa ham o‘z joyida savlat to‘kib o‘tiribdi. O‘n nafar o‘qituvchi “yozuvchi” bo‘lib qoldik.
Yangi o‘quv yilidan maktablarda poraxo‘rlik yo‘qolishini istardim. Maktab rahbarlari ish so‘rab kelayotgan yosh xodimlarni cho‘ntagiga emas, bilimiga qarab ish berishini so‘rardim. Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman xalq ta’limi xodimlari lug‘atida tanish-bilishchilik yo‘qolishini istardim.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— Yangi o‘quv yilini intiq bo‘lib kutyapman, chunki bolajonlarni sog‘indim. Lekin yana o‘z imkoniyatimiz doirasida ta’mirlangan, kuz va bahor oxirida issiq, 6 oy davomida arang iliydigan (elektr toki bo‘lsa) maktabimni, “Birinchi qo‘ng‘iroq”dan “So‘nggi qo‘ng‘iroq”gacha quyosh tig‘ida, yomg‘ir va qordan qochib o‘tkaziladigan tadbirlarni, o‘quvchi-yu o‘qituvchini umidvor qilib, yarim yo‘lda qolib ketadigan tanlovlarni eslasam, o‘ksib ketaman.
Tashkil topganiga 97 yil bo‘lgan, barcha sohada birinchilikni qo‘lga kiritib kelayotgan maktabim uchun faollar zali, ishlaydigan zamonaviy oshxona, sinfxonalarda esa elektron doska, proyektor kabi vositalar juda ham zarur. Afsus, bular men nafaqaga chiqqunimgacha amalga oshmasa kerak(10 yil bor!).
Qunduz KANIMKULOVA, Chinoz tumanidagi 21-maktab direktori:
— Maktabda asosan tadbirlar bilan o‘ralashib qolyapmiz. Tadbir va tanlovlar ko‘pligidan qo‘shimcha darslarga vaqt yetmaydi. Hech qanday natijasi bo‘lmagan, keraksiz tadbirlar va tanlovlar kamaytirilib, asosiy va aniq reja asosida darslar tashkil etilsa yaxshi bo‘lardi. Bolalarni tadbirga tayyorlash uchun kamida 1 hafta yoki undan ko‘proq vaqt ketadi. Biri o‘tishi bilan, ikkinchi tanlov e’lon qilinadi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.