QIZIL, SARIQ, YASHIL… MUAMMOGA YECHIM BO‘LA OLMAYDI!
Mulohaza
QIZIL, SARIQ, YASHIL… MUAMMOGA YECHIM BO ‘ LA OLMAYDI!
Ma’lumki, joriy yildan maktablarni ta’lim sifatiga qarab to‘q qizil, och qizil, sariq va yashil rangda toifalanishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda birorta bitiruvchisi OTMga kirmagan maktablar to‘q qizil, 10 foizgacha kirganlari och qizil, 30 foizgacha kirgani sariq va o‘quvchisi OTMga kirish ko‘rsatkichi 30 foizdan oshgan maktablar esa yashil rangda belgilandi.
Mazkur ko‘rsatkichlar orqali “sariq” va “qizil” toifadagi maktablarda ta’lim sifati, samaradorligini oshirilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Xo‘sh, umumta’lim maktablarini bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi bilan toifalashtirish qanchalik to‘g‘ri?
Keling, masalani dunyoning eng rivojlangan davlati – AQSh tajribasini ko‘rib chiqishdan boshlaylik. 2002-yil 8-yanvarda AQSHdagi ikki partiyaning qoʻllab-quvvatlashi bilan Jorj Bush tomonidan imzolanib, amaliyotga joriy qilingan “No child left behind” (Hech bir bola e’tiborsiz qolmaydi) loyihasi mohiyatan maktablarning reyting asosida baholanishiga asoslangan.
Unga ko‘ra, har bir bolaga alohida e’tibor qaratiladi. Ya’ni, moliyaviy jihatdan kam ta’minlangan, nogiron, immigrant, past oʻzlashtiruvchi bolalar tengdoshlari erishayotgan yutuqlarga erishishi talab qilindi. Maktablarning koʻrsatkichlariga federal shtatlar javobgarligi belgilandi. Ya’ni federal shtatlarga ta’limni rivojlantirish uchun alohida pul beriladigan va natija talab qilinadigan boʻldi. Asosan, matematika, o‘qish, yozishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini aniqlash standartlari belgilandi, professionallarni jalb qilish boshlandi. Baholar bo‘yicha ro‘yxatning eng quyi qismidagi maktab o‘qituvchilari uchun kurslar ham nazarda tutilgan. Past oʻzlashtiruvchilar ajratilib alohida qoʻshimcha oʻqitildi. Ushbu akt bir necha marta qayta oʻzgartirilgan boʻlsa ham mohiyati deyarli oʻzgarmadi.
Umuman olganda, bu g‘oya nazariy jihatdan yomon emas edi: o‘zlashtirishi past bolalarni aniqlash va “raqobatdosh maktablar” mamlakatdagi ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ko‘zlangan. Biroq amalda dasturning ko‘plab kamchiliklari aniqlandi.
Masalan, bunda asosiy yuk maktablarga tushdi. Natijalarining yomonligi maktablar jazolanishi, oʻqituvchilarni almashtirish, direktorni ishdan olish, hatto maktabni tarqatib yuborishgacha borardi. Albatta, AQSh qonunchiligiga koʻra shtatlar bu qonunni qabul qilishi, shartlariga rozi boʻlishi majburiy emasdi, lekin maktablari talablarni bajarmagan shtatlar davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ni kamroq olardi yoki undan butunlay mahrum qilinardi.
Shunday qilib, shtatlar maktablarining ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib tuyulishi va raqobatbardosh bo‘lishi uchun testlarni yengillashtira boshladi. Yuqori guruhlardagi ushbu jarayon jadallashib ketti, ammo aksariyat o‘qituvchilar o‘quv jarayoni ko‘p jihatdan bolaning aqliy rivojlanishiga emas, balki testlarni muvaffaqiyatli yechishga qaratilganligidan norozi edi. O‘qituvchilarni tayinlash bo‘yicha yuqori standartlar ko‘p hollarda o‘qituvchilar yetishmayotgan haqiqiy vaziyatga (ayniqsa kichik shaharlarda) to‘g‘ri kelmasdi. Natijada pedagogik kadrlarning keskin tanqisligi yuzaga keldi. Shuningdek, oʻquvchisi kam, kambagʻal qatlam oʻqiydigan, moliyaviy ahvoli ogʻir maktablar endi yanada qiynala boshladi. Ular endi bepul repititorlik guruhlarini ochishni boshladi. Ya’ni oʻqituvchilar qoʻshimcha ishga jalb qilindi, lekin oʻqituvchi buning uchun haq olmasdi.
Yaxshi oʻzlashtirib turgan oʻquvchilar yaxshiroq maktablarga ketib qola boshladi, bu esa qiynalib turgan maktabni yanada qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Chunki reytingda yaxshi oʻqiydigan oʻquvchining natijasi yomon oʻqiydigan oʻquvchinikiga qoʻshilib oʻrtacha hisob chiqarilardi. Bu yaxshi oʻqiydigan oʻquvchi uchun adolatsizlik edi. Mana shunday qator kamchiliklar sabab, 2015-yilga kelib, loyiha partiyalar tomonidan tanqidga uchradi va “ Hech bir bola e’tiborsiz qolmaydi” loyihasi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, o‘rniga boshqa loyiha tavsiya etildi.
AQSH ta’limda yo‘l qo‘ygan ushbu xatosining salbiy oqibatlari bilan mana bir necha yildirki kurashib kelmoqda. Masalan, PISAning so‘nggi natijalariga ko‘ra, AQSH ta’lim sifati bo‘yicha 70 foiz bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga kirganini hisobga olgan holda ikkinchi o‘rinda turganiga qaramay, matematika va tabiiy fanlardan reytingda ortda qolyapti. The New York Timesda chop etilgan “ It Just Isn’t Working’: PISA Test Scores Cast Doubt on U.S. Education Efforts “ (Tizim shunchaki ishlamayapti: PISA imtihon natijalari AQShning ta’limdagi islohotlariga shubha uyg‘otdi) nomli maqolada Garvard Oliy ta’lim maktabi professori Daniel Koretzning, “ta’lim siyosatidagi islohotlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, chunki u ishlamayapti”, deya ta’kidlaydi.
Rossiyada ham reytinglar bahsli mavzu hisoblanadi. Chunki, maktab ta’limi sifati bolalarning imtihondagi natijalari va fan olimpiyadalaridagi g‘alabalari bilan baholanadi. Ota-onalar farzandlarini maktabga berishda ushbu reytinglarga e’tibor qaratadi. Shundan kelib chiqib, ko‘pchilik maktablar o‘z reytigini yaxshilash uchun faqat qobiliyatlilarni maktabga qabul qilishni xohlaydi. Ko‘p hollarda esa o‘rta sinflarda o‘qituvchilarning o‘zlari ota-onalarga repititor olishni maslahat beradi, chunki bola maktabning yuqori ko‘rsatkichlarini “ buzishi” mumkin.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan umumtaʼlim maktablari reytingini eʼlon qilindi. Unga bag‘ishlangan anjumanda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ma’lumot berilishicha, maktablarning ranglar bo‘yicha toifaga ajratilishida endi nafaqat bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi , balki kirish imtihonlaridagi to‘plagan o‘rtacha bali ham hisobga olinadi. Masalan, reyting natijalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, eng yuqori oʻrinlarni Navoiy, Buxoro viloyatlari egallagan. Biroq, aslida bunday natijani aynan maktab ta’limi berdi deya olamizmi? Boisi, Buxoroda repititorlik qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilgani hech birimizga sir emas. Hattoki ba’zi bolalar maktabga bormay asosiy vaqtini maxsus tayyorlov kurslarida o‘tkazayotgani, yotib o‘qiyotganini hisobga olsak, bu natijalar o‘zini-o‘zi aldash bilan barobar.
Joriy yilda turli oliy ta’lim muassasslariga kirgan, 20ta talaba o‘rta s ida kichik so‘rovnoma natijasi shuni ko‘rsatdiki, ulardan 15 nafari repititorga yillar davomida qatnab yaxshi ball bilan o‘qishga kiryapti, qolgani super kontraktga kirgan, shunga ham ilinmagani, shartnoma asosida katta pul to‘lab xorijiy OTM talabasiga aylangan. Ushbu vaziyatning o‘zi ham ayni damda maktablarni bu jihatdan toifalashtirish asossiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, abituriyentning imtihonlarda muvaffaqiyat qozonishi faqat uning bilimiga emas , balki, oilasining moliyaviy va ijtimoiy ahvoli kabi maktab ta’sir doirasidan tashqari omillarga ham bog‘liq.
Maktabning asosiy vazifasi qayerda qoladi?
Bunday toifalashtirishda maktablar bitiruvchilarga kerakli bilimlarni bermay, natija uchun faqat testlarga tayyorgarlik ko‘rmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Shusiz ham ko‘plab 11-sinf o‘quvchilari deyarli “sirtdan” o‘qiyapti.
— Hozir maktabi “qizil”ga tushib qolmasligi uchun aksariyat direktor va o‘qituvchilarning o‘zi repetitorga borishga imkoniyat yaratib berishyapti, — deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 286-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sanobar Berdiyeva. — Chunki birinchidan, OTMga kirish uchun faqat maktab programmasi kamlik qiladi. Har bir fanning o‘z dasturi va rejasi mavjud. O‘qituvchi undan chiqolmaydi. Dars soatlarini esa ko‘paytirib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, OTMga kirish darajasida bilim berilsa ham sinfda o‘quvchi soni ko‘p, hammaga birday yetkazishning iloji yo‘q.
Darhaqiqat, o‘qituvchining vazifasi ta’lim standartidagi talab va maqsadlarga erishish. Masalan, adabiyot o‘qituvchisi “Mehrobdan chayon” asari yuzasidan o‘quvchilar bilan fikr almashyapti deylik, bunda ularga asarni chuqurroq tushunishga va hayotiy xulosalar chiqarishda yordam berishi lozim. O‘qituvchi esa buning o‘rniga kirish imtihonlarida abituriyentlarga adabiyotdan tushadigan “Anvarning: … zero, zulmi naqadar kuchaysa, uning umri shuncha qisqa bo‘lishi tajribalar bilan sobitdir”, — so‘zlari kimga nima maqsadda aytilgan? Anvarni o‘z ixtiyori bilan xon huzuriga borishdan qaytarolmagan Qobilboy nima uchun ukasining xayrlashuviga javob bermay chiqib ketadi?” qabilidagi savollar bilan darsini o‘tkazsa. Axir, mutolaadan maqsad mayda detallarga e’tibor berish yoki asarni yodlash emas (bunday savollarni anglash uchun hatto adabiyotshunoslar ham bir qayta o‘qib olsa kerak!), aksincha, fikrlash doirasini kengaytirish, ma’naviy ozuqa olish, xulosa chiqarish. Xo‘sh, o‘qituvchi kelajakda asqatadigan bilim, ko‘nikmalarni shakllantirish o‘rniga faqat bir kunlik testda kerak bo‘ladigan hayot uchun deyarli ahamiyatsiz ma’lumotlarni yodlashga o‘rgatsa, maktabning asosiy vazifasi qayerda qoladi?
Bugun ayni mavzu o‘qituvchilar uchun og‘riqli bo‘lib qolmoqda. Repetitorlikda testga tayyorlovchi maxsus reja va me’zonlar mavjudligi bois birituvchilar ularga ko‘proq ishonadi. Bu haqida Romitan tumanidagi 1-maktabning oliy toifali ingliz tili fani o‘qituvchisi Shoira Bozorova shunday deydi:
— Oliy o‘quv yurtiga kirishni ko‘rsatgich qilib qo‘yilganidan beri bitiruvchi sinf o‘quvchilari kurslarga ketib qolyapti. Ayrim kursga bormaydiganlar ham panada qolib hunar o‘rganish va uy ishlarini bajarish bilan ovora.
Maktabdan esa davomat talab qilinadi. 10-11-sinf rahbarlari yuragini hovuchlab o‘quvchilarga telefon qilib orada ancha asabbuzarliklar bo‘lyapti. Tayyorlov kurslari darsga halaqit bermasligi kerak. O‘quvchilar darsdan qolib kurslarga borsa xavfsizligi uchun kim javobgar bo‘ladi va ularga qanday baho qo‘yamiz?...
…baholash tizimi past natija ko‘rsatgan maktablarni jazolashga emas, aksincha…
Dunyo tajribasiga nazar tashlasak, maktablarning ta’lim sifatini baholash milliy dasturlari ko‘plab mamlakatlarda amal qiladi. Masalan, Germaniya, Polsha, Finlandiya, Norvegiya, Kanada, Angliya kabi davlatlarda bu tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, Germaniya taʼlimi baholash tizimida ikkita asosiy yoʻnalish mavjud. Ulardan birinchisi, Madaniyat va ta’lim vazirligining boshchiligida o‘tkaziladigan milliy imtihonlardir. Ikkinchi yo‘nalish — Ta’lim sifatini rivojlantirish instituti (IQB) tomonidan olib boriladigan VERA-3 va VERA-8 tadqiqotlari.
Madaniyat va taʼlim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan milliy imtihonlar boshlangʻich maktablarda har 5 yilda, oʻrta maktablarda 3 yilda bir marta oʻtkaziladi. VERA-3 va VERA-8 bo‘yicha tadqiqotlar 3 va 8-sinflarda amalga oshiriladi. Tadqiqotda har yili barcha maktablarning o‘quvchilari ishtirok etadi. Asosiy maqsad maktab va o‘qituvchilar faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishlarini aniqlash uchun tahliliy bazani shakllantirishdan iborat. Natijalar bir necha hafta ichida chiqadi. Sinov natijalari ommaga e’lon qilinmaydi. Chunki, milliy baholash tizimi past natija ko‘rsatgan maktablarni jazolashga emas, aksincha, past natijalarga erishgan maktablar uchun qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, ta’lim sifati yuqori deb baholanadigan ko‘plab davlatlarda maktablar ta’lim sifatini baholash milliy dasturlari ta’limni rivojlantirish, maktablarning o‘z kuchli va zaif tomonlarini anglashiga, rivojlanish maqsadlarini aniqlab olishi uchun o‘tkaziladi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki , maktablarning qizil, sariq, yashil kabi toifalarga ajratilishi yuqorida ta’kidlanganidek, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki, qizil maktablarning rahbariyati, oʻqituvchilari ma’lum huquqlaridan mahrum boʻlib, kamida direktori ishdan chetlatiladi. Jumladan, toifalashtirish avvalida, “qizil maktab” toifasidagi maktablarning direktori lavozimiga “yashil”, yaʼni taʼlim sifati koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan maktablarning amalda ishlab turgan oʻrinbosarlari, yosh, tashabbuskor, bilimli, rahbarlik qobiliyatiga ega boʻlgan fan oʻqituvchilari nomzodini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarida uch yillik rivojlantirish dasturlarini himoya qilgan holda lavozimga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlangan edi. Aslida, ta’limdagi muammolarning yechimi aybdorni topish yoki jazolashda emas, yordam berish yoʻllarini izlash bo‘lishi kerak. Qolaversa, ayni paytda maktab oʻquvchining ta’limi bilan birga tarbiyasiga ham javobgar, endi buning ustiga o‘qishga kirish-kirmasligiga ham javob bersa asosiy vazifasidan chalg‘iydi.
M amlakatning global va kuchli raqobatbardoshligi, jahon iqtisodiyotidagi muvaffaqiyati uning gaz va neft zaxiralari bilan emas, balki fuqarolarning bilimi va aql-zakovati bilan belgilanadi. Shu bois ta’limda ko‘r-ko‘rona islohotlarga o‘rin yo‘q. Maktabdan natijani so‘rashdan oldin sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, kerakli darsliklar bilan vaqtida ta’minlash, korrupsiyani yo‘qotish, moddiy-texnik bazani yaxshilash kabi qator masalalarni ijobiy hal etish lozim. Bugun dunyoda ta’lim sifati bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda turgan davlatlarda o‘qituvchilik eng nufuzli va ko‘p maosh to‘lanadigan kasblardan ekanligini hisobga olishni unutmaylik. Zero, o‘qituvchilardan ham jahon standartlariga javob berishni talab qilarkanmiz, avvalo, ularni o‘quvchisi ko‘chada nima bilan band, testga tayyormikin, yoki oylikdan-oylikka qanday yetib olish kabi o‘y-tashvishlardan xalos etish, moliyaviy rag‘batlantirib, o‘z ustida ishlash uchun zamin yaratish kerak.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri