“Otalar kuni” tadbiri oʻtkazildi
Qibray tumanidagi 48-maktabida “Otalar kuni” tadbiri oʻtkazildi.
Maktab maʼmuriyati tomonidan tasdiqlangan dastur asosida otalar ertalabdan musiqa sadolari ostida kutib olindi va ularga dastur tarqatildi.Otalar bilan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Baxrom Raimdjanov bolalikni esga olgan holda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlarini oʻtkazdi, soʻngra Vatan tayanchi, suyanchi va qalqoni boʻlgan otalar uchun harbiy vatanparvarlik tarbiyasi bilan shugʻullanish jarayonidan lavha sifatida harbiy saf mashqlaridan 11-sinf oʻquvchilari ishtirokida koʻrinish namoyish etildi. Soʻngra maktabga tashrif buyurgan otalar makiabdagi darslarning oʻtilish jarayonini koʻrish uchun barcha fanlar boʻyicha darslarni kuzatish jarayoniga kirib, farzandlarining maktab pedagoglari tomonidan berilayotgan dars mashgʻulotlarini kuzatishdi va hattoki oʻzlari ham bolalikni eslab, dars jarayonida farzandlari oʻrniga uy vazifalari, yangi mavzuni oʻtish va mustahkamlashda faol ishtirok etishdi.
Dars jarayonlaridan keyin maktab maʼmuriyati bilan maktabdagi taʼlim-tarbiya jarayonini oshirish yuzasidan oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi.Sinf rahbarlari tomonidan “Farzandingizni yaxshi bilasizmi?” mavzusida otalardan soʻrovnomalar olindi. Dastur boʻyicha 4-7 sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Men, otam va onam” mavzusida rasmlar tanlovi oʻtkazilib, 8-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Farzand tarbiyasida otaning oʻrni” mavzusida insholar yozdirildi.
Oʻquvchilar tomonidan otalarga bagʻishlangan musiqiy dastur namoyish etilgach, maktab psixologi Muhayyo Tashmetova tomonidan “Orzular” treningi oʻtkazildi. Dastur soʻngida maktabdagi taʼlim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashda alohida oʻrnak koʻrsatayotgan, farzandlarining aʼlo oʻqishi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun hissa qoʻshgan otalar maktab maʼmuriyatining “Tashakkurnoma”lari bilan ragʻbatlantirildi.
Zuhra Ikramova Alixodjayevna,
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor muovini