QADAMMA-QADAM OLDINGA
Har bir maktabda albatta bo‘sh o‘zlashtiradigan, darslarda o‘tirishga ko‘pam hushi bo‘lavermaydigan o‘quvchilar oz bo‘lsa-da, topiladi. Vazifalarni o‘z vaqtida tayyorlashga toqati yo‘q o‘quvchilarning borligi tabiiy. Bilimga chanqoq, intiluvchan, maktabga oshiqib keladigan bolalarning ko‘pligi bizni quvontiradi, albatta. Ammo bo‘sh o‘zlashtiruvchi, ota-ona, o‘qituvchilar qistovi bilan maktabga kelayotgan ayrim o‘quvchilarni bilim olishga qiziqtirish muammosi haqida o‘ylanib, sinfda yangi bir yo‘nalish ishlab chiqishga qaror qildim. Bu yo‘nalishni “Qadamma-qadam oldinga!” deb nomladim. Dastlab, sinfda bilim saviyalari teng yoki bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘quvchilardan beshta guruh tashkil qildim.
Birinchi guruh – bo‘sh o‘zlashtiruvchilar, ikkinchi guruh – o‘zlashtirishi yaxshiroq bo‘lgan o‘quvchilar, uchinchi guruh “ 4” bahoga o‘zlashtiradiganlar, to‘rtinchi guruh “ 4” va “ 5” bahoga, beshinchi guruh faqat “a’lo” bahoga o‘qiydigan o‘quvchilardan tashkil topdi. Har bir darsda guruhlar ichida musobaqa uyushtirildi. Ya’ni, o‘quvchi darsdagi, umuman maktabdagi intizomi (maktab formasida kelishi, darslik, kundalik daftar, o‘quv qurollaridan to‘g‘ri foydalanishi, maktabda o‘zini tutishi), darsdagi ishtiroki(uy vazifasining bajarilishi, darsda berilgan qo‘shimcha topshiriqlar, husnixati, dars davomida olingan kichik diktantlar, savol-javoblar, tezkor test savollari) uchun ball daftarlariga bir balldan belgilab boradilar. Darslar oxirida ballar hisoblanib, har bir guruhdan g‘olib o‘quvchilar aniqlanadi. O‘z guruhida besh marta g‘olib bo‘lgan o‘quvchi keyingi kuchliroq guruhga qabul qilinadi. Beshinchi eng kuchli guruhda besh marta g‘olib bo‘lgan o‘quvchining surati esa “Sinfimiz faxri” doskasiga qo‘yiladi. Bundan tashqari, g‘olib bo‘lgan o‘quvchining ota-onasi maktabga taklif qilinib, tashakkurnoma topshiriladi. Bu esa ota-onalar bilan aloqani mustahkamlash bilan birga, farzandlarining bilimiga e’tiborlarini kuchaytiradi. Bu musobaqaga o‘quvchilarning qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida har bir guruhga besh xil rangdagi bog‘ichlar tayyorladim. Musobaqada g‘olib bo‘lgan o‘quvchining bog‘ichiga maxsus belgi yopishtirilib boriladi. Bundan tashqari, har bir guruhga shiorlar tanlanadi.
1-guruh – ko‘k rang: Men Amir Temur avlodiman. Bu nomga munosib bo‘lish uchun harakat qilaman.
2-guruh – siyohrang: Men or-nomusli xalq farzandiman. Shu xalqqa munosib avlod bo‘lish mening burchimdir.
3-guruh – sariq rang: Bilim – boylik va kuch-qudrat keltiradi.
4-guruh – qizil rang: Har bir inson yaxshi yashashga haqlidir. Yaxshi yashash bilim olish demakdir.
5-guruh – oq rang: O‘zaro hurmat, bag‘rikenglik xalqimizga xos odatdir. Doimo do‘stimga yordam beraman.
Bu shior va bog‘ichlar o‘quvchilarni ruhlantirdi, ularning darsdagi faolligi, intiluvchanligini oshirdi. Bu usul maktabimiz boshlang‘ich uslubiy birlashmasida tahlil qilindi, o‘qituvchilar ish tajribasida qo‘llashlari uchun ommalashtirildi.
Odinaxon OLIMOVA,
Xo‘jaobod tumanidagi
12-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi