“Qay yong‘aki azm etsam, yonimda borur mehnat...”
“Qay yong‘aki azm etsam, yonimda borur mehnat...”
umumiy o‘rta ta’limda Bobur ijodining o‘rganilishi
Maktabda o‘qitiladigan umumta’lim fanlari orasida adabiyot fanining alohida o‘rni bor. Chunki u bolalarga so‘zni his qilishni, matn mazmunini anglashni o‘rgatadi. Bu ikki ko‘nikmaga ega bo‘lgan o‘quvchi boshqa fanlarni ham oson o‘zlashtiradi.
“Umumiy o‘rta ta’limda adabiyot fanini o‘qitishni rivojlantirish konsepsiyasi”da badiiy asarlarni tanlash mezonlari ko‘rsatilgan:
– asarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi, sog‘lom e’tiqod va ilmiy dunyoqarash hamda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishdagi ahamiyati;
– ta’limning har bir bosqichidagi o‘quvchilarning yosh, aqliy va jismoniy imkoniyatlariga mosligi;
– o‘quvchilarga taqdim qilinayotgan materiallarning qiziqarli, tushunarli va hayotiy bo‘lishi (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazi: Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi: Adabiyot: 32–34-betlar).
Umumiy o‘rta ta’limda Bobur ijodining o‘rganilishini shu nuqtayi nazardan qarasak, asarlari to‘g‘ri tanlanganmi? Maqolada shu savolga javob topishga urinib ko‘ramiz.
Umuman, umumiy o‘rta ta’lim adabiyot fani dasturida klassik adabiyotimiz, jumladan Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganishga keng o‘rin berilgan. Maktab o‘quvchilari Bobur shaxsi bilan 3-sinfda tanishib boshlaydi: “Bobur va kabutar” rivoyati (1 soat), “Sayilda” (Mirzo Karim, 1 soat).
4-sinfda “Hidi, tilimi va mazasidan” (1 soat).
Boshlang‘ich sinflarda bolalarda shoir shaxsi, hayoti va ijodi haqida dastlabki muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida Bobur haqidagi materiallar berilgan bo‘lsa, o‘quvchilar shoir ijodi bilan 5-sinfdan boshlab tanishadilar.
5-sinf darsligida Bobur hayoti va ijodini o‘rganishga 2 soat ajratilgan bo‘lib, shoir hayoti haqida qisqacha matn, 4 ta ruboiysi tahlili hamda 10 ta ruboiysi berilgan.
Bobur hayoti va ijodi bilan tanishuv 10-sinfda davom etadi:
a) qisqacha biografiyasi;
b) mashhur kishilarning Bobur haqidagi fikrlari;
d) “Boburnoma”dan parcha – 912(1506-1507-yil voqealari; 936(1529-yil voqealari);
e) “Boburnoma” haqida” matni.
Ushbu mavzularni o‘rganishga 5 soat ajratilgan.
11-sinfda o‘quvchilar 3 soat davomida:
a) Bobur haqidagi fikrlar;
b) 3 ta g‘azalining tahlili;
d) “Bobur lirikasi” matni bilan tanishadi.
5-sinf darsligida shoirning mashhur “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir” deb boshlanadigan ruboiysi shunday talqin qilingan: “Chindan ham bu uning hayotdagi shiori edi. Zamon haqsizliklari ichida yurgan shoir o‘z hukmdorligi davrida yaxshiga – yaxshi, yomonga – yomon bo‘lishga harakat qildi. Vafoga – vafo, jafoga jafo qaytardi”. Bu hukm garchi to‘g‘ri bo‘lsa-da, 11-12 yoshli bolalarning tushunchasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki milliy tarbiyamizda yomonga yomon bo‘lish, jafo qilganga jafo qaytarish taqiqlanadi.
Balki, umuman darslikda o‘quvchiga bunday yo‘sinda tahlil qilib berish o‘rniga uni asarni mustaqil tushunishga yo‘naltirish muhimroqdir.
10-sinf darsligida “Boburnoma”dan parcha – 912(1506-1507-yil voqealari; 936(1529-yil voqealari) berilgan. Bu payti Bobur mirzo Kobulni egallab, davlatini mustahkamlash harakatida, shimoldan Shayboniyxon hujum qilish xavfi bor bir davr edi. Sulton Husayn Boyqaro vafot etgach, o‘g‘illari Badiuzzamon mirzo va Muzaffar mirzo Hirot taxtiga sherikchilikda o‘tirgan payt.
1506-1507-yil voqealari bayonidan o‘quvchilar e’tiborini tortishi mumkin bo‘lgan muhim fakt: Bobur mirzoning Hirotda bo‘lgan payti Alisher Navoiyning uyida turishi, Navoiy davrida qurilgan inshootlar ta’rifi vositasida Hirot o‘sha payt yirik adabiy, madaniy markazga aylangani haqida ma’lumotga ega bo‘ladilar.
1529-yil voqealari bayoni esa “Boburnoma”ning so‘nggi sahifalaridir.
Bu ikki parchadan o‘quvchilar Bobur podshohning:
a) oddiy inson sifatidagi fazilatlari (masalan, Hirotdan Kobulga qaytishda odamlariga qo‘shilib qor tepganlari);
b) ota sifatida farzandlarini qanchalik suyishi (Humoyun mirzoni sog‘inib, ko‘rgisi kelib turganlarida, kutilmaganda o‘g‘lining kirib kelishi qanchalik quvontirgani) haqida ma’lumotlarga, tasavvurga ega bo‘ladi.
Bu tasvirlar o‘quvchilarni Bobur mirzo shaxsiga yaqinlashtiradi.
Zamondoshlariga ta’rif berayotganda hech kimni, hatto o‘zini ham ayamagan, to‘g‘riso‘zligi, adolati bilan necha asrlarki butun jahondagi muxlislarining hayratiga, e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotgan hazrat Bobur mirzo oilasini nihoyatda qadrlagan, farzandlarini behad sevgan:
“Va Muhammad Humoyun, bir yili edikim, Badaxshonda diydorlardin ayru tushub edi, so‘ngra bizni sog‘inib, Badaxshonni Mirzo Sulaymonkim, aning kuyovi edi, topshurub, bir kunda Kobulg‘a kelur. Va Mirzo Komron Qandahordin Kobulg‘a kelgan ekandur. Iydgohta muloqot qilib, hayron bo‘lub, tavajjuh sababini so‘rabtur. Va Muhammad Humoyun bizni ishtiyoqimizni aytib Mirzo Hindolni Kobuldan Badaxshong‘a yiborub, bizning tarafg‘a yura berur. Bir necha kunda dorulxilofa, Agraga yetib, o‘shul soatkim, biz aning onasi bilan otini tutub, so‘zlashib o‘lturub edukkim, yeta-o‘q keldi. Ko‘ngullar gul yanglig‘ ochilib, ko‘zlar chirog‘dek yorudi. Muqarrar har kuni chashn edi, lekin aning o‘zig‘a to‘y berib, xushhollig‘lar qilduk. Va necha muddatgacha bir yerda bo‘lub, musohibona bir-bir bilan suluk qilur erdik. Va alhaq suhbatta bebadal edi va insoni komilkim derlar, o‘shal edi”.
Bu satrlar “Boburnoma”ning so‘nggi sahifalaridan birida qayd etilgan. Otalik — ulug‘ ne’mat, cheksiz baxt va ulkan mas’uliyat. Otalik mehri qalblarni titratadigan, ko‘zlarni yoshlatadigan, baxtingni butun
qiladigan qudratga ega.
“Qay yong‘aki azm etsam, yonimda borur mehnat, Qay sorig‘a yuzlansam, o‘trumg‘a kelur qayg‘u. Yuz mehnatu g‘am ko‘rgan, ming dardu sitam ko‘rgan, osoyishi kam ko‘rgan mandek yana bir bormu?” deya nola chekkan ko‘ngilning umr poyonidagi ta’riflarga sig‘mas farog‘atli damlaridan bir parcha muhrlangan bu lavhada. Ulug‘ insonning oddiy inson, farzandi-jigarbandini sog‘ingan bir ota sifatidagi quvonchi aks etgan. Diydor quvonchi...
Ushbu satrlari bilan ham Mirzo Bobur sizga, menga, har birimizga yaqin, juda yaqin inson sifatida gavdalanadi...
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, “Boburnoma”dan ushbu parchaning 10-sinf darsligiga kiritilishi hayot haqida tasavvurlari ancha-muncha shakllanib ulgurgan o‘smirlarning tafakkuri kengayishiga xizmat qiladi, deyish mumkin.
Pedagogika va ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilovning fikricha, “Adabiyot fani yozuvchilar va ularning asarlari haqidagi tayyor ma’lumotlarni yod olishga emas, balki matn tahlili vositasida o‘quvchilarni tanqidiy fikrlashga, empatiyaga(birovning quvonch va g‘amiga sherik bo‘la olishga) o‘rgatish, emotsional intellektni rivojlantirish, turfa olamlar va madaniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladigan fan bo‘lmog‘i lozim”.
Shu jihatdan qarasak, umumiy o‘rta ta’limda Bobur ijodining o‘rganilishi bo‘yicha ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanadi:
1. 5-sinfda Bobur hayoti haqida qisqacha ma’lumot berilgan. 10-sinfda ham takrorlangan.
2. 5-sinfda Bobur hayoti haqida hikoya qilinganda “Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi...” deb boshlanadigan ruboiy keltirilib, shoh va shoir iztiroblari
bayon etilgan. 10-sinfda ham xuddi shu ruboiy keltirilib, Boburning o‘z tug‘ilgan yurtida emas, Hindistonda davlat qurgani ta’kidlangan.
3. 10-sinf darsligida mashhur kishilarning (“Tarixi Rashidiy”dan, Hasanxo‘ja Nisoriy, Javoharla’l Neru, Monstyuart Elfinston, Rumer Goden, Pirimqul Qodirov) Bobur haqidagi fikrlari berilgan. 11-sinf darsligida ham g‘azallar tahlili berilishidan oldin Sayid Sabohiddin Abdurahmon va Denison Rossning Bobur haqidagi fikrlari keltirilgan.
4. 10-sinf darsligidagi “Boburnoma”dan parchalar asliyat emas, hozirgi o‘zbek adabiy tiliga tabdildir. Bu esa o‘quvchilarni mustaqil izlanishdan, jumladan, lug‘atlar bilan ishlashdan “ozod qiladi”.
Shu o‘rinda darsliklarda berilgan savol-topshiriqlarning metodik sifatiga ham to‘xtalib o‘tsak. Masalan, 11-sinf darsligida “Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim” matla’li g‘azal tahlilidan keyin keltirilgan ayrim savollar o‘quvchini fikrlashga, mustaqil tahlilga undamaydi, balki asosan darslik muallifi bergan tayyor tahlilni qaytarishga undaydi. Misol uchun: “4. Xazon yaprog‘i bilan lirik qahramon o‘rtasida qanday yaqinliklar kuzatiladi? 5. G‘azaldagi gul bilan bog‘liq obrazlarni belgilang. Ularning vazifasini tushuntiring (164-bet)”.
Xulosa sifatida: umuman olganda, umumiy o‘rta ta’lim adabiyot fani dasturida Bobur asarlari to‘g‘ri va o‘rinli tanlangan. Taklifim – “Boburnoma”ni o‘rganishga ko‘proq soat ajratilsa maqsadga muvofiq. Chunki bu nodir asarni biologiya (tabiatshunoslik, botanika, zoologiya), geografiya, tarix, tarbiya kabi o‘quv fanlari bilan integratsiyalashtirib o‘qitish mumkin.
Husan Nishonov