“Otning kallasi”day oylik olyapti, deysiz-da…
“Otning kallasi”day oylik olyapti, deysiz-da…
Aytishingiz mumkin, o‘qituvchi “otning kallasi”day oylik olyapti, ishlasinda deb. Yaqinda internetda xorazmlik ustozlar 12 mln oylik olyapti, deb hamma bong urdi. Endi savol tug‘iladi, qaysi fan o‘qituvchilari shunday oylik olishi mumkin? Masalan, ingliz tili o‘qituvchisi C1 sertifikati olsa, 80 foiz ustamasi bor. Darsi 30 soat, sinf rahbarligi bor, toifasi oliy, xalq ta’limi a’lochisi bo‘lsa, yoki kimyo, biologiya, matematika ustozlarining o‘quvchisi xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lsa shunday miqdorda maosh olishi mumkin. Lekin tarix, huquq, tarbiya, shunga o‘xshash fan o‘qituvchilarida na C1 bor, na xalqaro olimpiada bor, na 30 soat darsi bor. Olimpiada bor-ku, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, bu fanlardan ham bor. Biroq, men 12 yillik pedagogik faoliyatim davomida olimpiadalarning halol o‘tganini ko‘rmadim.
Toifangiz oliy bo‘lsa ham, dars soati sizga zo‘rg‘a chiqib turgan bo‘lsa-da, universitetni bitirib kelgan yosh mutaxassis ishga majburan olinadi. Ha desangiz, xalq ta’lim bo‘limi mudiri yoki boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i, deydi maktab rahbarlari ham. Biz ishongan deputatlarimiz 5 farzandli oilaga 2,5 mln so‘m yetadi deb jar solayotgan paytda, men qishloqda yashab turib 4 mln so‘mni oylikkacha zo‘rg‘a yetkazaman. U ham yetsa. Sababi, kredit to‘lovlarim bor. Kredit olmasam, uy jihozlarini oylik to‘plab ololmayman.
Afsuski, muammolarni yozaversam qog‘oz yetmaydi. Shuncha muammoning ichida turgan o‘qituvchidan yana qanday sifatli ta’limni talab qilyapsiz?
Elyorjon MAHKAMOV,
Rishton tumanidagi
60-maktabning tarix fani
o‘qituvchisi