QADRSIZ KADR
Ta’lim muassasalarimizda kotiba(kotib)lik bekor qilinib, kadrlar menejeri lavozimi joriy etilganiga ham bir necha yildan oshdi. Nomi yangilanishi bilan birga bu shtat uchun belgilangan vazifalar ham yanada ortdi.
Ya’ni birgina xodim – menejer har kuni yuqori tashkilotlardan keladigan turli xil jadvallar, kundalik bazaviy ma’lumotlar, bundan tashqari “YMT”, “E-HUQUQSHUNOS”, “IJRO INTIZOMI”, “ERP” kabi saytlarda kadrlar bo‘limi rejalari, oylik va yillik hisobotlarni to‘ldirish, shuningdek, maktabda xodimlar bo‘limi tomonidan shaxsiy tarkibga oid buyruqlar, mehnat shartnomalari va ularga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq huquqiy hujjatlarni yuridik tartibda markazlarga jo‘natish kabi shu va boshqa vazifalarni bajaradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ijro intizomidagi yuklama me’yori ortib ketgan. Bu lavozim uchun yagona shtat birligi mavjud bo‘lib, birgina xodim uchun yuqoridagi vazifalar ko‘plik qilishi turgan gap.
Bundan tashqari, menejerlar bilan suhbatim natijasida xodimlarga yetarli sharoitlar ham yaratib berilmagani ma’lum bo‘ldi. Maxsus ish sharoiti yaratilmagan, mehnat vazifasi juda ko‘p bo‘lgan bu lavozimning eng og‘riqli nuqtasi oylik maoshning katta ish yuklamasiga mutanosib emasligi, ya’ni kamligi ham ekan. Taqqoslash uchun: menejerning maoshi oddiy laborant xodimnikidan ham kam. Yana shuni aytish kerakki, menejerlarning aksariyati ayollar. Ya’ni ayni zamonamizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar ortayotgan bir paytdagi bunday holat ko‘ngilni xira qiladi. Qolaversa, ushbu vazifada ishlayotganlarning ko‘pchiligi 10–15 yillik tajribaga ega xodimlar bo‘lib, ular orasida oilaning yagona boquvchisi bo‘lganlar, birgina oylik ortidan katta bir ro‘zg‘orni tebratadiganlar ham bor.
Prezidentimiz o‘qituvchilarga e’tibor berib, ularning oylik maoshi masalasida jiddiy o‘zgarishlar qilgani tahsinga sazovor. Shu o‘rinda aytishim joizki, menejerlarning vazifasi ham o‘qituvchilarnikidan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, kam emas. Farqli tomoni o‘qituvchilarning mehnati doim ko‘zga ko‘rinadi, menejerlarniki esa parda ortida qolib ketaveradi. Ular oyligini sezilarli oshirish zarur.
Mas’ul shaxslardan shuni so‘rardikki, murojaatimizni nolish deb bilmang. Bu murojaat birgina hudud faollarining emas, respublikamizdagi ko‘plab maktab menejerlarining iltimosi asosida yozildi.
Muslima MANSUR qizi,
Guliston davlat universiteti filologiya