PISA dasturi tashabbuskori Andreas Shlyaxer O‘zbekistonda
PISA dasturi tashabbuskori Andreas Shlyaxer O‘zbekistonda
Joriy yilning 10–13-aprel kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyaxer amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrifning ilk kunida IHTT bosh kotibining Ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va inspeksiya huzurida tashkil etilgan Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishi milliy markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Xususan, markazdagi bosmaxona, chop etilgan qo‘llanmalar, studiya va bu yerda tayyorlangan videodarslar hamda testlarni tajrima qilish va ekspertizadan o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, milliy markaz xodimlari mamlakatimizda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish va bu boradagi o‘ziga xos yondashuvlar bo‘yicha taqdimot o‘tib berishdi.
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisiga tashrif va hamkorlik aloqalari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimiz ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bo‘yicha erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi.
— Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilish, unda sifat va samaradorlik ko‘rsatkichlarini muntazam oshirib borish bo‘yicha Davlatimiz rahbari boshchiligida qator izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘qitish metodikasi va ta’lim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha katta islohotlar boshlab yuborilgan.
Biroq shu kunga qadar mamlakatimizning ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmagani, mavjud holatni xalqaro darajada baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatlarimizni cheklab kelayotgan edi. Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bu borada ham ilk qadamlar tashlandi. Xususan, 2018-yilda Ta’lim inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilinib, unga umumta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda ishtirokini ta’minlash vazifasi yuklandi.
O‘tgan davr mobaynida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan kelishuvlarga erishilib, O‘zbekiston ilk marotaba PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etmoqda.
2021-yilda respublikaning 83 ta maktablarida PISA tadqiqotining tajriba-sinovlari o‘tkazildi, endilikda tanlab olingan 202 ta ta’lim muassasalarida 2022-yilda aprel-may oylarida asosiy sinov jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Albatta mamlakatimiz ta’lim tizimiga butun dunyo miqyosida baho beriladigan bunday tadqiqotda ishtirok etish, barchamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
O‘ylaymanki, Sizning tashrifingiz va berayotgan tavsiyalaringiz nafaqat sinovlarni tashkil qilishda balki, kelgusida uning natijalari qarab ta’lim tizimimizni isloh qilishda va o‘zimizga yangi rejalar tuzishda juda asqatadi, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i.
O‘z navbatida PISA dasturining tashabbuskori mamlakatimizda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ishlarini e’tirof etar ekan, bu borada o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tdi.
— Ko‘rib turibmanki, inspeksiya O‘zbekistonda ta’lim mazmunining markazi turibdi. Ya’ni o‘quvchilarning yaxshi o‘zlashtirishi, o‘qituvchilarning malakasi yaxshilanishi hamda ilg‘or mamlakatlarning eng yaxshi tajribalarini joriy qilish yo‘lida sezilarli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Milliy markazda PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘rib mamnun bo‘ldim. Materiallarni tarjima qilish, chop etish va joyiga yetkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
shuni alohida ta’kidlashim lozimki, yurtingiz ilk marotaba PISA ishtirok etayotgani quvonarli. Biroq, tadqiqotning ahamiyati shundaki, jarayonlar natija e’lon qilinishi bilan to‘xtab qolmaydi. Shu asosda sohani takomillashtirish bilan bog‘liq xulosalar qilish, zarur islohotlarni amalga oshirish juda muhim.
Ya’ni bunda shunchaki, o‘quv dasturlarining o‘zini o‘zgartirib qo‘yish bilan yuqori natija kutish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Buning uchun o‘qitish jarayonini, uning ishtirokchilari bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalarining dunyoqarashini o‘zgaritish lozim.
Bunda esa o‘qituvchilar mahorati, bilim va saviyasining muntazam o‘sib borishi hal qiluvchi kuch ahamiyat kasb etadi. Zero, biz o‘quvchilarni hozirgi zamon uchun emas kelajak uchun tayyorlashimiz kerak. Bu borada esa hamkorlik qilish va amaliy yordam ko‘rsatib borishga tayyormiz, – dedi Andreas Shlyaxer.
Tashrif yakunida tomondan uchrashuv davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muhokamalarni yanada kengroq davrada, mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davom ettirishga kelishib olindi.