Qiziqarli va bahs munozaraga boy bo‘lgan bilimlar
Qiziqarli va bahs munozaraga boy bo‘lgan bilimlar
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Jahon tillari universiteti o‘rtasida imzolangan memorandumning ijrosini ta’minlash maqsadida , talaba yoshlarda xorijiy tillar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, yurt kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qiluvchi, jahonda raqobatdosh yosh iste’dod egalari hamda intellektual salohiyatli har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash yuzasidan samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2022-yilning 28-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi FVV A kademiyasi O‘quv kurslari kursantlari va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari o‘rtasida “ Chet tillarni o‘rganishning turlicha yondashuvlari: muammo va yechimlar ” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni mustaqil fikrlay olish qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘z fikrini chet tillarda ham erkin bayon qila oladigan intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yosh kadrlarni shakllantirish, ularning nafaqat sohaviy bilimlarini, iste’dodlarini, qobiliyatlarini balki zamonaviy innovatsion texnologiyalar borasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada shakllantirishdan iborat.
Anjumanda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar, talaba yoshlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanni Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, bugungi anjuman turdosh oliy o‘quv yurtining talaba yoshlari bilan hamkorlikda bilimlar bellashuvi tarzida o‘tkazilayotgani ta’kidlab, jamoalarga omad tilagan holda, mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bugungi kunning yoshlari xorijiy tilni talab darajasida egallashliklarini, xorijiy tillarni mukammal o‘qitish uchun barcha sharoitlar yaratilganini, turli to‘garaklar tashkil etilganligini, Akademiyada ham kursantlarning nafaqat chet tillarini o‘rganishlari balki barcha fanlardan yuksak bilimga ega bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar yetarli ekanligini alohida ta’kidladi.
Yuqori savida tashkil etilgan, bilimlar bellashuvi tarzida o‘tkazilgan anjuman doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalaridan tarkib topgan “PRESTIGE” hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlari jamoasidan tarkib topgan “RESCUERS” jamoalari o‘zaro 4 shartlar bo‘yicha qiziqarli chiqishlarini namoyon qildilar.
Qiziqarli va bahs munozaraga boy bo‘lgan bilimlar maydonida “PRESTIGE” va “RESCUERS jamoalari birinchi shart: “Tanishtiruv” shartida har bir jamoa o‘z ishtirokchilarini, jamoa nomlari va shiorlarini ingliz tilida tanishtirib o‘tdilar, ikkinchi shart: “Kusantlar va talabalar hayotidan hajviy videolavhalar namoyishi” shartida har ikki jamoa o‘zlarining kundalik o‘qish faoliyatidan olingan qiziqarli lavhalar asosida tayyorlagan hajviy videokliplarini namoyish etdilar, uchinchi shart: “Muammoli vaziyat” shartida esa hakamlar hay’ati tomonidan berilgan muammoli vaziyat bo‘yicha o‘z mahoratlarini ishga solgan holda, yumorga yo‘naltirib, vaziyat yechimini mohirona tarzda topa olishlarini isbotladilar, va nihoyat to‘rtinchi shart: “Erkin mavzuda sahna ko‘rinishi” shartida o‘zlarining erkin ijodiy mahoratlarini, iste’dodlarini va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Mazkur do‘stona ruhda o‘tgan bilimlar bellashuvida barcha shartlar bo‘yicha jamoalar chiqishlarini hakamlar hay’ati tomonidan 10 ballik baholash mezoni asosida baholab borildi.
Anjuman yakunida barcha shartlar bo‘yicha yig‘ilgan ballar natijalariga ko‘ra, 36 ball bilan “RESCUERS” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 26,2 ball bilan “PRESTIGE” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Anjumanda sovrinli o‘rinni egallagan jamoalarga hamda faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan diplom, sertifikat, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandilar.
— O‘tgan asr boshidagi ma’rifat fidoyisi Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyo donishmandlari asarlaridan xabardor bo‘lish, jahon adabiyoti durdonalaridan chinakamiga lazzatlanish, shuningdek zamonasini anglash, taraqqiyot uchun chet tilini bilish o‘ta muhimligini ta’kidlagan. U millat farzandlari o‘z nafi, jamiyatda muhim mavqe va obro‘ga ega bo‘lishi uchun xorijiy tilni bilish zarurligi to‘g‘risida so‘zlab, qat’iyat bilan “Xulosa, bugun bizga to‘rt tilga tahrir va taqrir etuvchilar kerak”, deya bong urgan edi” deydi — podpolkovnik Malohat Badalbayeva — Albatta bugungi do‘stona bellashuv - yoshlarning chet tillarida ravon va mukammal so‘zlay olishlariga, soha sirlarini mukammal egallashlariga, iqtidorlarini namoyon eta olishlariga hamda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada shakllantirishga xizmat qiladi.
— Biz yoshlar bugungi anjumandan o‘zimizga xorijiy tillarni tez va oson o‘rganish usullarini va uni sohaga qanday samarali tatbiq etish sir-asrorlarini o‘rganib oldik deydi — Akademiya 4-bosqich kursanti Akbar Xursanov — shu bilan bir qatorda olgan nazariy bilimlarimiz asosida amaliyotda xorijiy tillarni mukammal bilgan holda sohadagi ilmiy izlanishlarimizni yanada takomillashtirishga dastur amal bo‘ladigan anjuman bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Farhodjon XOJAYEV,
FVV Akademiyasi
katta o‘qituvchisi