QANDAY MAQSADNI KO‘ZLAB CHET TILI O‘QITAMIZ, O‘RGANAMIZ?
Savolning javobi barchamizga ma’lum-ku degan fikr xayolingizdan o‘tganiga aminman. Darvoqe, har qanday ma’rifiy-madaniy, ilmiy-texnikaviy yangiliklar muayyan maqsadni ko‘zlab joriy etiladi, amalga oshiriladi. Xo‘sh, so‘nggi yetmish yil atrofida mamlakatimiz o‘rta maktablarida, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlarida joriy etilgan ingliz, nemis, fransuz tili kabi g‘arb tillari qatorida ba’zi sharq tillarini o‘qitishdan qanday maqsadlar ko‘zlangan va ushbu maqsadlar qay tarzda amalga oshirilgan?
Fikrimizcha, savolga javobni dastavval o‘tgan asr oltmishinchi yillaridagi chet tillari bo‘yicha darslik va qo‘llanmalarga qo‘yilgan talab va ko‘rsatmalardan topishimiz mumkin. O‘sha davr talabiga ko‘ra chet tillarni o‘rganishdan asosiy maqsad chet el madaniyati, adabiyoti bilan tanishish bo‘lgan. Ushbu g‘oya yarim asrdan ortiqroq davr davomida chet tillarni o‘qitishda asosiy mezon sifatida o‘zgarmasdan o‘qitish jarayonida, darslik, qo‘llanmalar tuzishda, talabalar kurs va diplom ishlarini yozishida dasturilamal sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Natijada chet tillarini o‘qitishga qo‘yilgan barcha talablar shu yo‘l asosida amalga oshirildi. Chet tillari o‘qituvchilarini tayyorlash, shakllantirish ham ushbu maqsad yo‘lida olib borildi. Barcha chet tili o‘qituvchilari Toshkent davlat jahon tillari universiteti, Andijon chet tillari instituti, Samarqand chet tillari instituti hamda universitetlarning chet tillar fakultetlarida tayyorlandi.
Qizig‘i shundaki, yuqorida ko‘rsatilgan o‘quv yurtlarida o‘rta maktablar uchun tayyorlangan o‘qituvchi-pedagoglar Respublikamizning barcha umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilik qilmoqda. Filologik-pedagogik yo‘nalishda tahsil olgan chet tili o‘qituvchilari hech qanday qo‘shimcha tayyorgarliksiz matematika, fizika, kimyo, biologiya, geometriya, astronomiya, tibbiyot, iqtisodiyot, texnika, informatika va boshqa bir qator soha talabalariga chet tilidan dars berib kelishmoqda. Buning natijasida, achchiq bo‘lsa ham tan olishimiz kerak, bo‘lg‘usi nofilologik yo‘nalishdagi fan mutaxassislarining o‘z sohalari bo‘yicha chet elda chop etilgan ilmiy jurnallarni erkin o‘qib tushunishi, tarjima qilishi, ilmiy anjumanlarda chet tillarida ma’ruzalar qila olishlariga erisha olmadik.
Bizning nazarimizda, bu kabi kamchiliklar chet tili o‘qitishning aniq maqsad-vazifasining, motivatsiyasining belgilanmaganligidadir. Zero, maqsadsiz qilingan har qanday harakat – ishga bermas barakat.
Davr o‘zgardi. Odamlar ham davrga qarab o‘zgarib bormoqda. Ularning maqsad-orzulari ham zamon ta’sirida shakllanmoqda. Masalan, oltmishinchi, yetmishinchi yillar yoshlari dastavval rus tilini mukammal o‘rganib Moskvada o‘qishni orzu qilgan bo‘lsalar, zamonamiz yoshlari chet tillarda nafaqat erkin gapirish, suhbatlashishni, balki AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni, ilmiy-tadqiqotlar olib borishni, turli tadbirkorlik tizimlarida faoliyat yuritishni maqsad qilib qo‘ymoqdalar. Ushbu ezgu maqsadlar amalga oshishi uchun davlatimiz va shaxsan Prezidentimiz tomonidan chet tillarni o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan qator Qaror hamda Farmonlar e’lon qilinmoqda. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda hozirgi kun chet tillari o‘qitish maqsad va motivatsiyasini aniqlab olish talab etiladi.
Chet tillarni o‘qitishdagi yarim asrdan ortiqroq ilmiy-pedagogik faoliyatim, orttirgan tajribam asosida chet tillarni o‘qitish, o‘rganishning hozirgi kundagi dolzarb maqsad-vazifalariga e’tiboringizni tortmoqchiman:
Birinchidan, biron-bir chet tilini o‘rganishdan maqsad o‘rganilayotgan til orqali o‘sha xalqning nafaqat tili, madaniyati, adabiyoti bilan tanishish, balki ularning zamonaviy fan-texnika yutuqlarini o‘z mamlakatiga olib kirish, o‘zlashtirishda “oltin ko‘prik” vazifasini bajarish mas’uliyati deb bilaman. Darvoqe, chet tili sohasi xodimlarining bu boradagi imkoniyatlari katta. Shu nuqtayi nazardan xorijiy tilni o‘zlashtirgan har bir shaxs o‘z mamlakatining ilmiy, texnikaviy hamda ijtimoiy rivojiga betakror hissasini qo‘shgan bo‘ladi.
Masalaning bu tarzda qo‘yilishi esa dunyo xalqlari, mamlakatlari taraqqiyotining o‘ta tezligi bilan asoslanadi.
Ikkinchidan, qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish uchun dastavval maktab hamda oliy o‘quv yurtlari chet tillari darsliklarining mazmun-mohiyatini qayta ko‘rib chiqish talab etiladi. Masalan, darsliklarda an’anaviy turli ertaklar, tarixiy hikoyalarni, kundalik mavzudagi matnlarni o‘qitish bilan chegaralanmasdan zamonaviy ilmiy-texnikaviy, innovatsion terminlarga boy matnlar berilishi, ularning o‘qitilayotgan boshqa fan sohalari bilan bog‘liqligini ta’minlash chet tili o‘qitishning asosiy maqsadlaridan biriga aylanishi lozim.
Yoshlarni maktab yoshidanoq turli ilm-fan tushunchalari, terminlari bilan tanishtirish kelajakda ularning biron-bir sohani o‘rganishlari, egallashlarida katta ahamiyat kasb etishiga hech qanday shubha yo‘q. Bu borada chet tillari o‘qituvchilarining turli fan o‘qituvchilari bilan yaqindan hamkorlik qilishlari samara berishiga ishonamiz.
Kun tartibiga qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish uchun ilk qadam qo‘yildi. So‘nggi ikki yil ichida (2021-2022-yillarda) O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining maqsadli amaliy loyihasi asosida “Andijon lug‘atshunoslik va tarjimashunoslik amaliy-ilmiy innovatsiyalar markazi” (ALTAIIM) tashkil qilindi. Loyihaning asosiy vazifasi qilib maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab oliy ta’limda o‘qitilayotgan fan sohalarining bir, ikki va ko‘p tilli terminologik o‘quv lug‘atlarining ilmiy asoslarini yaratish hamda O‘zbekistondagi barcha o‘quv, ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha terminologik lug‘atlar “oilasini” yaratishdir.
Oldimizga qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish uchun Andijon davlat universiteti, Andijon davlat chet tillari instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar, g‘arb va sharq tillari mutaxassislari, STEAM fanlar va axborot texnologiyalari soha mutaxassislari hamda lug‘atshunoslar ishtirokida jamoa shakllantirildi. Turli fan-soha vakillari bilan birgalikda olib borilgan hamkorlik natijasida nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon lug‘atshunoslik tizimida ilk bor 11 tilli – o‘zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan, turk, arab, yapon, koreys, xitoy tillarida 5-sinfdan to 11-sinfgacha o‘qitilayotgan “Biologiya”, “Matematika”, “Informatika va axborot texnologiyalari”, “Fizika”, “Sun’iy intellekt”, “Botanika”, “Zoologiya”, “Kimyo”, “Algebra”, “Geometriya”, “Odam va uning salomatligi”, “Sitologiya va genetika asoslari”, “Algebra va analiz asoslari”, “Organik kimyo”, “Umumiy kimyo”, “Astronomiya” fanlari ilmiy terminlarini o‘z ichiga olgan 39 ta o‘quv lug‘ati tuzildi.
Lug‘atlar “izohli tarjima” maqomida tartib berilganligi sababli o‘zbek tilidagi termin avval izohlandi, muqobil termin orqali 10 tilga tarjima qilindi, terminni aks ettiruvchi rasm hamda terminning talaffuzi ovozli shaklda berildi. Buning uchun lug‘atning elektron ko‘rinishi ishlab chiqilgan va ilova qilingan. Barcha lug‘atlarning elektron shakli Markaz tomonidan Play Marketga bepul foydalanish uchun joylangan hamda o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Lug‘atlarda berilgan terminlarni o‘rganish, eshitib tushunish, eslab qolish va nutqda qo‘llay olish samaradorligini oshirish uchun maxsus interaktiv o‘yin yaratildi. O‘yin orqali o‘quvchi to‘rt xil topshiriqlarni bajaradi va natijalari reyting ko‘rsatkichlari shaklida baholanadi. Bu esa o‘quvchilarning erishgan muvaffaqiyatlarini mustahkamlash va uzluksiz rivojlantirib borish imkonini beradi.
Muxtorxon UMARXO‘JAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor,
Andijon davlat chet tillari instituti “Nemis tili nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri,
loyiha rahbari